O‘zA O`zbek

12.02.2018 09:23 Chop etish versiyasi

Padarkush o‘g‘il otani pichoqladi

Dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan, go‘dakligimizda qo‘limizdan tutib yurishni o‘rgatgan ota-onalar tabarruk zotlardir. Shuning uchun ham, avvalo, ota-onangga yaxshilik qil, degan hikmat bejiz aytilmagan.

Lekin otani xo‘rlash, onaga hurmatsizlik qilish kabi holatlar, ming afsuski, uchrab turibdi. Bunday qo‘pol qilg‘ilikni qilayotganlar nahotki farzand, deb atalishga munosib bo‘lsa?

Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi “Ravot” mahalla fuqarolar yig‘ini Tog‘ etagi ko‘chasi 65-uyda yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan X.Qurbonov uyida oilaviy janjal oqibatida o‘z otasi Sh.Ro‘ziyevning chap biqin qismiga pichoq bilan urgan. Olingan jarohat oqibatida ota vafot etgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasidan olingan bu xabarga ko‘ra ayni paytda qilmishni sodir etgan X.Qurbonov qo‘lga olingan.

Jinoyat jazosiz qolmaydi, albatta. Biroq farzandning padarkushlik qilishi nafaqat o‘zi, balki uning yaqinlari qalbida ham o‘chmas dog‘ qoldirdi. Bu dog‘ni esa hech qachon yuvib bo‘lmaydi.

O‘zA
6 451