Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.01.2018 16:52 Chop etish versiyasi

Oy borib, omon qaytmagan bolam…

BUGUNNING QADRI

O‘smir harbiy xizmatga o‘z oyog‘i bilan, sog‘-salomat jo‘nab, uyga temir tobutda qaytdi… Juvonmarg bo‘lgan yigit ota-onasini, bobosini, ukalarini va qorabayir otini yaxshi ko‘rardi…

Redaksiyaga maktub

Men endi nima qilaman dunyoda!!

O‘n sakkiz yil ko‘zimning qorachig‘iday avaylab katta qilganim, ziyrak, aql-farosatli suyanchig‘imdan — farzandim Sharofiddindan ayrilib qoldim.

1987 yili maktabni bitirgach, G‘allaoroldan Qarshiga borib, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash texnikumiga o‘qishga kirdi, ikkinchi yili Sovet Armiyasiga chaqirildi. Qarshi shahar vokzalidan men bilan quchoqlashib, o‘pishib: «Otajon, yigitchilik!» deb bag‘riga bosib, yaxshigina kayfiyatda jo‘nab ketdi.

Mana, besh oy qolganda, temir yashikda shishib ketgan jasadi keldi. Men jasadni ko‘rib hushimdan ketibman. Ukol qilib, dori-darmon bilan oyoqqa turg‘izishdi. O‘zimga kelgan zahoti yana bolaginamni ko‘rgim keldi, bir ko‘ray, deb yolvoraverganimdan so‘ng faqat jasadini ko‘rsatishdi, yuzini ko‘rsatishmadi. Lahadga qo‘yib, ko‘mib kelganimdan keyin ham o‘zimga kelolmadim.

«O‘ldi», deb telegramma oldik. Odamning ishongisi kelmaydi. Xizmatning qiyini o‘tgan, eng oxirgi xatlarida ham zarracha xafagarchilik bilinmasdi.

Lekin, insof bilan aytinglar, hech bo‘lmasa, o‘ligini hurmat qilishsa bo‘lmasmidi?! Telegrammani olib, jo‘nab ketgan ukalarim — Baxtiyorjon va Rofijon shunday hikoya qiladilar: «Borib ko‘rsak, beshta o‘lik beton ustiga yotqizib qo‘yilgan ekan, biri tanib bo‘lmaydigan darajada shishib ketgan. Sharofiddinniki ham endi ayniy boshlagan ekan. Jasadlar dorilanmagan, muzlatilmagan, xor bo‘lib yotibdi. Bir-ikki kun kechiksak, nima bo‘lardi?! Pul bilan samolyotni gaplashdnk. Tobut yo‘q. Pul beramiz desak ko‘nmaydi. Aroq topib kelsang, yasab beraman, deydi. Aroq talonga ekan. Bir leytenantdan 70 so‘mga talon olib, aroq keltirib berdik… O‘likni uyga olib kelguncha butkul shishib ketdi…»

Vo darig‘, bolaginamning o‘zi xizmatga kulib chiqib ketgan uyga o‘ligini qo‘ydik. Hidiga turib bo‘lmaydi. Isiriq, o‘t yoqib yuvdik, kirib xayr-xo‘sh qilib ham bo‘lmadi.

Sovxozda yashaymiz. Agar fermada bir qo‘y o‘lsa, kamida to‘rt guvoh bilan akt qilib, imzolaymiz, terisi va tuyog‘ini ashyoviy dalil tarzida qo‘shamiz, nohiya, viloyat agrosanoat rahbarlari oldida hukumatga hisob beramiz… Odam o‘lsa-chi! Hech kim so‘ramaydimi! Odamning davlatga sovxozning qo‘yichalik qadri yo‘qmi! Menga kelib, xizmat qilgan yeridan hisob bermaydimi? Men bolamni osonlik bilan katta qilganim yo‘q edi…

O‘n sakkiz yil bola boqib, hukumatga shu uchun berdikmi! Uch ukasi katta bo‘lmoqda. Erta-indin ularga ham povestka kelsa, tartibi shunaqa bo‘lgan armiyaga endi ularni qanday jo‘nataman. Jo‘natmayman, desam haqim bordir!..


Musurmon Abdusalomov,
G‘allaorol nohiyasi G‘afur G‘ulom nomidagi sovxozning 1-bo‘limi».


Men bu qishloqni uzoq deb o‘ylamagan edim. G‘allaorol Toshkent — Samarqand yo‘lining chap tomonida, G‘afur G‘ulom sovxozi esa 55-60 km ichkarida ekan. Bir soat yurib, yo‘lda bir kishinigina uchratdik. Yo‘lning ikki yoni poyonsiz sahrolar, kengliklar; qurigan sho‘ra, sariqtikanlar, faqatgina yantoq ko‘karib turibdi. Unda-bunda qayirlardagi buloqlar tevaragida qishloqchalar paydo bo‘lgan ko‘rinadi. Bu qishloqlarning nomi ham shundan. Jarbuloq, Safarbuloq, Toshbuloq, Qizilbuloq, Korizquduq… Toponomiya bilan shug‘ullanadigan olimlarimiz shu yoqlarga borsalar qiziq nomlar etimologiyasini o‘rgansalar bo‘ladi: Beshbola, Juma, Xatcha Juma (bu qishloqqa tog‘ xat solib o‘tgan), Oqqovun, Qoratosh…

