O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Partiya tabaqalashgan kommunal to‘lovlarni joriy etmoqchi

Partiya tabaqalashgan kommunal to‘lovlarni joriy etmoqchi

O‘zbekiston Banklar assotsiatsiyasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining VI c’ezdi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiyaning 2020-2025 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi tasdiqlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatildi.

S’ezdda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining 2015-2019 yillardagi faoliyati atroflicha muhokama etildi.

O‘tgan davrda partiya fraksiyasi tomonidan qator qonun tashabbuskorligi, barcha darajadagi partiya tashkilotlari va mahalliy Kengashlardagi deputatlar tomonidan bir qator loyihalar amalga oshirildi.

2015-2019 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbuskorlik huquqi asosida 86 qonun loyihasini kiritgan bo‘lsa, uning 64 tasida partiya fraksiyasi a’zolari ishtirok etdi. Partiya fraksiyasi tashabbusi bilan parlament nazorati doirasida 9 eshituv o‘tkazildi.

Elektorat manfaatlarini himoya qilish maqsadida xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga partiyadan saylangan deputatlar tomonidan 2015-2019 yillar mobaynida qonun va hukumat qarorlari ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan 5 ming 709 deputatlik so‘rovi ijobiy hal etildi. Fuqarolar murojaatlari asosida yuborilgan 16 ming 896 deputatlik so‘rovida keltirib o‘tilgan 15 ming 493 muammo va masalalar o‘z yechimini topdi.

– Avvalgi saylovlardan farqli o‘laroq, bu yilgi saylov kampaniyasida ommaviy axborot vositalarida, xususan, elektron nashrlarda, ijtimoiy tarmoqlarda yurtdoshlarimiz o‘z fikrlarini ochiq-oshkora, dadil aytmoqda, – dedi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov. – Ayni paytda bu – saylovlarimizning demokratiya tamoyillari asosida, halol va adolatli o‘tishining o‘ziga xos kafolati, jamoatchilik nazoratining o‘ziga xos shakli hisoblanadi.

S’ezdda partiya markaziy kengashi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi faoliyati tanqidiy-tahliliy muhokama etildi.

O‘zMTDPning vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtiroki bilan bog‘liq eng muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylovlar munosabati bilan Saylovoldi dasturi delegatlar e’tiboriga taqdim etildi.

Partiya Saylovoldi dasturida bosh siyosiy shior “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari!” deb belgilandi. “Insonni o‘zgartish orqali jamiyatni o‘zgartirish!” g‘oyasi esa asosiy g‘oya sifatida ilgari surildi.

– Partiyaning Saylovoldi dasturida milliy manfaat degan tushuncha birinchi o‘rinda turishi kerak, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Akmal Saidov. – Biz O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imijini yuksaltirish, jahon internet maydonida milliy kontentni rivojlantirishga jiddiy e’tibor berishimiz lozim. O‘zMTDPning Saylovoldi dasturida milliy tilga bo‘lgan e’tiborni kuchaytirish kerak. Bundan tashqari, partiya millatparvarlik tushunchasiga ko‘proq urg‘u berishini istar edik. Bu millatchilik degani emas. Millatparvarlik bu – o‘z millatini sevish, madaniy merosidan g‘ururlanish degani.

Partiyaning yangi Saylovoldi dasturida xalqimizni o‘ylantirib kelayotgan ko‘plab dolzarb masalalar yechimi bo‘yicha aniq tashabbuslar o‘rin olgan. Xususan, uzluksiz tarbiya tizimini yaratish, parlamentni “xalq uyi”ga aylantirish, Davlat tili maqomini oshirish, o‘qituvchiga qulay mehnat sharoitini yaratish kabi vazifalar belgilandi.

Shuningdek, mahalla faoliyatini takomillashtirish, madaniy merosimizni muhofazalash, muqobil kreditlash tizimini amaliyotda qo‘llash, turizmni rivojlantirish yo‘lidagi muammolarning oldini olish, hunarmandlik maqomini o‘zgartirish, millat genofondini saqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, xorijdagi vatandoshlarimiz manfaatini himoya qilish, tabaqalashgan kommunal to‘lovlarni joriy etish, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda aholining huquqiy va siyosiy madaniyatini oshirish ustuvor vazifa etib belgilandi.

S’ezd delegatlari ushbu ustuvor maqsad va g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlab, partiyaning yangi Saylovoldi dasturini tasdiqladi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi masala muhokama etilib, har bir okrugdan qo‘yilayotgan nomzodlar haqidagi ma’lumotlar e’lon qilindi.

Partiya tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov uchun tashkil etilgan 150 okrugga 150 nafar nomzod ko‘rsatildi.

S’ezdda, shuningdek, partiya faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama etildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

4 026
Xurshid QODIROV, O‘zA