Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.08.2017 21:03 Chop etish versiyasi

«Ozod yurt to‘lqinlari»: ezgu tantanaga hamohang

«Ozod yurt to‘lqinlari»: ezgu tantanaga hamohang Poytaxtimizdagi «City Palace» mehmonxonasining anjumanlar zali xushmanzara ko‘rinish kasb etdi. Turfa chiroqlar yog‘dusi, bayramona bezaklar, sohir kuy-qo‘shiqlar sadosi dillarga huzur, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Bu yerda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Ozod yurt to‘lqinlari» X an’anaviy media festivali bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori L.Tangriyev, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari K.Beknazarov, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori A.Burhonov, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi raisi F.Abduxoliqov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijod ahliga ko‘rsatilayotgan alohida g‘amxo‘rlik va yuksak e’tibor mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarini yangidan-yangi yuksak marralar sari chorlayotgani, ijodiy barkamollikka undayotganini ta’kidladi. Bu jihatlar «Ozod yurt to‘lqinlari» festivali ishtirokchilari – nodavlat teleradiokanallari faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Vatanimiz mustaqilligining 26-yilligiga bag‘ishlangan mazkur festival O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi moliyaviy ko‘magida har yili an’anaviy tashkil etib kelinadi. «Ozod yurt to‘lqinlari» festivaliga joriy yilda 350 ga yaqin ijodiy ish kelib tushdi.

Ijodiy ishlar «Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan eng yaxshi teleradioloyiha», «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini eng faol yoritgan teleradiostansiya», «O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish jarayonlarini yoritishga bag‘ishlangan eng yaxshi teleradiodastur», «Aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi teleradiomahsulot» va «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish hamda mamlakatda millatlararo totuvlikni ta’minlashga qaratilgan eng yaxshi dastur» nominatsiyalari bo‘yicha baholandi.

Tanlovda "Istiqlol" teleradiostudiyasi, "Navro‘z" radiostansiyasi, "Mening yurtim", "Muloqot TV", "Samarqand TV" telekanallari g‘olib bo‘ldi va «Ozod yurt to‘lqinlari» festivali statuetkasi, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

– Zo‘r hayajondaman. Yurtimizda amalga oshirilayotgan ezgu islohotlarni yoritishdagi harakatlarimiz yuqori baholanib, tanlov g‘olibi bo‘lish bizga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi, – deydi "Navro‘z" radiosi boshlovchisi Yulduzxon Olimova. – Prezidentimiz tomonidan ijodkorlarga, jumladan, jurnalistlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan barchamiz birdek mamnunmiz. Albatta, bu mukofot bizni yangi marralarga chorlaydi, mas’uliyatimizni chandon oshiradi.

Joriy yilda mamlakatimiz nodavlat ommaviy axborot vositalari safiga "Milliy TV", "Zo‘r TV", "Caravan TV" hamda "Futbol TV" telekanallari qo‘shildi. Festival hakamlar hay’ati taklifiga binoan mazkur telekanallar "Yil kashfiyoti" rag‘batlantiruvchi mukofoti bilan taqdirlandi.

Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami arafasida xalqimiz ko‘tarinki kayfiyat bilan yashamoqda, osoyishta va fayzli yurtimizda ezgu islohotlar amalga oshmoqda, shunga monand ijodkorlarimiz ham faol mehnat qilmoqda. «Ozod yurt to‘lqinlari» X festivali ana shu qutlug‘ tantanaga hamohang ruhda o‘tdi.

Ulug‘bek Asrorov, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
1 955






Все о погоде - Pogoda.uz