O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Pandemiya tez kunda chekinadi. Biz albatta gʻolib boʻlamiz!

Pandemiya tez kunda chekinadi. Biz albatta gʻolib boʻlamiz!

Bugun mamlakatimizda koronavirusga chalingan yetti nafar bemorning bir yoʻla sogʻaygani haqidagi xabar har bir yurtdoshimiz koʻnglida iliq tuygʻular oʻygʻotdi.

Vatanimizga chegara bilmas infeksiya kirib kelganidan buyon ilk marta ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqalgan bu xushxabar soʻnggi yillarda Vatanimiz sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi va qoʻli yengil shifokorlarimizning jonkuyaru fidoyiligiga ishonchimizni yana-da oshirdi. Endilikda biz bunday yoqimli mujdalarni har kuni intiq boʻlib kutamiz. Dunyo boʻylab yoyilgan bu ofatni yurtimizdan tezroq chekintirish uchun yana-da jipsroq birlashamiz.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqab ketishining oldini olish hamda undan saqlanish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar belgilab olinib, tezkor zarur choralar koʻrilayotgani xalqimizning sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlab, fuqarolar hayoti va sogʻligʻini himoya qilishda yutuqlarimiz omili boʻlmoqda. Lekin, shunday qaltis bir davrda biz fuqarolardan qatiy talab qilinadigan burchlar borligini unutmasligimiz kerak. Bu masʼuliyat nafaqat oʻzimiz, balki, oila aʼzolarimiz, yaqinlarimiz, qoʻni-qoʻshnilar va xalqimiz salomatligi, ularning xavfsizligi bilan bevosita bogʻliqdir. Karantin talablariga qatiy rioya qilib, jiddiy tartib-intizom namunalarini koʻrsatsak albatta, vaziyatni tezda barqarorlashtirib olamiz.

Bugun insoniyat shunday bir vaziyatda yashayaptiki, infeksiyani koʻchadan uyga yetaklab kelish hech gap boʻlmay qoldi. Jahon amaliyotida juda zarur boʻlmagan hollarda uydan chiqmaslik, koʻpchilik bilan muloqot qilmaslik, jamoatchilik orasida tibbiy niqob taqib yurish va sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish kasallik keng tarqalib ketishining oldini olishi oʻz isbotini topgan.

Ayni paytda Surxondaryo viloyatida ham karantin tartiblari oʻrnatilib, koʻcha-kuy va mahallalarda odamlarning harakatlanishi cheklangan. Biroq, davlat va jamoat tashkilotlari, tadbirkorlar, saxovatpesha, savobtalab insonlar kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan va ehtiyojmand oilalarga mehr koʻrsatib, yordam qoʻlini choʻzmoqda. Oziq-ovqat va boshqa birlamchi ehtiyoj mollari bilan bepul taʼminlamoqda. Tibbiy niqob, antiseptik vositalarni yetkazib berayotir.

Ogʻir kunlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlab, koʻmak berish, borini el bilan baham koʻrib, ularga mehr-muruvvat koʻrsatish xalqimizga xos ulugʻ fazilatdir. Hozirgi tashvishli kunlarda ham bunday buyuk qadriyatlarimiz keng namoyon boʻlmoqda. Shunga muvofiq hunarmandlarimiz uyda himoya niqobi tikib, odamlarga bepul tarqatishni yoʻlga qoʻydi. Shuningdek, boshqarmamiz tomonidan Termiz shahridagi kam taʼminlangan oilalar va nogironlari bor hunarmandlarimiz xonadonlarida boʻlib, bepul oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlayapmiz. Ularni ortiqcha sarosimaga tushmasdan uyda oʻtirishini soʻrayapmiz. Mamlakatimizda yetarli zaxira borligi va osuda kunlar juda yaqinligini tushuntirayapmiz. Bunday mehr-muruvvat va targʻibot tadbirlarimiz tumanlardagi hunarmandlar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

Biz ahil, inoq boʻlib, intizom bilan karantin tartiblariga qatiy amal qilsak, imkon qadar uyda oʻtirib, odamlar bilan kamroq munosabatda boʻlsak, albatta bu balo tez kunlarda yurtimizdan chekinadi. Biz gʻolib boʻlamiz!

Muhayyo JOʻRAYEVA,
“Hunarmand” uyushmasi
Surxondaryo viloyat boshqarmasi boshligʻi

1 069
OʻzA