Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 12:44 Chop etish versiyasi

Ota-onalar videomuloqot orqali askar o‘g‘lonlari bilan diydorlashdi

Gulistonda Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘z yigitlik burchini o‘tayotgan askarlar va ularning ota-onalari ishtirokida “Mening o‘g‘lim – Vatan himoyachisi” deb nomlangan videomuloqot bo‘lib o‘tdi.

Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi D.Haydarova va boshqalar mamlakatimiz mustaqilligi, xavfsizligi, hududiy yaxlitligi va barqaror taraqqiyotimizning ishonchli kafolati bo‘lgan milliy armiyamiz qudratini yanada oshirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflarida xizmat qilayotgan yigitlar bugun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirgan, mustaqil fikr va dunyoqarashga ega yoshlardir.

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab viloyatdagi harbiy qismlarda, ta’lim muassasalarida, kollej va litseylarda, tashkilot va mahallalarda “Tinchlik uchun kurashmoq kerak”, “Vatan himoyasi – muqaddas burch!”, “Mening armiyam – mening faxrim”, “Askar onalarini sharaflaymiz”, “Armiya va yoshlar”, “Vatan – ulug‘, burchim – muqaddas” kabi mavzularda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Farzandlari Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarda xizmat qilayotgan onalar, Sirdaryo viloyatida yigitlik burchini o‘tayotgan askarlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etan tadbirda onalar o‘z farzandlarining harbiy hayoti, ularga yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishdi, bayram bilan tabrikladi.

– O‘g‘lim Akmal harbiy xizmatni o‘tayotganiga salkam bir yil bo‘ldi, – deydi Sardoba tumanidan Bog‘lonoy Ergasheva. – Egnidagi harbiy libosi o‘ziga juda yarashibdi. Qaddi-qomatiga qarab ko‘zing quvnaydi. Yuzidagi quvonch, gap-so‘zlaridagi ishonchni ko‘rib, ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi. Harbiy qism rahbariyati tomonidan yo‘llangan tashakkurnomadan qalbim g‘ururga to‘ldi. Barcha onalar nomidan bugungi tadbir tashkilotchilariga, askar o‘g‘lonlarimizga barcha sharoitni yaratib berayotgan Prezidentimizga minnatdorlik bildiraman.

– Guliston shahrida turib, o‘z ota-onam bilan teleekran orqali diydorlashganimdan xursandman, – deydi Sirdaryo viloyatida yigitlik burchini o‘tayotgan surxondaryolik oddiy askar Ziyodbek Berdiqulov. – Xizmatda erishayotgan yutuqlarim haqida gapirib berdim. Ular juda xursand bo‘ldi.

Tadbirda harbiylar va ularning onalariga yuksak ehtirom ko‘rsatilib, badiiy jamoalar, taniqli san’atkorlar ijrosida konsert dasturi namoyish etildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
2 151






Все о погоде - Pogoda.uz