Biz shahar va qishloq o‘rtasidagi tafovutni yo‘qotish haqida kerilib gapirib keldik. Bu qishloqlarni ko‘rgach, men hali hech ish qilganimiz yo‘q, degan fikrdaman. Hali feodalizm davridagi ahvolda qolib ketgan yerlar juda ko‘p ekan. Mabodo, XVII asr haqida film olinsa, xarajat qilib, pavilyon yasatmay, o‘sha yoqlarga boraversa bo‘ladi. Gazlashtirish, kanalizatsiya haqida o‘ylash — yozning o‘rtasida qorni orzu qilishday gap. Loysuvoq tomlar, tolyog‘ochdan qurilgan ko‘priklar, chang-qo‘par yo‘llar… Jamiyat bu olis go‘shalarni, qadam yetmas qishloqlarni unutgan!.. Ammo ularning farzandlarini harbiy xizmatga olishni unutmaydi. O‘ylab qolaman: Davlat va shaxs munosabatlari qanday belgilanadi — davlat bizga nima berdi, biz davlatga nima berdik?..

Musurmonqul aka o‘g‘li Sharofiddinni berdi!

Cho‘ntagimdagi xat ko‘kragimni kuydiradi.

Men bilan birga borgan nohiya ijroiya qo‘mitasi xodimi qishloq sho‘rosi binosida tushib qoldi. O‘lik chiqqan uyga borish, yarasini yangilash og‘ir… Qishloq sho‘rosi raisining o‘rinbosari, do‘stimiz Murtazo va Bahrom — to‘rt kishi kirib bordik. So‘rashdik, o‘tirdik, yuzga fotiha tortdik.

— O‘ligini shu xonadan chiqarganmiz,— xo‘rsindi ota.

Oraga jimlik cho‘kdi. Shkaf ustida shahid yigitning suratlari. Birida maktab payti, boshqasida — askarlik kiyimida, yana birida — ot minib tushgan. Umuman, u sportni, chavandozlikni yaxshi ko‘rgan. Xatlarida ham yozgan… Musurmonqul akaning ijozati bilan xatlarni varaqlayman.

U deyarli har kuni yozgan. Otasiga alohida, oyisiga alohida, ukalari, singillariga alohida-alohida.

«Assalomu alaykum dadajon, charchamasdan yuribsizmi? Onamning sog‘liqlari yaxshimi!… Xat yozmay qo‘ydingiz. 2 oyu 17 kun bo‘ldi sizdan xat olmaganimga. Siz yozmasangiz, kim yozadi, dadajon! Aytganday, do‘stlarim yurishibdimi?»

«Dada, Zayniddinjon yigitlar safiga qo‘shilib qoldimi? Shuhriddinjonning gaplaridan ma’no chiqyaptimi yo haliyam burni oqib yuribdimi? Televizorda Xalq deputatlari syezdini ko‘rdik. Dada, hali yaxshi zamonlar keladi. Xat yozib turinglar… 27 may, 1989 yil».

«Dada, siz qirqib yuborgan «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati»dagi maqolalarni o‘qidim. Rahmat. Ovqat berishsa, tortinish yo‘q. Ruslar ko‘p. Sala (cho‘chqa yog‘i — K.B.) bilan u-bu qovurib, yeb turibmiz. O‘zingiz bilasiz, musulmonlar cho‘chqa go‘shti yemaydi. Boshga tushsa, noiloj… Qozog‘istonlik bir o‘rtog‘im bor — Yerik degan, bir qochoqni otib tashlagan, shu uchun otpuskaga ketadi… 10.09.88».

«Farg‘onada janjal bo‘libdi, televizorda ko‘rsatdi, men postda edim, ko‘rganlar aytib berishdi… Ishqilib, tinchlik bo‘lsin-da. 32 kilolik toshni bir marta ko‘tardim, turnikda 17 marta tortildim, chopishdan o‘n birinchi o‘rinni oldim. Otishdan «otlichno», bir borganimda 6 ta o‘q bilan 3 ta nishonni urgan edim, vzvod komandirim: «Malades, basmach!» — deb qo‘ydi; devoriy gazetada ham maqtab chiqibdi…»

«Soldat bo‘laman, deb o‘ylamagan ham edim. Kiyimi qiziq bo‘larkan. Bolalar bilan o‘tirsak, kulamiz — bushlat katta-yu, ishton kichik, birovlarni telpagi shalvirab osilib turadi… Umuman, qiziqarli. 15.12.87».

«Ukajonim Shuhriddin, otni minib yuribsanmi yo mindirmay olib qochib ketadimi? Darslar miyangni achitgani yo‘qmi, domlalar o‘sha-o‘shami? Yaxshilab rasmga tushib, menga yubor — bir ko‘ray… 24.04.88».

«Dadajon, Shuhriddin to‘g‘risida oz-moz hafagarchilikni yozibsiz. Dada, o‘zingizni asrang, hammasi yaxshi bo‘lib ketadi. Urish-so‘kish bilan odam qilolmaysiz, qaytanga bo‘m-bo‘m bo‘lib qoladi, o‘jar, qaysar bo‘ladi… O‘zbekcha ro‘znomalardan jo‘natinglar».

