O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

Oy yogʻdusida aytilgan alla

Oy yogʻdusida aytilgan alla

Toshkent Fotosuratlar uyida beshik tarixiga bagʻishlangan “Oy yogʻdusida aytilgan alla” koʻrgazmasi ochildi.

Koʻrgazma Islom Karimov nomidagi jamgʻarma tomonidan tashkil etilgan boʻlib, joriy yilning 25-noyabriga qadar davom etadi.

Loyiha Oʻzbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi va anʼanaviy hunarmandchiligini ommalashtirishga qaratilgan. Koʻrgazma orqali tomoshabinlar Toshkent, Margʻilon, Andijon, Xiva va Gʻijduvonning mohir beshiksoz ustalari ijodiy ishlari bilan tanishadi.

Ekspozitsiyada anʼanaviy beshiksozlikning yogʻoch sinchni tayyorlashdan tortib naqsh solishgacha boʻlgan jarayonini tasvirlovchi fotosuratlar namoyish etilgan. Xalq ustalari ishlarining xilma-xil namunalari, har bir qismning oʻta aniqligi va yorqin naqshlarning oʻziga xosligi koʻrgazmaga tashrif buyurganlarga nafaqat milliy madaniyatimiz goʻzalligidan bahramand boʻlish, balki oʻzbek beshigining tarixiy-maishiy ahamiyatini his etish imkonini ham beradi.

Oʻzbekistonda 1990-yillar oʻrtalarida beshik tayyorlash boʻyicha koʻhna markazlar tiklanib, yangilari paydo boʻla boshladi. Bugungi kunda ayrim qishloq va shaharlarda ushbu hunar bilan shugʻullanishadi. Ular orasida Fargʻona vodiysining Andijon, Namangan, Margʻilon shaharlarini eng muhim beshiksozlik markazlari sifatida eʼtirof etish mumkin. Respublikamizning markaziy va shimoliy hududlari – Toshkent, Samarqand viloyatining Urgut, Buxoro viloyatining Gʻijduvon va Navoiy viloyatining Karmana tumanlarida bu hunar yaxshi rivojlangan. Surxondaryoda esa beshiksozlik Boysunda yaxshi taraqqiy etgan. Xorazm viloyatida beshik Urganch, Xazorasp va Xivada yasaladi. Beshik yasash va boʻyash boʻyicha har bir viloyatning oʻz uslubi bor.

Sulolaviy ustalar ishlab chiqarish jarayonining nozik jihatlarini oʻzlashtirish, bu borada mualliflik “dastxati”ga ega boʻlish uchun yillar davomida beshik tayyorlash sirlarini oʻrganadilar. Bu hunar ustozdan shogirdiga oʻtganda, “beshiksozlik” anʼanasini saqlab qolgan holda qandaydir yangilik kiritishni nazarda tutadi.

Bir necha asrlar muqaddam paydo boʻlgan beshik Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatining ajralmas qismiga aylandi va hatto bugungi davrda ham oʻz oʻrniga ega. Bularning bari teran ramziylik tufaylidir. Zotan, oʻzbek xalqi beshik timsolida chin maʼnoda muqaddas va moʻtabar voqelikni tasavvur etib kelgan.

465
Nazokat USMONOVA, OʻzA