O‘zA O`zbek

01.08.2018 17:46 Chop etish versiyasi

Parhez mahsulot mo‘l bo‘ladi

Parhez mahsulot mo‘l bo‘ladi Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida baliqchilikka ixtisoslashgan 50 dan ortiq fermer xo‘jaligi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning aksariyati Beshariq, Xo‘jalik va Nayman qishloqlari atrofida joylashgan.

Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning strategik yo‘nalishi hisoblangan baliqchilikni yanada rivojlantirish, tarmoqda mavjud muammolarni samarali hal etish hamda baliq yetishtirishda ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish borasida tumanda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning 2018 yil 6 apreldagi “Baliqchilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.

Sakkiz yil muqaddam faoliyat boshlagan Nayman qishlog‘idagi “Mehriddin-Nizomiddin” fermer xo‘jaligi rahbari Ozod Matyoqubov mahalliy aholi tilida “Ming botmon” deb nomlangan tashlandiq ko‘l o‘rnida dastlab to‘rtta hovuzdan iborat ikki gektarlik ko‘l barpo etdi. Ayni paytda hovuzlar soni 12 taga yetkazilib, umumiy maydon 6 gektarni tashkil etayotir.

– So‘nggi yillarda baliqchilikka bo‘lgan e’tibor ortayotgani bejiz emas, – deydi O.Matyoqubov. – Baliqchilik avvalo, iqtisodiy jihatdan yaxshigina daromad manbai bo‘lsa, boshqa tomondan baliq inson salomatligi uchun g‘oyat foydalidir. O‘zim ko‘p yillar xalq ta’limi sohasida ishlab, nafaqaga chiqqach, uyda o‘tirishdan ko‘ra biror mashg‘ulot bilan band bo‘lishni maqsad qildim. Mana endi, kunimiz dala yoki ko‘lda o‘tmoqda. Bundan o‘zim ham xursandman, boshqalarga nafim ham tegayapti.

O‘tgan yili xo‘jalik el dasturxoniga 16 tonna baliq tortiq qildi. Olingandaromad evaziga yangi hovuzlar qazildi. Joriy yil erta bahordan bank krediti hisobiga 700 kilogramm baliq chavog‘i olindi. Yil oxirida baliqlar sotishga tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Ular kunlik ratsion asosida parvarishlanadi. Hovuzlar atrofiga poliz ekinlari ekilgan.

Suv taqchilligi kuzatilayotgan joriy yilda ushbu xo‘jalik ham ayrim muammolarga duch kelayotir.

– Bu yilgi suv tanqisligi barcha fermer xo‘jaliklari qatori biz uchun ham ba’zi muammolarni keltirib chiqarmoqda, – deydi fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Mehriddin Matyoqubov. – Hovuzga oqar suv kirib turmasa, suv tarkibi buzilib, yaroqsiz bo‘lib qoladi. Bu esa agar tezda zarur chora ko‘rilmasa, baliqlar nobud bo‘ladi, degani. Shuning uchun imkon darajasida oqar suv olib kelishga harakat qilmoqdamiz. Maqsadimiz – inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan baliq mahsulotlarini ko‘paytirish, uning arzon bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shishdir.

Baliq mahsulotlari tumandagi bozorlar va bir qator umumiy ovqatlanish shoxobchalariga yetkazib berilmoqda.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
2 693