Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.08.2017 16:18 Chop etish versiyasi

Padarkush

Oilada o‘g‘il farzand dunyoga kelsa, uni oila shajarasining davomchisi sifatida ardoqlashadi. U komil inson bo‘lib ulg‘aysa, nafaqat ota-onasining, balki yurtning koriga yaraydi. Kerak bo‘lsa, o‘g‘lonlar oila, Vatan kabi muqaddas tushunchalar uchun ko‘ksini qalqon qiladi.

Shu boisdan o‘g‘illar tarbiyasi alohida yondashuvni talab etadi. Bolalikdan ularga halollik, vatanparvarlik, mardlik kabi olijanob fazilatlar singdirilsa, fidoyi o‘g‘lon kamolga yetadi. Tarbiyada biror xato, bo‘shliqqa yo‘l qo‘yilsa-chi?

...Munkillab qolgan bobo darvozaning qattiq taqillashidan cho‘chib uyg‘ondi. Yuragi noxushlik alomatini sezib uvishgan bo‘lsa-da, ochmay iloji yo‘q edi. Axir, eshik ortidagi mast-alast – o‘z bolasi...

Spirtli ichimlik ta’sirida hushini butunlay yo‘qotgan, sal kutib qolganidan g‘azablanib, ko‘zi qonga to‘lgan o‘g‘il otasini zarb bilan itarib yubordi. U bu bilan kifoyalanmay oshxonaga kirib stol ustida turgan pichoqni qo‘liga oldi... Ko‘kragiga qayta-qayta urilgan tig‘ zarbidan ota ko‘zini yumdi. Hovlidagi shovqin-surondan uyg‘ongan oilaning boshqa a’zolari qonga belangan otani darhol shifoxonaga olib borishga chog‘landi. Lekin otaizor yo‘lda jon berdi.

Padarkush o‘g‘il o‘ziga kelganida nima qilib qo‘yganini anglab, dardu dunyosi qorong‘u bo‘ldi. Uni dunyoga keltirib katta qilgan, nima desa ko‘ngliga qaragan otasining qadriga yetmagani, unga tirgak bo‘lish o‘rniga doim o‘z injiqliklari bilan pand berganidan pushaymon edi. Lekin endi kech...

Fuqaro O.ning bu qilmishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismining “v,j” bandlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Mazkur jinoyat ishi 2017-yil 22-avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudida ko‘rib chiqildi.

– Mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida muhokama qilindi, – deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudi raisi Ikrom Muslimov. – Qilmishni sodir etgan fuqaroning aybi jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlaridan tashqari, jinoyat ishida mavjud bo‘lgan ekspertiza xulosalari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish, olingan narsalar to‘g‘risidagi bayonnomalar va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topdi. Sudning hukmi bilan O. uzoq yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shu bilan birga unga jazoni o‘tash joylarida alkogolizmdan davolanish tarzidagi tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llaniladigan bo‘ldi.

Sudning qora kursisida o‘tirgan bu yigit aslida ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanmasdan, spirtli ichimlik iste’mol qilishga ruju qo‘yib, doimiy ravishda otasidan pul talab qilib, u bilan janjallashib kelgan. U muqaddam ikki marotaba, o‘g‘rilik va talonchilik jinoyatlari uchun sudlanib, ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan. Shunday bo‘lsa-da, axloqan tuzalish yo‘liga o‘tmagan.

Bu voqealardan u istiqomat qilayotgan mahalla-ko‘yning xabari bo‘lganmikin, degan haqli savol tug‘iladi. Yoki Buxoro shahrining Nurobod ko‘chasi mahalla instituti, profilaktika xizmati kabi tuzilmalar e’tiboridan tashqaridami?

Oilalarda tinchlikni, xotirjamlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar bu oilaga vaqtida kirganida, ichkilikka ruju qo‘ygan odamni davolatish choralari ko‘rilganda, yuqoridagi noxush voqea sodir bo‘lmasligi mumkin edi.

Shu sababli sud bunday hodisaning kelgusida boshqa oilalarda takrorlanmasligining oldini olish, bu borada profilaktika ishlarini kuchaytirish, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va profilaktika inspektorlarining e’tiborini mazkur masalaga qaratishni lozim, deb topdi. Ularning o‘z vazifalarini lozim darajada bajarishlarini ta’minlash maqsadida Buxoro shahar hokimi va Buxoro shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga xususiy ajrimlar chiqarildi.

Norgul Abduraimova, O‘zA
2 259






Все о погоде - Pogoda.uz