Askar yigitning maktublari. Nega men bu xatlarni keltiryapman? Ularda ota-onasini, ukalarini, qishlog‘ini sevadigan yigitning qalbi ko‘rinadi. Bugun u oramizda yo‘q, maktublarni o‘qib, qanday yaxshi bir yigitdan ajralganimizni ko‘ngildan kechiryapman.

— O‘razali ismli o‘zbek yigiti va Erk ismli qozoq yigit tobutni kuzatib birga kelishdi. So‘rasak, ikkalasi ikki xil gapiradi. Oxiri nohiya harbiy komissariatidagilar meni kelgan askarlar bilan gaplashmaysan, deyishdi. Chetga olib so‘rasam, qozoq yigit: «Otaxon, bizlarga Sharofiddinning qanday o‘lganini aytma, dizbatga qamalasan, deyishgan. Xizmat tugasin, uyga kelsam yozib yuboraman», dedi… Endi bolamizni qaytarib bo‘lmaydi. Ammo haqiqatni bilsak ko‘ngil taskin topardi, – dedi bizga Musurmonqul aka.

Qo‘limda uning so‘nggi maktubi: «Dadajon, sog‘-salomatman. Xizmat ham tugaydi, yuz ko‘rishamiz. Katta otamga ayting, men borguncha hassa olmasinlar…» Bu maktub yo‘lda borayotganda, Sharofiddin allaqachon dunyodan ko‘z yumgan edi.

Telegramma: «G‘allaorol nohiya harbiy komissariga. Askar yigit Abdusalomov Sharofiddin o‘ldi. Ota-onasiga xabar qiling…»


G‘allaoroldan qaytdim, harbiy xizmatdan kelganlar, oqsoqollar, yigitlar bilan suhbatlashdim va bugun harbiy xizmat muammolari ham ulkan bir dardga aylanganini sezdim. O‘z mulohazalarimni sizga havola qilgim keldi.

Biz uzoq yillar harbiy xizmat haqidagi haqiqatni aytmay keldik. «Davlat siri» nomli niqob orasida qanchalab adolatsizliklar kechayotgani ayon bo‘ldi. Albatta, davlat siri ham mavjuddir. Ammo askar yigitlarning turmushi, oziq-ovqati, o‘y-kechinmalari — davlat siri emas. Bugun shular haqida ham so‘zlash kerak!

Davlat sirini matbuotda asrash shart emas. Sirni mengacha — muxbirgacha asrash lozim. Men bilgach, u endi sir emas, u — hammaga ma’lum «sir».

Biz bu yoqda — ko‘chada birov ikki tarsaki ursa ham, sudga berib, qamatamiz. Axir, bir soldat o‘lsa, uning aybdori kimligini aniqlab, jazolash kerak! Ehtimol, qotil jazolanayotgan hamdir. Ammo qurbonning ota-onalari to‘liq ma’lumot ololmay yotibdilar. Holbuki, bugun harbiy xizmatdan o‘lib qaytayotganlar soni oshib boryapti. Yo‘q, buni men havodan olganim yo‘q…

Afg‘onistonda o‘lganlarga sabab topish mumkin — har holda, u yoqda urush, qirg‘inbarot bo‘lgan. Xo‘sh, mamlakat ichida urush yo‘q, qirg‘in yo‘q, nega askar yigitlar shahid bo‘lmoqda. Men Mudofaa vazirligi organlaridan shahidlar sonini olishga ko‘zim yetmay, duch kelgan qishloq sho‘rolaridan surishtirdim. Mana, ayrim faktlar: G‘allaorol nohiya G‘o‘bdin qishloq Sho‘rosidan: Islomov Nuriddin, Krasnoyarskda xizmat qilgan, xizmat oxiriga 15 kun qolganda o‘lgan; Usmonov Olimjon, Moskva harbiy okrugida xizmat qilgan, 1988 yil, 19 mayda xizmat tugagan kuni «tomdan yiqilib» o‘lgan; Tojiboyev Ahtam, Uzoq Sharqda xizmat qilgan, 1988 yil 31 oktabrda o‘lgan… Samarqand viloyati Urgut nohiyasidagi G‘o‘s qishloq Sho‘rosida keyingi uch yil ichida birdan bir necha yigitning jasadi keldi, hammasi mamlakat ichkarisida harbiy xizmat qilayotgan yigitlar, G‘allaoroldagi Ittifoq qishloq Sho‘rosidan oxirgi uch yilda bir necha askar yigitning o‘ligi keldi — Abdujabborov Shuhrat, Samatov S., Bo‘riboyev Faxriddin, Abdusalomov Sharofiddin…

Yoronlar, bu yigitlarning har biri ota-onasining dilbandi edi-ku! Bir yigit voyaga yetguncha qanchalar jafo chekadi ota-ona: tetapoya bo‘lganda, yiqilmasin, deb hadiksirashlar, har begona shamoldan asrash, maktabga borsa, yo‘lini poylab o‘tirishlar. O‘zi yemay-ichmay yedirib, o‘zi ichmay-ichkazib o‘stirishlar… U alp-qomat yigit bo‘lganda, mana shunday o‘lib ketaversa…

Askar yigit o‘ldi!..

