O‘zA O`zbek

05.07.2020 Chop etish versiyasi

Oyoqqa bolta urish yoxud boltaning sopi oʻzimizdan chiqqanida

Oyoqqa bolta urish yoxud boltaning sopi oʻzimizdan chiqqanida

Bugungi kunda axborot olish va yetkazish tezligi shunchalik rivojlanganki, inson bir paytning oʻzida muayyan voqelikka oid turli yondashuvlarda talqin qilingan oʻnlab xabarlarni simiradi. Natijada, inson ongi bir-birini inkor etuvchi bir necha maʼlumotlar bilan toʻlib borib, asta-sekinlik bilan uning oʻz qatʼiyatidan chekinishiga, keyinchalik esa qandaydir axborot tarqatuvchi kuchlar taʼsiriga tushib qolishiga olib keladi. Bundaylar sonining ortib borishi esa, jamiyatning ichdan yemirilishiga, insonlar gʻoyaviy kurashuvchanligining soʻnishiga, ishonchsizlik va mutaassiblik kayfiyatining paydo boʻlishiga xizmat qiladi. Oqibatda, millat va davlat mustaqilligi ham xavf ostida qoladi.

Kelajakda bunday xavfga duchor boʻlmaslik maqsadida, albatta oldindan rejali chora-tadbirlar ishlab chiqilishi hamda kerakli ishlar amalga oshirilishi kerak. Bunday chora-tadbirlardan eng muhimlaridan biri barcha boʻlajak mutaxassislarga tarixning oʻqitilishidir. Bu talabalar, yaʼni boʻlgʻusi mutaxassislar dunyoqarashini, ularning jamiyatda sodir boʻlgan va boʻlayotgan vaziyatlarga xolis baho berib, uni qiyosiy tahlil qila olish, gʻoyaviy hujumlarga qarshi tura olish, yoritilgan xabarlar va ular talqinini teran mushohada eta olish, oʻrni kelganda oʻz soʻzini asosli ayta olish mahoratlarni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Qisqa qilib aytganda, jamiyatda kurashuvchan, haqgoʻy va vatanparvar yirik qatlam shakllanadi. Shuni inobatga olgan holda, oliy taʼlimning barcha yoʻnalishlarida tarix fanining oʻqitilishining muhim ekanligini koʻrsatuvchi bir qator sabablar mavjud.

Avvalo, boy tariximiz va uning asosida rivojlangan tajribalarga razm solinsa, biz kimningdir andozalariga koʻr-koʻrona moslashadigan, ular qandaydir yoʻldan yurib, biror yutuqqa erishsa, oʻylamay-netmay buni toʻliq joriy qilib, unga ergashib ketadigan emas, balki uning ustun jihatlarini oson va qulay tarzda rivojlantirib, xalqimiz manfaatlariga moslab, yangicha yana-da boyroq andoza va tajriba shakllantirishimiz kerak. Ajdodlarimiz buni uddalay olgan ekan,biz ham buni qila olamiz,buning uchun manqurtlashishga qarshi kurashish kerak.

Ikkinchidan, agar ilm-fanda ulkan yutuqlarga erishgan ajdodlarimiz merosi va faoliyati diqqat bilan oʻrganilsa, ularning tarixdan bilimlari naqadar boy boʻlgani oʻz tasdigʻini topadi. Chunonchi, buyuk bobolarimiz – qomusiy olim Muhammad Xorazmiyning etnografiya va taqvimlarga oid asari, tengsiz Abu Rayhon Beruniyning geografiya, minerologiya va boshqa sohalardan tashqari “Oʻtmish xalqlardan qolgan yodgorliklar“i va ”Hindiston”i, ulugʻ astronom Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” va boshqa namunalar dunyo ilm-fanida katta ilmiy meros qoldirgan ajdodlarimizning oʻz birlamchi tadqiqot sohalari bilan birga, tarixni ham yaxshi bilganlariga dalolat qiladi. Jumladan, dunyo tanigan bobolarimizdan Alisher Navoiy tarixning ahamiyatini quyidagicha bayon etgan edi: “Hukmdorlardan qay biri zulm otini surdiyu, qay biri adolat bilan dong taratdi va oxiri bundan nima hosil boʻlganin tarixdan bilamiz. Oʻlkada nima obod boʻldi, mamlakat nimadan tinchlikka yuz tutdi? Har bir shaxsning sifatida nimayu, nuqsonlari nima, hammasi tarixda bitilgan”. Aslida buni bilish uchun ham tarixni oʻqish kerakda.

