O‘zA O`zbek

26.09.2020 Chop etish versiyasi

Ozarbayjon madaniyat markazi – ikki xalq madaniyatining oltin koʻprigi

Ozarbayjon madaniyat markazi – ikki xalq madaniyatining oltin koʻprigi
 Qardoshlik rishtalari

Har bir xalq tarixini oʻrganar ekanmiz, dastlab uning adabiyoti va madaniyatiga eʼtibor qaratamiz.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng dastlabki kunlardanoq koʻpgina mamlakatlar qatori Ozarbayjon bilan oʻzining ijtimoiy-siyosiy aloqalarini mustahkamlashga harakat qildi. Ikkala mamlakatda ham oʻzaro aloqalarni rivojlantirish maqsadida elchixonalar faoliyat koʻrsata boshladi.

Yurtimizda faoliyat yuritayotgan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi 2010-yil 27-sentyabrda tashkil etilgan. Bu yil markaz ish boshlaganiga 10 yil toʻladi. Markaz shu qisqa davr mobaynida ikki qardosh xalqning oʻzaro doʻstlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlashda qator xayrli ishlarni amalga oshirb kelmoqda.

Bu borada madaniyat markazi rahbari Samir Abbosov olib borayotgan ezgu ishlar alohida eʼtirofga munosib. Samir Abbosov 2013-fevral oyidan markaz rahbari sifatida faoliyat olib borish bilan birga, Ozarbayjon elchixonasining madaniyat, turizm, fan va diaspora masalari boʻyicha birinchi kotibi hamdir.

Madaniyat markazida uchta muzey –Haydar Aliyev nomidagi muzey, Ozarbayjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi doʻstlik muzeyi, Ozarbayjon davlatchiligining tarixiy muzeyi, kutubxona va turli toʻgaraklar mavjud. Markazda raqs, musiqa, rasm toʻgaraklari, kompyuter va ozarbayjon tili kurslari doimiy faoliyat olib boradi.

Markaz bir qator oliy oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik qiladi. Hamkorlikdan maqsad – ikki xalqning ilm-fani, madaniyati, tili, adabiyoti va folkloriga oid yangi tadqiqotlar yaratish va ularni targʻib qilish. Joylarda tashkil etilgan ilmiy markazlarning asosiy faoliyati nafaqat tadqiqotlar olib borish, balki umuman ozarbayjon adabiyoti, madaniyati, va sanʼatiga doir tadqiqotlar yaratish, ularning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, lugʻatlar tuzishdan iboratdir.

Madaniyat markazi loyihalari asosida bir qator ozarbayjonlik ijodkorlarning kitoblari oʻzbek tiliga, oʻzbek shoir va yozuvchilarining kitoblari esa ozarbayjon tiliga tarjima qilindi va nashr etildi.

2019-yilda Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazining loyihasiga koʻra, ilk marotaba “Ozarbayjon – oʻzbek va oʻzbek – ozarbayjon lugʻati” nashr etildi.

Mazkur loyihani amalga oshirishda Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Nizomiy nomidagi adabiyotshunoslik instituti va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tilshunos olimlari faol ishtirok etishdi.

Oʻtgan yili ikki xalqning buyuk farzandi Maqsud Shayxzodaning 110-yilligi munosabati bilan Eldar Mamedov rejissyorligida olingan hujjatli film oʻzbek xalqi uchun adibning Ozarbayjonda kechgan, ammo bizga nomaʼlum boʻlgan hayoti haqida hikoya qilgan boʻlsa, ayni damda ozarbayjon xalqi uchun ham shoirning Oʻzbekistonda kechgan hayotining nomaʼlum qirralarini namoyish etdi.

Har bir davlat taraqqiyoti uchun tinchlik va barqarorlik gʻoyat muhim ahamiyatga ega, Ozarbayjon haqida gap ketganda, koʻz oldimizda ravnaq topayotgan, tinch mamlakat namoyon boʻlsa-da, afsuski, Togʻli Qorabogʻ muammosidan ham xabardormiz, juda koʻplab ozarbayjon birodarlarimizning dardini yaxshi tushunamiz.

Bugungacha markaz tashabbusi bilan 70 ga yaqin ilmiy va badiiy asarlar nashrdan chiqdi. Madaniyat markazi Togʻli Qoraboqqa doir voqealar, ularning oqibatlari haqida yaratilgan bir qator asarlarni targʻib qilishda ham faollik koʻrsatib kelmoqda.

Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi bugun 10 yoshga toʻldi. Ana shu fursat ichida Oʻzbekiston xalqi qalbiga buyuk Nizomiy gʻazallari, Nasimiy navolarini, Fuzuliy gʻazallari, Mulla Panoh, Said Azim Shirvoniy, Baxtiyor Vahobzoda, Shayxzoda, Husayn Jovid, Xalil Rizo, Anor, Echin, Yunus Oʻgʻuz, Ramz Rovshan asarlari va XX-XXI asr ozarbayjon shoirlari asarlarini jo qilishda faollik koʻrsatayotgan, ikki oʻlka madaniy va adabiy aloqalarini mustahkamlashda oltin koʻprik vazifasini oʻtayotgan markaz xodimlarini ushbu sana bilan muborakbod etamiz.

Gulnoz Sattorova,
Oʻzbekiston FA Oʻzbek tili,
adabiyoti va folklori instituti
katta ilmiy xodimi.

Ozoda Bekmurodova,
jurnalist.

1 386
OʻzA