Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2018 17:12 Chop etish versiyasi

Ovoragarchiliklarning boisi nimada?

Ovoragarchiliklarning boisi nimada?

Suratlarda ko‘rib turganingizdek hamma tajang. Ushbu lavhalarni kuni kecha O‘zA fotomuxbiri olgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ushbu fototanqid 23 ming martadan ortiq ko‘rildi. Bu manzara respublikamizning chekka hududida emas, balki poytaxtimizning Uchtepa tumani gaz ta’minoti korxonasidagi holat.


"O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati rahbariyati diqqatiga!

Hamma tajang. Kimdir ishga, kimdir o‘qishga borishi kerak. Yoshi ulug‘lar, yosh bolalilar, kasalmandlar, hamma shu yerda go‘yo. Ular orasida tong yorishmasdan kelganlar ham bor. Vaqt tushlikka yaqinlashmoqda. Sabr kosasi to‘lganlar norozi ohangda nimalardir deganday bo‘lishadi...

Bu poytaxtimizning Uchtepa tumani gaz ta’minoti korxonasidagi manzara. Bino zali to‘lov qilish uchun kelgan fuqarolar bilan to‘lgan. Bu yerdagi kassalarda navbat kutib turganlarni sanasangiz, sanoqdan adashib ketasiz.

«O‘zsanoatqurilish bank» va «Ipoteka-bank» aksiyadorlik tijorat banklarining beshta mutaxassisi ishlamoqda. «Ipoteka-bank»ning uchta mutaxassisi uchun binoning kirish yo‘lagi burchagida stol-stullar qo‘yilgan. Qolgan ikkita mutaxassis uchun bir xona.

Binoda nafaqat mutaxassislar uchun, balki iste’molchilar uchun ham hech qanday sharoit yo‘q. Atigi bitta o‘tirg‘ich bor, xolos. Yosh bolalar yig‘lagan, keksalar devorga suyangan, yana kimdir navbatdan qolib ketmaslik uchun oyoq ustida omonatgina o‘tiribdi. Agar oldindagi kishini adashtirib qo‘ysangiz, qaytib navbatingizni topib bo‘psiz.

To‘lovlarni qabul qilayotgan xodimlarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Atrofda g‘ala-g‘ovur. Kim navbat olgan, yana kimdir dardini aytgan, boshqasi to‘lov noto‘g‘ri bo‘ldi, deb noligan. Mana shunday sharoitda kassa xodimlari biroz chalg‘isa, yo yozishda, yoki pul sanashda adashadi. Shunday ham bo‘lib turibdi.

– 2017- yil noyabr oyining 10-sanasida, dekabrning 16-sanasida to‘lov to‘laganman, – deydi o‘zini Rustam deb tanishtirgan yigit. – Hozir yana to‘lov qilmoqchi bo‘lib tekshirtirsam, dekabrdagi pul tushmagan emish. O‘sha paytda ishlagan kassir bola hozir bu yerdagilar orasida yo‘q. Boshqalariga murojaat qilsam, hamkasbi qilgan ishga boshqasi javob berolmas ekan. “Yaxshisi, bankning tumandagi filialiga borib keling”, deyishdi. Bu yerda ishim bitmadi. Lekin bir kunni deyarli yo‘qotdim.

Xunobi oshgan yigit shu gaplarni aytdiyu, shoshib bankka ketdi. Xo‘sh, bank mutaxassislari o‘z ishiga javob bermaydimi? Nega bank mutaxassislarini ushbu muassasaga yuborar ekan, bu masalani o‘ylab ko‘rmaydi? Ularning qilgan xatosi uchun iste’molchi ovora bo‘lishi kerakmi?

Ushbu muassasadagi ishlar davlatimiz rahbarining 2017 yil 13 noyabrdagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini jadal joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan. Ammo qarorda belgilanganidek, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirishni tashkil etishda kamchiliklar ko‘zga yaqqol tashlanmoqda.

– Sharoitimiz yomonligi, fuqarolar uchun qulayliklar yo‘qligini yuqori tashkilotlarga aytganmiz, – deydi tashkilotning gazni sotish va hisobga olish bo‘yicha yetakchi muhandisi Samig‘ Fozilov. – Lekin natija bo‘lgani yo‘q. Asosan to‘lov to‘lash uchun har oyning o‘ninchi sanasigacha tirbandlik ko‘p bo‘ladi.

Bu gap qanchalik haqiqat?

– Bu yerda doim navbat kutasiz, – deydi Bog‘obod mahallasida yashovchi Rohila Sadirova. – Qarzdorligingizni, pulingiz tushgan yoki tushmaganini tekshirish uchun ham alohida navbat olib, keyin kirasiz. Oyning qaysi kunida kelishingizning ahamiyati yo‘q. Pensiyada bo‘lganim uchun bolalarimning uyini, o‘zimizning uy to‘lovlarini vaqtim bemalol deb o‘zim to‘lab yuraman. Lekin hammada bunday imkoniyat yo‘q. Kassalar sonini ko‘paytirib, kutish joylarida qulay sharoitlar yaratilsa, biz, keksalarga ham yaxshi bo‘lardi. Ertalab kelgandim. Hozir vaqt tushlikka yaqinlashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib beruvchilar bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi hamda Iste’molchilarni elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Uchtepa tumani Majburiy ijro byurosi texnik kuzatuv shu’basi muhandisi Rustam Lutfullayevning aytishicha, ular aholining hal bo‘lmayotgan muammolarini yechishga yordam berishadi.

– Mana ko‘ring, har oyning o‘ninchisigacha to‘lovlarni to‘laymiz, – deydi Jurjoniy mahallasida yashovchi Tohira Yo‘ldosheva. – Lekin o‘z vaqtida to‘lasam ham yana penya yozilaveradi. Ikki, uch, to‘rt marta shunday bo‘ldi. Mayli, deb to‘lab yurdim. Endi “Menga tushuntirib beringlar. Bunday bo‘lishi mumkin emas” desam, "Biz bilmaymiz, Toshkent shahar gaz ta’minoti korxonasiga borib keling", deyapti. Sarson qilishadi. Bu faqat menda emas. Ko‘pchilik shu muammoning ortidan ovora.

Yana ovoragarchilik.

Shunda ham ish bitsa, xo‘p-xo‘p. Agar ularni yana tumandagi mas’ul xodimga uchrashing, deb qaytarib yuborishsa-chi? Kelsa, yana navbatda turishi kerak. Unda bir ishni hal etish uchun necha kun zarur bo‘ladi? Fuqarolarning aytishicha, gaz ta’minoti korxonalarida iste’molchilarning vaqtini olish, uzoq vaqt ishini bitirib bermasdan qo‘pol muomalada bo‘lish kabi holatlar tez-tez uchrab turar ekan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, chuqur va puxta o‘ylangan loyihalar hayotga tatbiq etilayotgan ayni pallada poytaxtimizda bo‘layotgan bunday ishlarga nima deb izoh berish mumkin?


* * *

Bu bitta tumandagi ahvol. Boshqa joylarda ham bu muammo mavjud emasligiga soha mutasaddilari kafolat bera olarmikan? 

Siz nima deysiz? Siz yashayotgan hududda bu kabi muammolar yo‘qmi? 

Bizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: Facebook, Twitter, Odnoklassniki, Telegram  

Barno Meliqulova, O‘zA
1 436