O‘zA O`zbek

08.08.2018 12:18 Chop etish versiyasi

Ostonada O‘zbekiston savdo majmuyini tashkil etish boshlandi

Ostonada O‘zbekiston savdo majmuyini tashkil etish boshlandi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining Qozog‘iston Respublikasidagi vakolatxonasi ro‘yxatdan o‘tdi.

Jamg‘armaning ijrochi direktori Miraziz Isakovning ta’kidlashicha mazkur vakolatxona qo‘shni davlat bozorida marketing tadqiqotlarini o‘tkazib, xorijiy hamkorlar topish, mahalliy brendlarni reklama qilish, ko‘rgazmalar, tender savdolari va boshqa tadbirlarda o‘zbek tadbirkorlarini ishtirokini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, qozog‘istonlik hamkorlarning O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish, ularning yurtimiz tadbirkorlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda amaliy ko‘mak ko‘rsatadi.

– Bizning tashabbusimiz bilan Ostona shahrida O‘zbekiston savdo majmuyini tashkil etish ishlari boshlandi, – deydi Jamg‘armaning Ostonadagi vakolatxonasi rahbari Kazibek Matkerimov. – Ushbu savdo majmuyida o‘zbekistonlik eksportchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Majmuaning birinchi qavatidan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari o‘rin olsa, yuqori qavatlarda mebel va to‘qimachilik, gilam va boshqa sanoat mahsulotlari joy oladi. Bu esa, mamlakatimiz eksport salohiyatini kengaytirish bilan birgalikda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zA
2 702