Bir oqibatsizlik meni hayratga soladi. Har gal yigitlarimiz halok bo‘lgach, ularning uylariga xabar qilishadi, ota-onasi, qavmi-qarindoshlari, dunyoning u chekkasidan bo‘lsa ham, borib olib kelishlari kerak. Xarajatlar, ovoragarchiliklar ham mayli, ammo xabar kelguncha, urinib-surinib borguncha, so‘ng olib kelguncha, ancha vaqt o‘tib, jasad irib ado bo‘ladi, peshonasidan bir o‘pib so‘nggi yo‘lga — dorulbaqoga jo‘natmoq uchun yaqiniga yo‘lab ham bo‘lmaydi. Yigitni birov urib o‘ldirganmi yoxud o‘zini o‘zi o‘ldirganmi, kasallikdan jon berganmi, suvga cho‘kib o‘lganmi, harbiy qism u halok bo‘lgach, uyiga kutib olishni xabar qilib, tezda o‘zlari yo‘lga olib chiqsa bo‘lmasmikan? Axir, tirigida ro‘shnolik ko‘rmagan, nada bir qiz sochini silab, kuyovlik to‘nini kiymagan, gulday yoshida xorlikda o‘lgan yigitning, hech bo‘lmaganda, o‘ligi ehtiromdan xoli bo‘lmasin! Uni dunyoga qaytarish qo‘limizdan kelmas ekan, hech bo‘lmaganda, jasadini e’zoz bilan ko‘maylik, qo‘limizdan keladigan shu so‘nggi yaxshilikni qilaylik, axir!.. Bu bizning odamligimizni unutmaganimizdan dalolat bo‘ladi.

Sharofiddinning ota-onasi o‘g‘illari o‘zini-o‘zi otganiga ishonishmaydi. Agar shunday bo‘lsa ham, o‘ylaymanki, harbiy qismda bu kabi hodisalar chuqur o‘rganilishi, agar, birov otgan bo‘lsa, aybdor jazolanishi, ota-onalar sudga taklif qilinishi, borsa-bordi, bormasa jinoiy ish va hukm nusxasi jo‘natilishi, xulosalar bayon qilinishi kerak. Tokim, turli ko‘ngilbuzar gaplarga o‘rin qolmasin. Xo‘p, birov o‘ldirmabdi, o‘zini-o‘zi o‘ldiribdi, deylik. Lekin odam xursandchilikdan o‘zini o‘ldirmaydi. Demak, harbiy qismdagi ma’naviy-ruhiy muhit yaxshi emas, demak, askar yigit yashagisi kelmay qolgan, yashay olmay qolgan. Ahvol shunday qolaversa, ertaga yana birov, indin yana birov shunday qilaveradi… Navbatdagi qurbon kim bo‘ladi?

O‘z-o‘zini o‘ldirish… Bu hodisaning chuqur iqtisodiy-siyosiy, maishiy-ma’naviy va ruhiy sabablari bor, albatta. Men harbiy qismlarda o‘zlarini o‘ldirganlar sonini bilmayman, ammo mamlakat bo‘yicha shunday ma’lumotga egaman. SSSRda 1984 yilda — 81 ming, 1985 yilda — 68 ming, 1986 yilda — 53 ming, 1987 yilda — 54 ming kishi o‘zini-o‘zi halok qilgan. AQShda har 100 000 kishidan 12 kishi, Angliyada — 9 kishi, SSSR da — 19 kishi o‘zini o‘ldirmoqda.

Yigitlar — xalqlarning maqtovi, ko‘rki,
Naslning javhari, davlat tayanchi.

G‘afur G‘ulomning ushbu so‘zlari yodimizda bo‘lsin! Jamiyatning kelajagi, kelinchaklarimizning chehrasi oydin bo‘lsin desak, yigitlarni asraylik!

Men shunday fikrdaman (agar siz qo‘shilmasangiz fikringizni ayting): hozirgi armiya tartibi bizga urush davridan qolgan, stalincha strukturadir. Konstitutsiyada har bir sovet grajdani harbiy xizmat qilishi kerakligi qayd etilgan. Ommaviy harbiy majburiyat — urush holatining hosilidir. Bugun dunyoviy siyosatda ahvol o‘zgardi, ilmiy-texnika revolutsiyasi oldimizga yangicha voqelikni ko‘ndalang qo‘ydi, keling, tarixan o‘ylab ko‘raylik.

Xo‘sh, yillar davomida armiya jamiyatga nima berdiyu jamiyat armiyaga nima berdi. Xalq deputatari syezdida aytildi — birgina 1989 yilda armiyaga davlat byudjetidan 77,3 milliard so‘m ajratildi (Harbiy kosmos — 3,9 milliard so‘m). Hukumat boshlig‘i N.I.Rijkov so‘zi: «O‘n yillar davomida mamlakat mudofaa sanoatiga eng tajribali, mohir kadrlarni yo‘lladi. Davlat byudjeti hisobidan ilmiy tadiqotlarni ta’minlash uchun ajratiladigan mablag‘ning 75 foizi harbiy tadqiqotlar yo‘nalishiga ajratildi, qolgan hammaga — 25 foiz». («Argumentы i faktы», № 33 (462). Buni o‘zimizning jo‘yali tilga o‘girsak, Sharofiddinning qishlog‘i bilan nohiya o‘rtasida telefon aloqasi yo‘q, «tez yordam» chaqirolmay, kasal uzilishi mumkin; ammo tovushdan tez uchuvchi raketalar bor. Yana: o‘zbek, dehqonining og‘irini yengil qiladigan paxta mashinasi yaratilmaydi-yu, parashyutdan suvga tashlasa, cho‘kmaydigan tanklar bor!..

