Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.01.2018 11:23 Chop etish versiyasi

Payariqlik ona askar o‘g‘lini kutilmaganda Registon maydonida uchratdi

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni

Payariqlik Nilufar Haydarovaga tuman hokimligi vakillari dushanba kuni ertalab Samarqand shahridagi Registon maydoniga borishi zarurligini aytishganida o‘g‘li bilan shu yerda uchrashishi xayoliga ham kelmagan edi.

– Viloyatimizning barcha tuman, shaharlaridan kelgan ayollarni ko‘rib, xotin-qizlar qo‘mitasi biror tadbir uyushtirgandir-da deb o‘yladim, – deydi N.Haydarova. – Boshqalardan so‘rasam, ular ham nima sababdan chaqirishganini bilmasliklarini aytishdi. Birozdan so‘ng viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, harbiy xizmatchilar kelib, bugun harbiy xizmatni o‘tayotgan farzandlaringiz bilan uchrashasizlar, deyishganida avvaliga hayron bo‘lib bir-birimizga qaraymiz, deng. Keyin quvonchdan chapak chalib yuboribmiz. Bir lahzadan so‘ng qo‘lida guldasta ko‘tarib, biz tomon shaxdam qadamlar bilan kelayotgan askarlar orasida o‘g‘lim Shahbozbekni ko‘rdimu yugurib borib, bag‘rimga bosdim.

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Samarqand viloyati hokimligi, mudofaa ishlari boshqarmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan “Askar onalarini sharaflaymiz!” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbirda samarqandlik onalar Buxoro viloyatida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan farzandlari bilan uchrashdi.

Registon maydonidagi diydorlashuvdan so‘ng ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydi. Samarqand shahridagi tarixiy obidalar, muzey va madaniyat maskanlariga sayohat uyushtirildi.

Askarlar va onalarning bir piyola choy ustida davom etgan uchrashuvida Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari M.G‘afurova tadbir ishtirokchilarini Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi. Yurtimizda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy muhofaza qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zladi.

Askarlar o‘zlari xizmat qilayotgan harbiy qismlarda yaratilgan sharoit va imkoniyatlar, xizmat jarayoni haqida gapirib berdi. Farzandlari bilan kutilmagan uchrashuvdan qalbi hayajonga to‘lgan onalar esa bu shirin diydor uchun tashkilotchilarga minnatdorlik izhor etdi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 547