O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Pasport, propiska, fuqarolik - dolzarblikni yo‘qotmaydigan mavzular

Pasport, propiska, fuqarolik - dolzarblikni yo‘qotmaydigan mavzular

Poytaxtimizda ichki ishlar organlarida migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida matbuot anjumani tashkil etildi.

Qayd etilganidek, joriy yilning o‘n oyida Prezident farmoni asosida 4 ming 951 fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasining quyi tizim xodimlari tomonidan 847 ming 317 nafar fuqaro biometrik pasport bilan hujjatlashtirildi. 781 ming 376 nafar fuqaroga esa xorijga chiqish biometrik pasport rasmiylashtirildi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonga 56 davlat fuqarolariga vizasiz kelish va 30 sutkagacha bo‘lish imkoniyati yaratilgan.

111 davlat fuqarolariga respublikamiz hududida ko‘chmas mulk sotib olish va yashash guvohnomasi olish huquqi, 76 davlat fuqarolariga elektron viza rasmiylashtirish, bundan tashqari “Vatandosh“, “Investitsiya“ vizalari hamda “Faxriy fuqaro“ guvohnomasi joriy etildi.

Qulay sharoitlar yaratilishi natijasida joriy yilda 7 millionga yaqin xorijiy fuqarolar O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

7 mingga yaqin chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mamlakatimiz hududida bo‘lish qoidalarini buzib yashagani aniqlanib, ularga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rilgan.

Toshkent shahriga propiskaga qo‘yish masalasi matbuot anjumanida ko‘p bor tilga olingan masala bo‘ldi.

Joriy yilda 32 ming 380 fuqaro poytaxtga doimiy propiskaga qo‘yilgan. Shu jumladan, Toshkent viloyatiga 7 ming 462 fuqaro propiskaga olingan.

Biroq, poytaxtda ishlayotgan, propiskaga ega bo‘lmayotgan, buning ortidan muammolarga duch kelayotganlar hamon mavjud.

Toshkent shahri va viloyatida vaqtincha hisobda turganlar soni ayni paytda 173 ming 140 nafarni tashkil etayotir.

Mutasaddilar bu borada qulayliklar yaratishga harakat qilinayotganini aytib o‘tdi.

268
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA