O‘zA O`zbek

12.02.2020 Chop etish versiyasi

Parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha BMT o‘quv markazi tashkil etiladi

Parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha BMT o‘quv markazi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi hamda 2020 yil Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.

Farmon loyihasida Oliy Majlis palatalari va Adliya vazirligi tomonidan BMTning hamda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilmasida parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha BMT o‘quv markazini tashkil etish belgilangan.

Mazkur markaz quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

– xorijiy mamlakatlarning parlamentlari va boshqa manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda deputatlik korpusi va senatorlar hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mutaxassislarining ko‘nikmalari, malakasi va salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini ro‘yobga chiqarish;

– qonun ijodkorligi, parlament nazorati, fuqarolarning manfaatlarini ifoda etish va xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, qonun hujjatlarining tartibga solish ta’sirini baholash, normativ-huquqiy jihatdan tartibga solish yukini maqbullashtirish;

– tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ichida va uning tashqarisida masofaviy o‘qitish uchun ta’lim modullari va dasturlarini o‘z ichiga olgan hamda “Elektron parlament” tizimi bilan integratsiyalashgan onlayn tizim yaratish.

1 136
O‘zA