Akademik A.Saxarovning hisob-kitoblariga qaraganda, bizning armiya dunyoda eng ko‘p sonli armiyadir. Yer yuzidagi eng katta uch mamlakat (Xitoy, AQSh va GFR) armiyasini qo‘shib hisoblasak ham, bizniki ko‘p. («Ogonyok», № 31, 1988 yil).

Hayotning o‘zi harbiylar sonini va ularga ketayotgan xarajatlarni qisqartirishni taqozo qilmoqda, chunki xalqning dasturxoni quruq bo‘lib, qilichi katta bo‘lsa, u — och odam — bu qilichni ko‘tarolmay qoladi. Qayta qurish siyosatining natijasi o‘laroq, dunyoda davlatimizga nisbatan xayrixohlik kayfiyati yuzaga keldi. Bugun mamlakatimizga harbiy tahdid xavfi yo‘q. Bunday sharoitda ko‘p sonli armiyani o‘n-o‘n besh yillab ushlab turish oqilona ish emas. Harbiy texnikaning zamonaviylashuvi, elektron va komputer qurollari ishlab chiqilishi, yerning sun’iy yo‘ldoshlari va harbiy fazo yutuqlari, yangicha voqe’lik yaratdi — endi urush bo‘lsa ham, butun aholi qurol olib maydonga tushmaydi. O‘ylaymanki, endi ommaviy harbiy majburiyat shart emas!

SSSR Oliy Soveti, xalq deputatlari buni anglamoqdalar, ayrim jo‘yali qadamlar qo‘yildi: 1995 yilga kelib, harbiy xarajatlar 1,5-2 baravar qisqartiriladi, shu besh yillikda bizning sir saqlab kelingan harbiy xarajatimiz 30 milliard so‘mga qisqardi. 1995 yilga borib, mudofaa kompleksi ishlab chiqayotgan mahsulotning 60 foizi tinch maqsadlarga mo‘ljallangan bo‘ladi… Bu xayrli qadam.

Ammo harbiy qismlardagi hoziri ahvol bizni tashvishlantiradi. Yillar davomida ildiz otib kelgan ikki kasallik bor — «dedlik» va «mahalliychilik»… «Ded» — bu xizmat qilib qo‘ygan «otaxon», uning aytgani-aytgan, degani-degan. Yangi borganlar ustidan haqorat va xo‘rliklar yog‘iladi. Ro‘znomalar bir qozoq yigitini qirchillama sovuqda hojatxonaga minib borib kelganliklarini, u o‘zini osib qo‘yganini yozishdi. Harbiy xizmatdagi bir askar uzoq g‘ayriinsoniy xo‘rliklardan keyin, g‘azab otiga minib, avtomatdan sakkiz kishini otib tashlagani bizga ma’lum. («Ogonyok», № 31, 1 1989 yil). O‘z vaqtida «ded»lar ezgan askar yigit o‘zi «ded» bo‘ladi va yangi «mishiqi»larni ezadi. Yovuz haqorat va xo‘rlikning bu zanjiri harbiy qismlarda yillar davomida hukm surib kelmoqda. Xo‘sh, nega jamiyat bong urmadi, dersiz?

Yosh shoirning bir she’rida uyga qaytayotgan askar yigit eshikdan kirish oldidan oq sochlarini yulib tashlaydi. Bu juda topilgan chizgi. Ha, askar yigit, jabru sitamdan oqargan sochlarini onaizor ko‘rishini istamaydi. Xatda ham «sog‘-salomatman», deb yozaveradi. Urib-tepib, ezib yuborishgan bo‘lsa ham, barmog‘ini nuqib: «Vo-o, juda zo‘r yashadim!», deb uyga kirib keladi. Chunki, bizning o‘zbek yigitlari mardona yigitlar-da. Turtki yeb bo‘lsa-da, qaytib kelayotgan edilar. Ammo endi murdalari kelayotgan ekan, bunga chidab bo‘lmaydi!

Menga vahima qilyapsan, bir-ikki yigit-da, deyishingiz mumkin. Avvalo, bir-ikki emas. Keyin, agar halok bo‘lgan yigitni o‘n sakkiz yil o‘stirgan odamning o‘rniga o‘zingizni qo‘ysangiz, bilasiz — bitta yigit kam emas, bu — bir dunyo!..

«Mahalliychilik» shuki, qayerda bir yerlik, bir millat bolasi ko‘p bo‘lsa, ozlarga zug‘um qiladilar. Bu salbiy hodisalar bizga yillar bo‘yi singdirilgan aqida — armiya o‘smirni odam qiladi, toblaydi, degan xulosa unchalik to‘g‘ri emasligini ko‘rsatib turibdi.

