Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.02.2018 18:19 Chop etish versiyasi

Pasport tizimi va propiska masalalari bo‘yicha qarorlar loyihalari tayyorlandi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan loyihalarda nimalar nazarda tutilmoqda? Bu haqda O‘zA muxbiriga Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xudoyor Meliyev quyidagilarni ma’lum qildi:

– «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili" Davlat dasturida pasport tizimi va propiska masalalarida fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan qoidalar o‘rin olgani ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Davlat dasturida qo‘yilgan talablar asosida pasport tizimi va propiska masalalari bo‘yicha qarorlar loyihalari tayyorlandi.

Xususan, loyihalarda pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf qilish nazarda tutilgan.

Doimiy yoki vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmagan) fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish ko‘zda tutilgan.

Voyaga yetmagan shaxsning belgilangan muddatda pasport olmaganligi uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish, mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligini bekor qilish; mavsumiy ishlarga (qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda) jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lgan fuqarolar uchun ko‘chmas mulk sotib olish bo‘yicha amaldagi talablarni soddalashtirish, Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskaga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun asossiz spekulyatsiyaning oldini olish choralarini ko‘rgan holda ikkilamchi bozordan ko‘chmas mulk sotib olishga bo‘lgan cheklovlarni bekor qilish loyihada o‘z ifodasini topdi.

Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida vaqtincha propiskasiz (yashash joyi bo‘yicha hisobga turmasdan) bo‘lish muddatini uzaytirish; vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilgan.

Loyihalar matnlari bugun 19.00 da Adliya vazirligining telegramdagi "Huquqiy axborot" kanalida va vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
14 875