O‘zA O`zbek

09.01.2018 08:30 Chop etish versiyasi

Oyning o‘n beshi yorug‘

Shohida opa Otajonova oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi albatta yorug‘ bo‘lishini dildan anglaydi. Bolalikdan yurish, emin-erkin harakatlanishni orzu qiluvchi qizi Umidaga nogironlik aravachasi topshirilganida mushfiq ona jamoat tashkilotlari, mahalla-ko‘y, mehridaryo yurtdoshlarimizning sovg‘asidan ham ko‘ra, eng avvalo, ularning e’tibori va g‘amxo‘rligidan ko‘ngli tog‘ qadar o‘sdi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Shohida opa kabi yordamga muhtoj oilalarni aniqlash, ularning muammolariga aniq va manzilli yechim topishga doimiy e’tibor qaratayotgan jamoat tashkilotlaridan. Shu kunlarda mazkur tashkilot tomonidan alohida ehtiyojli xonadonlarga nogironlik aravachalari, dori-darmonlar, ro‘zg‘orda asqatuvchi elektron jihozlar va boshqa sovg‘alar topshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 12-sentabrdagi "Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida kam ta’minlangan oilalarning ijtimoiy-maishiy holati keng va batafsil o‘rganildi. Uning natijasiga ko‘ra, uy-joyga, maishiy texnika jihozlariga ehtiyoji bor, yashash joyini ta’mirlash, amaliy tibbiy ko‘makka muhtoj oilalar aniqlanib, aholining ehtiyoj qatlamlariga beg‘araz yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududiy manzilli dasturlar ishlab chiqildi.

Mazkur dasturlarga ko‘ra kasaba uyushmalari tomonidan kam ta’minlangan oilalarning uy-joylarini ta’mirlash, yashash sharoitlarini yaxshilash, salomatligini tiklash bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Bugungacha yurtimiz bo‘yicha 22 mingdan ortiq xonadon kundalik turmushda zarur bo‘lgan maishiy texnika jihozlari – gaz plitalari, kir yuvish mashinalari, changyutkichlar, mini-pechlar bilan ta’minlandi. Ehtiyojmand oilalarda istiqomat qiluvchi 1 ming 200 nafar bemorga sog‘lig‘ini tiklash uchun, 2 ming 200 oilaga uy-joylarini ta’mirlash uchun moddiy yordam ko‘rsatilmoqda. Ayni kunda yana 400 nafar oilaning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan poytaxtimizning Yunusobod tumanida ham tashkil etildi. Tumandagi barcha mahallalardagi xonadonlar o‘rganilib, ko‘ngli yarim yurtdoshlarimiz, yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan xonadonlar, qaramog‘ida alohida ehtiyojli bemorlarni parvarishlayotgan oilalar aniqlandi. Ularga zarur amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

– Ikkinchi guruh nogironi bo‘lishimga qaramay, oilaga ko‘mak deb "Maxsustrans" korxonasida ishlayman, – deydi tumanning Mustaqillik mahallasida istiqomat etuvchi Muzaffar Jalolov. – Umr yo‘ldoshim farzandlar tarbiyasi bilan mashg‘ul. Bugun yurtimizda hech bir ehtiyojmand oila davlat, jamiyat e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolmayapti. Bunday amaliy rag‘bat, e’tibor uchun chin yurakdan minnatdorlik bildiraman.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining shu kabi xayrli tadbirlari yurtimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.

Nazokat Usmonova, O‘zA
9 413