Odam g‘o‘rligi, uquvsizligi uchun jabr chekish mumkin, lekin u millat vakili ekani uchun xo‘rlanmaydn — xoh o‘zbek, xoh tojik, xoh rus bo‘lsin.

Harbiy xizmat gohida yigitlarni dag‘al, shafqatsiz qilib yuborayotganini, yillar bo‘yi oila va maktab shakllantirgan o‘smir xulq-atvorini sindirib qo‘yganing ham ko‘ryapmiz. Maktabda musichaga ozor bermaydigan, traktor bosib ketgan chumoliga achinib yig‘lab o‘tiradigan ko‘ngli bo‘sh o‘smir, gohida harbiy xizmatdan shafqatsizlik ko‘rib qaytgach, oldida birov boshqani so‘ysa ham beparvo o‘tiradigan qo‘rsga aylanayotgani sir emas!

Buning ustiga, ularning chanqoq nigohi ayrim ko‘zbo‘yamachiliklarga ham tushadi, mug‘ombir qilib qo‘yadi. Menga hech joyda yozilmagan, latifaga aylangan, ammo amal qiladigan bir «Nizom»ni aytib berishdi va amal qilsang, xavotirsiz xizmat qilish mumkin, deyishdi, mana u — ikki banddan iborat: ?) Komandir har doim haq; 2) Agar komandir nohaq bo‘lsa, birinchi band bo‘yicha ish ko‘r!»

Xo‘sh, kishi o‘lgach rostlik bordir? Hali hech kim o‘limni alday olgani yo‘q, o‘lim hech kimdan ruxsat so‘rab kelgan emas! Yo‘q, yigitlarning guvohlik berishicha, kaltakdan, o‘qdan o‘lgan askarlarni jinoiy ish qo‘zg‘atmaslik uchun gohida tok urdi, o‘zini osib qo‘ydi, tomdan yiqildi kabi hech kimni gunohkor qilmaydigan bahonalar bilan bostirib yuborilar ekan. Yoki biror-bir ayolga tegajoqlik qilib, eri to‘rtinchi qavatdan tashlab yuborgan, ehtiyotsizlik orqasida ko‘prikdan suvga tushib ketgan askarning uyiga ham: «O‘g‘lingiz xizmat vazifasini bajarayotganda qahramonlarcha halok bo‘ldi!», deb xat yozishadi. To‘g‘ri, bunday xatdan ota-ona taskin topadi… Ammo bu ma’naviy jinoyatning boshqa tomoni ham mavjud — rostdan ham, yovuz jinoyatchining o‘qidan o‘lgan yigitlar bor, allaqanday suyuqoyoqning o‘limini ham ularga tenglash — haqiqiy jasoratga haqoratdir. Askar yigitlarimiz faqat adolat namunasida tarbiya topishlari lozim.

Soldatlarga, tekin ishchi kuchi, deb qarash ham bor. Vokzalda yarim tunda favqulodda yuk tushirish, chirigan kartoshkani yig‘ishtirish, temir yo‘lni tuzatish, izg‘irinda qor kurash… Hech kim qilmaydigan ishni qilishadi. Xo‘sh, qancha oylik olishadi: Bir yigitdan so‘radim? — oyiga 3 so‘m 80 tiyin, serjant bo‘lsa 10 so‘mu 80 tiyin oladi. Ovqat-chi? Soldat kartoshka, «grechka», «kasha», suyuq sho‘rva ichadi. Alyumin tovoq-qoshiqda tanovul qiladi, temir stakanda choy ichadi. Nima qipti, armiya-da, dersiz. Soldat odam bo‘lishi uchun azob ko‘rishi shartmi? Nega armiyadan ularning ko‘nglini qoldirish kerak?

Qolaversa, bugun soldatlar yordamida ulkan qurilishlar bunyod etilmoqda, dalalar hosili yig‘ib olinmoqda, temir yo‘llar yotqizilmoqda… Ana shularning foydasi hisobiga soldatni tuzukroq boqsa bo‘ladi!

Men armiya hozirgi sharoitda professionallashishi kerak, deb o‘ylayman. Bu jamiyatning boshqa jabhalaridagidek kechadi.

Birinchidan, u qisqaradi, ya’ni har bir millatga himoya uchun yetarli, ammo hujum qilishga yetmaydigan qo‘shin kerak, shunda hamma o‘zini xavfsiz sezadi. Bu harbiylar sonini keskin kamaytirishni taqozo qiladi.

Ikkinchidan, hammani ikki-uch yildan soldat bo‘lishga majbur qilish o‘rniga, professional shaxtyor, malakali kibernetik olim kabi, professional soldat bo‘ladi, u o‘z ishini puxta biladi. Hozir harbiy texnika juda murakkab, soldat esa uyga qaytib barini unutadi. Yangi texnika turlari chiqadi. Yangi soldatlar o‘rganadi, yana borib ketmon chopaveradi. Axir, biz hamma ikki yildan vrach bo‘lishi kerak, demaymiz-ku! Bunday vrachga biz o‘z sog‘lig‘imizni ishonmaymiz, xo‘sh, nega davlatimiz xavfsizligini ikki yillik soldatga ishonishimiz kerak? Agar soldatlik kasbga aylansa, u ishonchli, mustahkam qo‘riqchiga aylanadi.

