Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.01.2018 19:25 Chop etish versiyasi

Ota-onalar farzandlarining muddatli harbiy xizmatni qanday sharoitlarda ado etayotganidan xabardor bo‘lishdi

Ota-onalar farzandlarining muddatli harbiy xizmatni qanday sharoitlarda ado etayotganidan xabardor bo‘lishdi – Assalomu alaykum, aziz dadajon, ayajon. Yangi yilni yaxshi kutib oldingizmi? Sizlarni ko‘rib turganimdan juda xursandman. Men va barcha safdoshlarim sog‘-salomat.

Bu askar yigitning onlayn muloqotdagi samimiy dil so‘zlari. Ayni kunlarda joylarda tashkil etilayotgan videomuloqotlar askarlar va ularning ota-onalari uchun unutilmas lahzalarga boy bo‘lmoqda.

Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida yigitlik burchini o‘tayotgan askarlar hamda ularning ota-onalari, do‘stlari ishtirokida tashkil etilgan “Mening do‘stim – Vatan himoyachisi” nomli videomuloqotga ham shunday fikr-mulohazalar alohida fayz kiritdi.

Askar yigitlar onlayn muloqot orqali ota-onalari va do‘stlariga armiyadagi hayoti, yaratilgan sharoitlar haqida faxr bilan gapirib berdi.

5.JPG

– Do‘stim Shohrux, – dedi mamnunligini yashirmay Farg‘ona shahridan Jahongir Abdurasulov. – Sen bilan birga maktabga bordik, yoshlik damlarimizning quvonchini birga baham ko‘rdik. O‘qishda ham, ishda ham tengdoshlarga doimo namuna bo‘larding. Egningdagi harbiylik libosi juda yarashibdi. Havasim keldi. Men ham sendek askar bo‘lishni ko‘nglimga tugdim. Seni va barcha tengdoshlarimni 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman.

– Yigit kishining mard va jasur bo‘lib kamolga yetishida harbiy xizmat alohida ahamiyatga ega, – deydi Beshariq tumanidan O‘rmonjon Rahmatullayev. – O‘g‘lim Humoyun ham Toshkentda muddatli harbiy xizmatni o‘tamoqda. Videomuloqot orqali farzandim bilan diydorlashar ekanman, beixtiyor ko‘z o‘ngimda o‘zimning yoshlik davrim gavdalandi. U paytlarda askarlarga bugungidek qulaylik ham, ota-onalari bilan muloqot qilishi uchun sharoit va imkoniyat ham bo‘lmagan. Mustaqillik tufayli barchasi o‘zgarib, harbiy libos kiyish sharafga aylandi. Farzandlarimizning Vatan oldidagi burchini sadoqat bilan ado etishi uchun yaratilgan sharoitlardan ko‘nglimiz xotirjam.

4 (1).JPG

– Bolaligimdan harbiy libos kiyishni orzu qilardim, – deydi Farg‘ona shahrida yigitlik burchini o‘tayotgan oddiy askar Saidboriyxon Muxlisxo‘jayev. – Bugun ana shu maqsadim ro‘yobga chiqqanidan behad baxtiyorman. Chunki Vatan himoyachisi, degan yuksak sharafga muyassar bo‘lish er yigitning muqaddas burchidir. Milliy kurash bilan shug‘ullanaman. Harbiy xizmat davomida ham turli musobaqalarda muvaffaqiyatga erishdim. Xizmatdan keyin universitetga o‘qishga kirmoqchiman. Yangi texnologiyalar sohasida ishlamoqchiman.

Videomuloqotda ota-onalar o‘z dilbandlarining muddatli harbiy xizmatni kishi havas qiladigan sharoitlarda, namunali ado etayotganidan xabardor bo‘lishdi. Ularga yaqinlari, mahalla-ko‘y va tengdoshlarining salomini yetkazib, Vatan oldidagi burchini sharaf bilan ado etish tilagini bildirdi.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
11 296