Uchinchidan, bugun biz dunyoda yetakchi va taraqqiy topgan deb taʼrif beradigan mamlakatlarda qaysidir maʼnoda maʼlum yoʻnalishlar nomutaxassis fanlar sifatida oliy taʼlimda oʻqitilmaydi. Ammo buning natijasida shakllanayotgan tuynuklar borgan sari kengayib, jamiyatni qoraytirib, ijtimoiy munosabatlarga, insoniylik qadriyati va omillariga keskin putur yetkazmoqda. Natijada, jamiyatlarda moddiyatga intilish kuchayib bormoqda. Bu esa, mutanosiblikning izdan chiqishiga sabab boʻlmoqda.

Toʻrtinchidan, ijtimoiy sohalarni,xususan, tarix va adabiyotni toʻgʻri talqin qilib oʻrgatish kelgusi avlodning nafaqat tarix, balki mantiq,falsafa, siyosatshunoslik, jamiyatshunoslik, ijtimoiy sohalar, madaniy jarayonlar,shaharsozlik,aholi turmush tarzini yengillashtirish va boshqa sohalar boʻyicha keng dunyoqarashga ega boʻlish va maʼlumotlar egallash imkonini beradi. Natijada, tayyor mutaxassis oʻz hamda ijtimoiy soha muammolariga toʻgʻri yondashish, ularni anglash va muammolarni bartaraf eta olish salohiyatiga ega boʻladi.

Beshinchidan, tarix fanining toʻgʻri oʻqitilishi vatanparvar qatlamni shakllantirish va ular sonining ortishiga, tajribali hamda sergak mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi. Oʻz tarixini bilgan mutaxassis biror yuqori lavozimni egallab, hamkorlik aloqalarida ishtirokchi boʻlsa, u turli oʻyinlar,aldamchi harakat va qadamlarni anglay olish, oʻz vaqtida choralar koʻrish imkoniga ham ega boʻladi. Chunki tarix tajribani namoyon etadi.

Oltinchidan, OTM ning nomutaxassis sohalarida ham tarixni daxldorligi mavjud. Yaʼni talabaga oʻzi egallaydigan va unga yondosh sohalar tarixi oʻrgatilsa, bu uning egallaydigan sohadagi yutuq va muammolar, ularning evrilishi, kelgusidagi yutuq va xatarlarni seza olish koʻnikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, soliq sohasida boʻlajak mutaxassisga soliq va iqtisod tarixi oʻqitilsa, unda bu sohada koʻnikmalar boyishida, soliqqa oid loyiha va hujjatlar tayyorlaganda, u masalaga tarixiy tajribadan kelib chiqib, xalq roziligi va davlat manfaatiga mos takliflar bildiradi. Yoki, sugʻorish, dehqonchilik sohasida tahsil oladigan talabalarga shu tarmoq tarixi va anʼanaviy tajribalar shakllanish bosqichlari oʻqitilsa, togʻ-kon, kimyo va biologiya yoʻnalishlari talabalariga soha tarixi, uning eng qadimdan hozirgacha oʻzgarib kelishi, tajribalar, qadimgi xalqlarning qanday tabiiy va ilmiy omillar asosida konlarni oʻzlashtirishi, suv chiqarishi, hosil, unumdorlikni oshirishi oʻqitilsa, bu ularning ortiqcha kuch sarflamay tajribalarni oʻzlashtirishi, mehnat unumdorligining oʻsishiga xizmat qiladi. Buning uchun,yuqoridagi mazmunda sodda va izchil yozilgan darsliklar talab qilinadi. Zero, Isʼhoqxon Ibrat taʼkidlaganidek, “...inson ancha-muncha baqadri ilmi bashariyat tavorixidan bilmak labudda oʻlmoqi maʼlumdir. Loaqal, kishi oʻz muvattin yerini bilmak zaruriyotdandur”.

Yettinchidan,aniq va tabiiy fan sohalari iqtisodiy taraqqiyot va raqobatbardoshlik ustuni boʻlsa, aqlu farosat oʻzagi tarixdir.Bularning birini boshqasidan ustun qoʻyish bir kun jamiyatni parokandalikka olib kelishi muqarrarligi tarixda koʻp bora oʻz isbotini topgan. Zero, “Tarix millatimizning, oʻtmishimizning taraqqiyotini hamda tanazzulining sabablarini oʻrganadigan fandir” degan edi Abdurauf Fitrat.

Demak, oliy taʼlimda tarix fanini oʻqitish yurt va millat borligʻi, taraqqiyoti uchun kurashga tayyorlarni yetkazib berishda tengsiz omildir. Qolaversa, menga tarix kerak emas, deb har yili tugʻilgan kun nishonlaydiganlar ham oʻzi xohlamasada, tarixga murojaat qiladi.

Vohid XOLOV,
Tarix instituti katta ilmiy xodimi

1 879
O'zA