Uchinchidan, bunday harbiy kollektivda «ded»lik, zo‘ravonlik bo‘lmaydi. Axir, bir meditsina kollektivida katta vrachlar kichik vrachlarni mushtlab yurmaydiku?

Hamma harbiy komissariatlar peshtoqiga: «Armiya i narod — yedinы», ya’ni «Armiya va xalq — mushtarak», deb yozib qo‘yilgan. Keyingi yillar voqealari bu birlikka rahna soldi. Tbilisidagi namoyishchilarni bostirishda soldatlar qatnashuvi bizning insonparvar armiyamiz obro‘siga putur yetkazdi, armiya o‘zi «mushtarak» xalqni bostirishga ishlatishini — jinoyat deb qaralishi kerakligi syezdda ham aytildi.

Farg‘onada ham soldatlarning maydonga tushishi shunday bir holdir. Kuch ishlatish kerak bo‘lsa, bu bilan militsiya shug‘ullansin. Unga texnika, yordam berilsin. Askar avtomat ushlab o‘z xalqiga o‘qtalmasin. Chunki, uni harbiy xizmatga kuzayotgan onaizor birovni otishini istamaydi.

«Za Rodinu» ro‘znomasining shu yil 20 iyul sonidagi N. Vasilevning «Farg‘ona aks-sadosi» maqolasida, O‘zbekistondagi fojialar soldatlar shafqatsiz harakat qilmagani uchun yuz berdi, degan fikr olg‘a suriladi. Zapasidagi mayor N. Vasilevning jabr chekkanlarga xayrixohligiga ishonganda ham, uning tinchlik soldat miltig‘i yordamida o‘rnatilishini qo‘msashiga qo‘shilib bo‘lmaydi. Odamlarning murdasi ustidan o‘tib boriladigan osoyishtalikni oqlash mumkin emas.

Armiya Vatanni dushmanlaridan himoya qilishi lozim, u Vatanni o‘z xalqidan himoya qilishi kerak emas. Harbiy qasamda Vatan himoyasiga tayyorlik va dushman ustidan g‘alabaga erishish ta’kidlangan. «Imperializmning SSSR va uning ittifoqchilariga qarshi kirdikorlarini» har qanday yo‘l bilan bostirish, «bosqinchini yanchib tashlash»ga qasam ichgan askar yigitlar namoyishlarni bostirishga tashlansa, nima bo‘ladi? Bunday hodisalar armiyaning obro‘sini tushiradi. Onalar o‘g‘illarini hadik va xavotir bilan kuzatadilar. Hozirgiday ayrimlar kasallik varaqasi qilib yoki o‘qishga joylab xizmatdan olib qolmoq payida bo‘ladilar.

Ikkinchi hodisa — Afg‘oniston. Bu urush haqida turli fikrlar yuribdi. Ammo soldat buyruqni bajargan. Modomiki, bu ish noto‘g‘ri bo‘lgan ekan, siyosatchilar, harbiy ekspertlar javob berishlari kerak. Ko‘chada Afg‘onda xizmat qilgan soldatni ko‘rib, «Jallod!» deb, barmoqni bigiz etmaylik.

Yana bir mulohaza. Yaqinda Toshkent aeroportiga qo‘ndim. Ko‘rgan bo‘lsangiz kerak, mahalliy yo‘nalishlar tomonidan chiqaverishda temir to‘sinlar bor. Bu yerda harbiy xizmatga chaqirilganlarni jo‘nash oldidan joylashtirib turishadi. Qarasam, odam ko‘p, tepadan issiq uradi, bir umr paxta dalasidan chiqmagan bolalar komandirning ruschalashini tushunishmadi, shekilli, yoshgina serjant sherigiga qarab: «Iz etix baranov nado delat soldata!», — dedi. Bu og‘ziga kuchi yetmagan ikki serjantning jizzakiligiga qo‘l siltab qo‘ysam ham bo‘lardi. Ammo osiyolik millatlarga savodsiz, befahm, deb qarash keng tarqalgan. Buning ustiga, Farg‘onadagi voqealarning ayrim ro‘znoma va oynomalarda ortiqcha ko‘pirtirilishidan, «o‘zbeklar yovuz» degan tuhmat ham qo‘shildi. Xo‘sh, rostdan ham savodsiz bo‘lsalar; bu norg‘ul yigitlarning aybi nima? Qishloqlarida san’at saroylari, teatru muzeylar bor-u, ular o‘qishni istamaydilarmi? Yo‘q. Paxta yakkahokimligi oqibatida, aholining qashshoqlashuvi, madaniy muassasalar yo‘qligi, dalaga chiqishlar orqasida maktabdan qolishlari ularni shu ahvolga solmadimi, axir!..

Yurtimizdagi og‘ir ekologik ahvol, qishloq oilalaridagi qashshoqlik oqsil tanqisligiga, turli kasalliklarga olib kelayotgani, o‘smirlarimizni nimjon qilib qo‘yayotgani ko‘rinib turibdi. Vaziyat hatto millatning naslu nasabiga — genefondiga ham ta’sir o‘tkazmoqda, yigitlar ota-bobolariga qiyoslaganda, pachoqroq, kamquvvat bo‘lib qolmoqdalar. Ammo buning uchun ularni kamsitishga hech kimning haqi yo‘q. Chunki, bu fojialarda ulardan ko‘ra, ularni shu ko‘yga solgan jamiyat aybdordir.

