O‘zA O`zbek

24.09.2020 Chop etish versiyasi

Pandemiya oziq-ovqat xavfsizligidagi muammolarni yaqqol koʻrsatdi

Pandemiya oziq-ovqat xavfsizligidagi muammolarni yaqqol koʻrsatdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambliyasi 75 sessiyasida soʻzlagan nutqida oziq-ovqat xavfsizligi va aholining turmush darajasini yaxshilash masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

Guvohi boʻldikki, global pandemiya barcha sohalar kabi oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tarmogʻiga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Xatto rivojlangan davlatlarda aholining muhtoj qatlamini oziq-ovqat bilan taʼminlashda koʻplab muammolar paydo boʻldi. Ayrim turdagi muhim oziq-ovqat mahsulotlari tanqisligi, eksport va importda cheklovlar kuzatildi.

Albatta, bu xalqaro hamjamiyatni asosli ravishda tashvishga solishi tabiiy. Shu munosabat bilan, BMT Bosh kotibi tomonidan 2021-yilda Global oziq-ovqat tizimlari boʻyicha sammitni oʻtkazish tashabbusi bildirildi.

Oʻz navbatida, mazkur tashabbus Prezidentimiz tomonidan BMT sessiyasidagi nutqida toʻliq quvvatlandi.

Bunga yetarlicha asoslar mavjud. Oʻzbekiston oziq-ovqat xavfsizligi borasida nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida, balki xalqaro miqyosda munosib oʻrniga ega. Bugungi kunda Oʻzbekistondan 70 dan ortiq mamlakatga meva-sabzavot maxsulotlari eksport qilinmoqda.

Pandemiya davrida yurtimizda meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirish hajmini 2 barobar oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi va bugungi kunda tegishli natijalarga erishilmoqda.

Shuni taʼkidlash lozimki, davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 – 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning muhim ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Mazkur strategiya doirasida joriy yilga belgilangan tadbirlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Xususan, 2020-yilda sohani tubdan isloh etish va modernizatsiya qilish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan 1 milliard dollar atrofida mablagʻlar jalb etishga erishildi. Bu soha uchun juda katta investitsiya.

Ushbu mablagʻlar birinchi navbatda sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot institutlarini tubdan isloh etish, yangi texnologiyalrni joriy qilish, tizimni raqamlashtirish va agrotadbirkorlikni rivojlantirishga qaratiladi.

Shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston tarixida ilk bor qishloq xoʻjaligida ilm va innovatsiyani qoʻllab-quvvatlash maqsadida Jahon banki bilan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida ilmiy tadqiqot institutlarini modernizatsiya qilish maqsadida 80 million dollar mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Yana bir muhim tashabbus, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, taʼlim, ilm va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash maqsadida har bir viloyatda qishloq xoʻjaliginida bilim va innovatsiyalarni qamrab olgan zamonaviy Agroxizmatlar tizimi joriy etilmoqda. Bu maqsadlarda Jahon banki mablagʻlaridan 70 million dollar yoʻnaltirilish belgilandi.

Xulosa qilib aytsak, Prezidentimiz nutqida inqiroz sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolari boʻyicha BMT Bosh kotibining tashabbusi qoʻllab-quvvatlangani Oʻzbekistonning global masala boʻlgan qashshoqlikni kamaytirish va aholi farovonligini oshirish yoʻlidagi maqsadlariga sodiqligidan dalolat beradi.

Alisher Shukurov,
qishloq xoʻjaligi vaziri maslahatchisi

1 167
OʻzA