O‘zA O`zbek

15.07.2020 Chop etish versiyasi

Pandemiya davrida buyuk tabib merosini oʻrganyapmizmi yoxud bolalar uchun Ibn Sino qoldirgan maslahat...

Pandemiya davrida buyuk tabib merosini oʻrganyapmizmi yoxud bolalar uchun Ibn Sino qoldirgan maslahat...

Ustozlarimizning “Xudo bizga allomalardan bergan. Qarang, Al-Buxoriy vafot etgan 870-yilda yana bir alloma Imom Moturidiy tavallud topgan. Algebra, bu - aljabr degani, Xorazmiy, Meditsina, bu - madadi Sino, Ibn Sino bobomiz” degan fikrlari hali ham qulogʻimiz ostida jaranglaydi.

Dunyo tabobatida yelka suyagining chiqishini oddiy bosish bilan davolash usuli hozirgacha “Avitsenna usuli” ekanligi, umurtqani yogʻoch moslama yordamida tuzatish usulini Ibn Sinodan soʻng XV asrga kelib fransuz tabibi Kalo qayta kashf etganligi, tabobat tarixida ilk bora vabo bilan oʻlatni farqlab, ularni alohida (karantin) davolashni boshlagan, sariq kasalligi, moxov, qizamiq, suvchechak, kuydirgi, zotiljam, meningit, zaxm, oshqozon yarasi kabi kasallik belgilari va kechish jarayonini toʻgʻri tasvirlagan buyuk tabib hayoti va boy merosini oʻrganyapmizmi?” degan masʼuliyat hamon dolzarb. Ayniqsa, hozirgi COVID-19 holatida...

YETUK TABIB HAQIDA

Movarounnahrda tugʻilib, Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatini dunyo madaniyati tamadduniga aylantirgan buyuk mutafakkirlardan biri - Abu Ali ibn Sino boʻlib, u Yevropada “Avitsenna” nomi bilan mashhurdir. Ibn Sino (asl ismi Husayn, otasining ismi Abdulloh) Buxoroning Afshona qishlogʻida, 980-yilning safar oyida, amaldor oilasida tugʻiladi. 986-yilda Ibn Sino oilasi Buxoroga koʻchib keladi va shu vaqtdan boshlab yosh Husayn boshlangʻich maʼlumot olishga, ilm-fanni oʻrganishga kirishadi. Tabibning yoshligi, yigitlik chogʻlari Somoniylar hukmronligining soʻnggi yillari, Nuh II ibn Mansur Somoniy hukmronligi davriga (976-997) toʻgʻri keladi.

Ibn Sino 10 yoshidayoq Qurʼonni yod olib, 13 yoshlaridan boshlangʻich matematika, mantiq, fiqh, falsafa ilmlari bilan shugʻullana boshlaydi. Ibn Sino yosh boʻlishiga qaramay, Abu Abdulloh Notiliy rahbarligida falsafa, Hasan ibn Nuh al-Qumriydan tibbiyot ilmini har tomonlama oʻrganadi, asta-sekin tabiblik bilan ham shugʻullanadi. U oʻzidan avval oʻtgan Sharq mutafakkirlarining asarlarini chuqur oʻrganish bilan birga, qadimgi yunon tabiiy-ilmiy, falsafiy merosini, xususan Aristotel, Yevklid, Ptolemey, Galen, Gippokrat, Pifagor, Porfiriylarning asarlarini ham qunt bilan oʻrgandi. 16-17 yoshidayoq Ibn Sino mashhur tabib — hakim boʻlib taniladi.

SARGARDONLIK VA IJOD

Tarixdan maʼlum, 999-yilda Buxoro Qoraxoniylar tomonidan zabt etilgach, Ibn Sino Buxorodan chiqib ketadi va madaniyat markazlaridan biri hisoblangan Xorazmga boradi, u yerda Xorazm hokimi Ali ibn Maʼmun saroyidagi olimlarni birlashtirgan oʻz zamonasining akademiyasiga qabul qilinadi. U yerda Beruniy, Ibn Miskavayh, Abu Sahl Masihiy, Abulxayr Hammor, Abu Nasr ibn Iroq kabi yetuk olimlar bilan yaqindan tanishadi. Mahmud Gʻaznaviyning taʼqibidan qochib, Xorazmni tashlab ketishga va Xuroson, Eronning turli shaharlarida sarson-sargardonlikda yurishga majbur boʻldi. Jurjon shahriga kelgan Ibn Sino hokim Qobus ibn Vashmgir saroyida mashhur tabib sifatida yashadi, boʻlajak shogirdi Juzjoniy bilan tanishadi. Hamadondagi vazirlik chogʻida hokim bilan kelisha olmay, 4 oy mobaynida qamoqda saqlanadi.

Buyuk tabib 1023-yilda Isfahonga qochadi va butun umrini ilmiy ijodga bagʻishlab “Kitob al-qonun fit-tibb”, “Kitob un-najot”, “Kitob ul-insof” kabi geometriya, astronomiya, oʻsimlik, hayvonot olami, mantiqqa oid risolalar yaratadi. Uning “Hayy ibn Yaqzon” falsafiy qissasi esa soʻnggi yillarda yozilgan. U Isfahonda rasadxona qurish bilan mashgʻul boʻladi. Ota yurtdan uzoqda Isfaxon, Ray, Hamadon shaharlarida sarsonlikda yurgan buyuk tabib 1037-yil 18-iyunda Isfahon shahrida 57 yoshida qulunj kasalligidan vafot etadi.

