O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Pandemiyaning narx-navoga taʼsirini aniq choralar yengmoqda

Pandemiyaning narx-navoga taʼsirini aniq choralar yengmoqda

Buxoro viloyatida davlat soliq organlaridan dehqon bozorlariga 56 nafar, dorixonalarga 39 nafar hamda yirik oziq-ovqat doʻkonlariga 159 nafar jami 254 nafar xodim biriktirilgan. Ular oziq-ovqat va zarur tibbiy vositalar narxlari ustidan qatʼiy nazorat olib bormoqda.

Buxoro shahridagi “Ulgurji dehqon bozori” viloyat aholisini qishloq xoʻjalik mahsulotlari bilan taʼminlovchi yirik savdo majmuasi hisoblanadi. Ishchi guruhi mahsulotlarga talab va taklifni oʻrganish hamda narxlar barqarorligini saqlashni nazoratga olish uchun ushbu bozor faoliyati bilan tanishdi.

Eʼtiborlisi, viloyatning barcha tumanlariga mazkur bozor orqali har kuni 180-210 tonnagacha kartoshka mahsuloti yetkazib berilmoqda.

Viloyatdagi 20 dan ortiq tadbirkorlik subyektlari yordamida esa bir martalik tibbiy niqoblar va antiseptik vositalarining kerakli miqdorda yetkazib berilishi ham yoʻlga qoʻyilgan.

Taʼkidlash lozim, barcha joylarda boʻlgani kabi viloyatda ham kuchaytirilgan karantin davrida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida viloyat IIB, Milliy gvardiya va davlat soliq organlari xodimlari hamkorligida mavjud 132 ta tungi va kunduzgi dam olish maskanlari toʻliq yopildi.

Buxoro viloyati DSB Axborot xizmatining maʼlum qilishicha, viloyat hududidagi jami 1187 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, 39 ta restoran, 35 ta bar, 148 ta kafe va 121 ta toʻyxonalar hamda barcha “Buyum bozori va savdo komplekslari”ning faoliyati vaqtinchalik toʻxtatildi.

Viloyatda faqatgina tayyor ovqatlarni yetkazib berish xizmatini koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

Vohada koronavirus profilaktikasi natijasida dehqon bozorlari yopilmadi. Ularning ish tartibi oʻzgarishsiz qoldirildi.

465
Zarif Komilov, OʻzA