O‘zA O`zbek

21.07.2018 15:18 Chop etish versiyasi

Partiya faoliyatidagi yangiliklar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi

Poytaxtimizdagi “Radisson Blu” mehmonxonasida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashining navbatdagi Plenumi bo‘lib o‘tdi.

Plenumda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 12 iyuldagiOliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar va O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasi hamda parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va saylov okruglaridagi faoliyati atroflicha muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, partiya tomonidan 100 ga yaqin ta’lim muassasalarida bolalar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, bu borada qator kamchiliklar aniqlandi. O‘rganishlar natijasida ishlab chiqilgan takliflar hamda sohani takomillashtirishga oid hukumat qarori loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim qilindi.

O‘zMTDP tomonidan Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan hamkorlik memorandumlari imzolanib, chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, hamkorlar ko‘magida “Madaniyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda “Turizm to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yangi tahrirda tayyorlanmoqda.

Shuningdek, o‘tgan davrda partiya tomonidan yurtimizda energetik ichimliklarni ishlab chiqarish, iste’mol qilish va sotishni cheklash bo‘yich “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”, “Jamoat joylarida chilim va elektron sigaretalar chekishni cheklash to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihalari partiya fraksiyasi a’zolarining qonunchilik tashabbusi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi.

Davlatimiz rahbarining videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzasida belgilangan vazifalar asosida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rasmiy veb-saytida “Yoshlar qanoti” faoliyatiga bag‘ishlangan www.yoshlarmt.uz subsayti yaratildi. Partiya “Yoshlar qanoti” tomonidan “Xizmat - beminnat”, “Navoiy vorislari”, “Deputat bilan yuzma-yuz”, “Uyma-uy” loyihalari hayotga tatbiq etildi.

Shuningdek, plenumda partiyaviy faoliyatda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, foydalanilmagan imkoniyatlar ham tilga olinib, kelgusidagi vazifalar belgilandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan qabul qilingan “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, “Yoshlar kelajagimiz”, “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturlarining ijrosini ta’minlashga xissa qo‘shish barcha darajadagi partiya tashkilotlari va deputatlar oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanligi ta’kidlandi.

Plenum yakunida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining 2018 yil ikkinchi yarim yillikdagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA
2 366