ALLOMA MEROSI

Tabibning hayot yoʻli shogirdi Juzjoniy tomonidan qoldirilgan manbalardan maʼlum. Ibn Sino tarjimayi holida Forobiyning “Metafizika maqsadlari”, “Fusus ul-hikam” kabi muhim risolalarini qunt bilan oʻrganganligi, ulardan keng foydalanganligini taʼkidlab oʻtadi.

Buyuk vatandoshimiz asarlari 450 dan ortiq boʻlib, taassufki, bizgacha faqat 160 ga yaqin asari yetib kelgan xolos. Koʻp asarlari turli falokat va saroy fitnalari oqibatida yoʻqolgan. Ibn Sino asarlarining asosiy qismi oʻsha davr ilmiy tili hisoblangan arab tili, baʼzilari esa fors tilida yozilgan. Uning bizgacha, maʼlum boʻlgan katta asari “Kitob ush-shifo” (Shifo kitobi) 22 jilddan iborat boʻlib, unda mantiq, fizika, matematika, metafizikaga doir masalalar yoritilgan. Afsuski, 20 jilddan iborat boʻlgan “Kitob ul-insof” (Insof kitobi) Isfahondagi yongʻin sabab bizgacha yetib kelmagan. Olimning “Kitob un-najot” (Najot kitobi), “Kitob lison ul-arab” (Arab tili kitobi), “Donishnoma” fors tilida yozilgan boʻlib rus tiliga tarjima etilgan. Bu kitoblarni oʻzbek tiliga toʻlaligicha tarjima qilish esa, bugun yelkamizdagi ulkan maʼnaviy qarz.

Buyuk tabib tabobat masalalarini ommabop holda nazm bilan izohlovchi “Urjuza” nomli tibbiy asar yaratdi. Bulardan tashqari, kimyo, mineralogiya, astronomiya, matematika, oʻsimlik dunyosi, geologik jarayonlarni oʻrganish sohasida ham u yangi-yangi fikrlarni olgʻa sura oldi. Ibn Sinoning “Kitob al-qonun fit-tibb (“Tib qonunlari”), “Kitob ul-qulanj” (“Ichak sanchiqlari”), “Kitob un-nabz” (“Tomir koʻrish haqida kitob”), Fuj ul-tibbiya joria fi majlisih” (“Tib haqida hikmatli soʻzlar”), “Tadbir ul-manzil” (“Turar joyning tuzilishi”), “Fil-hindubo” (“Sachratqi oʻsimligi haqida”), “Risola fi-dastur it-tibbiy” (“Tibbiy koʻrsatmalar haqida”) kabi asarlari mavjud.

“TIB QONUNLARI” KITOBI

Birinchi kitob oʻz-oʻzidan meditsina olamiga kirish qismi boʻlib, unda tibbiyotning nazariy asoslari, kasallikning kelib chiqish sabablari, belgilari, kishi anatomiyasi haqida kishini taajjubda qoldiruvchi qisqacha ocherk va bugungi gigiyena haqida gap boradi.

Ikkinchi kitobda 800 ga yaqin dorining xususiyatlari, ularni tayyorlash va isteʼmol qilish usullari bayon etilgan. Ibn Sino birinchi boʻlib simob, uning birikmalarini dori qilib ishlatishni tavsiya etadi, sharobni quvvatga kirituvchi, jarohatlarni tozalovchi dori sifatida ishlatadi.

Uchinchi kitobda bosh miya, nerv, koʻz, quloq, burun, tomoq, qorin, tish, yurak, jigar, buyrak kasalliklari batafsil tahlil qilinadi. Hatto ayrim organlar, hatto soch, tirnoq kasalliklarini davolash usullari bayon etiladi.

Toʻrtinchi kitob organizmning umumiy kasalliklariga bagʻishlangan. Unda isitmalar, oʻsmalar, ularning sababi, xirurgik kasalliklar (suyak sinishi, chiqishi, jarohatlanish) va ularni davolash usullari, har xil dorilardan zaharlanish va bunda koʻriladigan choralar, chechak, qizamiq, moxov, toun, vabo va boshqa yuqumli kasalliklar haqida maʼlumot beriladi.

Beshinchi kitobda murakkab dorilarning organizmga taʼsiri, ularni tayyorlash, isteʼmol qilish usullari bayon qilingan. Qisqasi, bu kitob dorishunoslik ilmi - farmakologiyaga bagʻishlangan.

“Tib qonunlari” qariyb 1000-yil mobaynida hakimlar uchun asosiy qoʻllanma boʻlib keldi. Oʻrta asrlarda bu kitob Sharqdagina emas, balki Gʻarb talabalari uchun ham tibbiyotdagi yagona ishonchli manba boʻlib xizmat qildi.

BOLANGIZ TAʼTILDA DOIRA CHALSIN!

Abu Ali Ibn Sino bemor bolani davolamoqchi boʻlibdi. Ammo bola vafot etibdi. Bolaning tanasini ochib koʻrgan tabibning koʻzi bolaning yuragini qoplagan pardaga tushibdi. Aynan shu parda yurakni urishdan toʻxtatib qoʻygan ekan. Bu holdan afsuslangan Ibn Sino shunday degan ekan: “Agarda shu bolaga urib chalinadigan musiqa asbobi (doira) yoki tanbur chalishni oʻrgatganimda, bu holat umuman vujudga kelmagan, bola oʻlmagan boʻlardi”.

Yozgi taʼtilda, ayniqsa karantin paytida farzandlarimizning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun bu tabib bobomizdan beminnat maslahat. Bu nafaqat farzandlarimiz, balki doira yoki tanbur sadosini eshitgan barcha quloqlar uchun shifo. Bu XXI asrda yashayotgan biz avlodlarga Ibn Sinoning murojaati aslida.

Jonibek Shuhratov,
“Tafakkur” yoshlar targʻibot
markazi rahbari

17 367
O'zA