O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Partiyaning saylovoldi mitingi davom etmoqda

Partiyaning saylovoldi mitingi davom etmoqda

Navoiy shahridagi “Yoshlar xiyoboni”da O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi tomonidan “Birmiz! qo‘lni qo‘lga beramiz!” shiori ostida navbatdagi saylovoldi mitingi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya Markaziy, viloyat, shahar va tuman Kengashlari faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengash deputatlari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari, milliy madaniy markazlar vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, hunarmandlar, sportchilar, partiyaga xayrixoh bo‘lgan yoshlar, faollar hamda OAVlari xodimlari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz bo‘ylab saylovoldi targ‘ibot tadbirlarini yangi format va yangi ko‘rinishda o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad — O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining shu yil 22 dekabrga belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar munosabati bilan “Birmiz! Qo‘lni qo‘lga beramiz!” va “Yuksalish yo‘lida qo‘lni qo‘lga beraylik!” shiorlari ostida partiyaning saylovoldi Platformasida belgilangan maqsad va vazifalarini amalga oshirishda partiya xayrixohlarini birlashtirish hamda partiya g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga qaratildi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, bu yilgi saylov kampaniyasiga “Yangi O‘zbekiston, yangi saylovlar” shiori ostida start berilib, ilk bora mamlakatimizda saylovlar yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishi e’lon qilindi. Ma’lumki, saylov bu, eng avvalo xalqimizning davlat hokimiyati organlari faoliyatida o‘z vakillari orqali ishtirok etishdek Konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish hamda mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarning yorqin ko‘zgusi hisoblanadi. Ayni paytda ushbu muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etib, g‘alaba qozonish partiyaning bosh maqsadi hisoblanadi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi xalqimizda milliy o‘zlikni anglash hissini o‘stirishga harakat qilar ekan, tarixiy, madaniy va ilmiy-intellektual merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, boyitish va yanada ko‘paytirishga ko‘maklashish, xalqimizning boy tarixi va madaniyatini o‘rganish, ushbu boyliklarni yosh avlod o‘rtasida keng miqyosda targ‘ib etish, yoshlarda tarixiy meros va xalqning milliy qadriyatlariga hurmat, ehtirom uyg‘otish kabi keng ko‘lamli vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.

Mitingda qayd etilganidek, partiya o‘z g‘oyalarini hayotga izchil tatbiq etgan holda saylovda faol ishtirok etishni, parlamentda eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lishga harakat qilmoqda. “Inson o‘zgarmasa — jamiyat o‘zgarmaydi” shiori ostida aholining yillar davomida yig‘ilib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini o‘rganish va bartaraf etishga ko‘maklashish, ta’lim-tarbiya sifati uzluksizligini ta’minlashga e’tibor qaratish, milliy urf-odatlarni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish kabi ezgu maqsadlarni ustuvor biladi.

Ayni kunlarda partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari tomonidan respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Navoiy viloyatida ham aholi, ayniqsa, yoshlar orasida “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” shiori ostida turli tadbirlar tashkil etilayotir. Mazkur targ‘ibot tadbiri avvalgilariga nisbatan keng ko‘lamligi va ahamiyati, respublika va viloyat miqyosidagi faollar, jamoatchilik vakillari, estrada va kino yulduzlari, mahalla oqsoqollari, yoshlar, xotin-qizlar ishtirok etgani bilan tubdan farq qildi.

Mitingda partiya safiga kirgan yangi a’zolarga guvohnoma topshirildi va faol qatnashchilarga partiyaning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Abduvali BO‘RIEV

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi

Navoiy viloyati Kengashi matbuot kotibi.

438
O‘zA