O‘zA O`zbek

05.08.2020 Chop etish versiyasi

Parrandachilik fabrikalaridan chiquvchi oqova suvni tozalashda yangi tajriba

Parrandachilik fabrikalaridan chiquvchi oqova suvni tozalashda yangi tajriba

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasida “Parrandachilik fabrikalari qushxonalaridan chiquvchi oqova suvlarning ekologik xavfini kamaytirish” mavzusida ilmiy loyiha taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan tashkil etilgan taqdimotda oqova suvlarni tozalash muammosi bilan shugʻullanuvchi hamda tadqiqotlar olib boruvchi turli tashkilotlar, idoralar mutaxassislari, vazirliklar vakillari, olimlar, ekologlar va ekspertlar ishtirok etdi.

2.JPG

Qayd etilganidek, mazkur ilmiy loyiha institutning Suv resurslarini muhofaza qilish laboratoriyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Asosiy maqsadi – suv resurslarini parranda fabrikalarining soʻyish sexlaridan chiqadigan, tarkibida qon oqsili, yogʻi, tovuq goʻshti boʻlaklarga ajratilishida chiqadigan turli chiqindilarni oʻzida jamlagan katta miqdordagi organik ifloslanishlardan himoya qilish hisoblanadi. Shuningdek, parrandachilik fabrikalari va kichik aholi punktlaridagi biologik hovuzlarning xoʻjalik maishiy oqova suvlarini biotsenoz inshootlar bioremediatsion salohiyatidan foydalangan holda, oddiy va arzon texnologiyalarni ishlab chiqishni ham qamrab oladi.

Maʼlumki, parrandachilik Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining istiqbolli yoʻnalishi hisoblanadi. Prezidentimizning 2018-yil 13-noyabrdagi “Parrandachilikni yana-da rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida ham mavjud muammolar yechimi sifatida fan va ishlab chiqarishning integratsiyasini yana-da kuchaytirish maqsadida oʻzaro hamkorlikni oʻrnatish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

13.JPG

Tadbir ishtirokchilari parrandachilik fabrikalaridan chiqadigan oqova suvlarni tozalash muammosi dunyoning turli mamlakatlarida turlicha namoyon boʻlayotgani haqida fikr bildirdi. Xususan, ushbu mavzudagi tadqiqotlarning asosiy yoʻnalishlari parrandachilik fabrikalarida parranda goʻshtini qayta ishlash jarayonida hosil boʻladigan oqova suvlarni tozalashning yangi texnologiyalari energotejamkor va iqtisodiy kamxarjlikka qaratilgan.

Taqdimot davomida mazkur loyiha mahalliy arzon materiallardan foydalanish, energiya sarfining kamligi, tozalash uchun foydalaniladigan reagentlarning minimalligi singari bir qator ustunliklarga egaligi taʼkidlandi. Ayniqsa, aholi punktlarining sanitar farovonligini taʼminlash va atrof-muhitning tabiiy ekologik holatini saqlash kabi ijtimoiy ahamiyati bilan ham ajralib turadi.

7.JPG

Bularning barchasi parrandachilik fabrikalari soʻyish sexlaridan chiqadigan oqova suvlar toʻplanadigan biologik hovuzlar suvlarini tabiiy havoni haydash yoʻli bilan Oʻzbekiston ichki bozorida tozalash inshootlarini loyihalash va qurish yoʻli bilan tashkil qilish mumkin.

Shuningdek, ushbu loyiha qayta tozalanmagan oqova suvlarning tuproqqa va suv manbalariga tushishining oldini oladi, atrof-muhitga antropogen taʼsirning kamayishiga olib keladi.

11.JPG


5 095
Abdulaziz Musayev, Aʼlo Abdullayev (surat), OʻzA