«Nash sovremennik» oynomasida (1989 yil, 6-son) huquqshunoslik fanlari doktori G.Litvinova shu yigitlarning ustidan kulganday yozadi: «Sovet armiyasi safida harbiy-tarixiy tajribaga ega bo‘lgan millat yigitlarining qisqarishi oqibatida, harbiy-strategik topshiriqlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin». Tushunyapsizmi, Sharqda tug‘ilish ko‘pligi tufayli armiyada «harbiy-tarixiy tajribaga ega» bo‘lmagan millatlar «harbiy-strategik topshiriq»larni xavf ostiga qo‘yar emishlar. Bu yigitlar o‘tmishidagi jahongir bobolari bilan maqtansalar bo‘lardi. Ammo, bizning yigitlar — oqil, ko‘ngilchan…

O‘zbek o‘g‘lonlari astoydil xizmat qiladilar, uncha-muncha g‘ayur nazarlarga parvolari falak. Ammo, markaziy matbuotning Farg‘ona voqealarini bejab, «o‘zbeklar ruslarni so‘yayotganmish», «ayollarni paranji ostiga tiqisharmish» kabi talmovsirashlari, ayniqsa, «Ogonyok»da bosilgan «Ko‘lanka» kabi uzoqni o‘ylamay yozilgan maqolalar markaziy oliy o‘quv yurtlarida, boshqa jumhuriyatlarda, shuningdek, harbiy qismlarda o‘zbeklarga qarshi kayfiyat uyg‘otdi. Yigitlarimiz qo‘ng‘iroq qilib, maktublar yozib, haqoratlanayotganlarini, gohida mushtlashuv, yoqalashuvlarga borayotganliklarini aytishmoqda. Oxiri nimaga olib borishi ayon.

Qayta qurish harbiy siyosatni ham o‘rnidan qo‘zg‘atgan umidbaxsh hodisadir.

Yangicha, oqilona tafakkur ustun kelib, mashq kilayotgan tanklar, soldat etiklari ostida changib yotgan zaminga ketmon tushadi, rayhonu nastarinlar ekiladi, gullar tong chog‘ida shudringlarni silkib quyoshga peshvoz chiqadi, raketalardan bo‘shagan osmon qaldirg‘ochlarning chug‘uriga to‘ladi, deb umid qilaman!..

Maqolani tugatib, ustidan bir o‘qimoqchi bo‘lib turuvdim, telefon jiringladi. Tashvishli ovoz: «Allo, men Baliqchi nohiyasining Yettiqashqar qishlog‘idan, Anorxon degan sho‘rlik ayol bo‘laman. Peshonam qursin! O‘g‘lim Rustamjonning harbiydan qaytishiga ikki oy qolganda, o‘ligi keldi. Qozog‘istonda xizmat qilardi.. Yigirma kundan buyon o‘zimni qayga qo‘yishni bilmayman. Temir sandiqqa solib, ustini svarka qilib olib kelishdi. Ochgani qo‘yishmadi, teshigidan suvday erib bolaginamning badani oqadi. Odamning yog‘i oqadi, kul sepamiz. Voy-ey!..»

Ko‘zlarni tiyra ochish kerak!!!

Anorxon ayaga, tinch zamonda farzandlari shahid bo‘lgan onalarga boshqa nima deb taskin berishni bilmayman…

Karim Bahriyev,
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi,
1990 yil

O‘zAdan:

Bugungi kunda mustaqil armiyamiz bor. Chaqiruv yoshiga (18 yosh) yetgan va qonunga ko‘ra harbiy xizmatga majbur bo‘lgan, armiyaga borish uchun O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan fuqarolar Qurolli Kuchlarimiz saflariga tantanalar bilan kuzatiladi. Istiqlol yillarida voyaga yetgan avlodning aksariyati sovet armiyasidagi kechmish azoblardan bexabar.

Farzandi arjumandini asrab-avaylab, yemay yedirib, ichmay ichirib ulg‘aytirish mehnatini, zahmatini boshidan o‘tkazganlar anglaydi. Tasavvur qiling-a, ne-ne mashaqqat bilan voyaga yetkizganingiz, shajaramning davomchisi deya katta umid qilib turgan jigarporangizni harbiy xizmatga kuzatsangiz-u, uyga o‘ligi qaytsa! Yoki to‘rt muchasi but kelgan bahodir yigit yarimjon bo‘lib xonadoniga qaytsa!

O‘sha paytlari ahvolimiz shunaqa edi. Arxiv ma’lumotlari, o‘sha paytlari harbiyda bo‘lganlar yoki mahallasi, ovulida shunday voqeaning shohidi bo‘lganlar buni tasdiqlaydi.

O‘z davrida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan, ko‘pning dardi yoritilgan yuqoridagi maqolani yana e’lon qilishimizdan maqsad o‘tgan kunlar yodini unutmaslik, bugungi kunimizning qadriga yetishga undashdan iboratdir.

O‘zA
14 200