O‘zA O`zbek

12.09.2020 Chop etish versiyasi

Paxta yigʻim-terimida majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmaydi

Paxta yigʻim-terimida majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmaydi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida paxta yigʻim-terimi mavsumi boshlanishi munosabati bilan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Qoraqalpogʻiston kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi mutaxassislari mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillariga yigʻim-terim ishlariga tayyorgarlikning borishi, mavsumni majburiy mehnatga yoʻl qoʻymasdan tashkil etish, terimchilar va hududlardan borgan xasharchilar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berishdi. Shuningdek. mavsumiy ishchilarni yigʻim-terimga jalb etishda mehnat qonunchiligiga, sanitariya-gigiyena talablariga qatʼiy rioya etish va boshqa dolzarb masalalarga toʻxtalishdi.

photo_2020-09-12_11-53-32.jpg

Taʼkidlanganidek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida joriy yilda 86 ming 291 gektar maydonga chigit qadalib, shundan 196 ming tonna paxta xomashyosini yetishtirish rejalashtirilgan. Mamlakatimizning barcha hududlari singari Orolboʻyida ham paxta-yigʻim terimi boshlandi. Yigʻim-terim ishlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish, yetishtirilgan “oq oltin”ni nes-nobud qilmasdan terib olish maqsadida joylarda 1606 ta otryad tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respubliksi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 8-sentyabrdagi “2020-yil paxta hosilini yigʻib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun birinchi terimda-1000 soʻmdan, ikkinchi terimda-1400 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mehnat haqi toʻlanadi.

photo_2020-09-12_11-53-52.jpg

Bundan tashqari, mazkur qarorga muvofiq paxta-toʻqimachilik klasterlari va kooperatsiyalari tomonidan jalb etilgan terim otryad rahbarlariga 2 million soʻmdan mehnat haqi, Qonlikoʻl, Qoraoʻzak, Kegayli, Qoʻngʻirot, Taxtakoʻpir, Xoʻjayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlarida yigʻim-terimga terimchilarni jalb etish maqsadida har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun 200 soʻmdan ustama haq toʻlash belgilandi.

Joriy yilgi paxta yigʻim-terimida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik maqsadida fermerlar, paxta-toʻqimachilik klasterlari rahbarlari ishtirokida seminarlar tashkil etildi. Har bir tumanning aholi gavjum joylariga “Sizni paxta terimi yoki boshqa ishga majburlayaptimi” mavzusida 3 tadan jami 51 ta banner oʻrnatildi. Aholi oʻrtasida shu mavzuda 10 mingdan ziyod eslatma varaqasi tarqatildi.

photo_2020-09-12_11-53-25.jpg

Banner va eslatma varaqasida vazirlikning ishonch telefoni raqamlari, mehnat huquq telegramm boti koʻrsatilgan boʻlib, majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilgan taqdirda fuqarolarning tegishli idoralarga murojaat etishi uchun imkoniyat yaratildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida belgilangan tartibda 81600 nafar terimchi bilan shartnoma imzolandi.

Tadbir ishtirokchilari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdilar.


5 270
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA