Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 17:35 Chop etish versiyasi

Osoyishtalik posbonlari hamisha sergak

Mamlakatimizda zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘, professional harbiy mutaxassislarga ega milliy armiyamiz barpo etilib, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilish shon-sharaf ishiga aylangani yurtimiz mustaqilligi va sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlashda yuksak samaralar bermoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar asnosida muddatli harbiy xizmat burchini o‘tayotgan askarlar va ularning ota-onalari bilan videomuloqot o‘rnatish, mard, jasur o‘g‘lonlarning onalarini ulug‘lash ham ajoyib an’anaga aylandi. Bu kabi tadbirlarda Vatanimizning turli hududlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar ota-onalari bilan diydorlashayotgani, harbiy qismlarda yaratilgan sharoitlar aks etgan videolavhalar namoyish etilayotgani, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yuqori natijalarga erishayotgan askarlarning onalariga harbiy qismlarning tashakkurnomalari tantanali topshirilayotgani, safdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan yigitlarning “Askar onalarini sharaflaymiz” nomli tadbir jarayonida bir quchoq gul bilan onalar davrasiga kutilmaganda tashrif buyurishi barchaga manzur bo‘lmoqda.

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumani Dalvarzin mahallasida ulg‘aygan Jasur Xoliyorov yigitlik burchini Samarqand shahridagi harbiy qismlardan birida o‘tamoqda. Termiz shahrida Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25-yilligi va Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan “Askar onalarini sharaflaymiz”, deb nomlangan tadbirga Jasur ham kirib kelgani onasi Shoira Boboqulovaga kutilmagan sovg‘a bo‘ldi.

– Harbiy qismlardan namoyish etilgan videolavhalarni tomosha qilib, o‘g‘lim Jasurjon ham tinch-osoyishta hayotimizni ta’minlashga hissa qo‘shayotganidan faxrlanib o‘tirgan edim, – deydi Shoira opa. – Uning davraga bir quchoq gul bilan kelishini sira kutmadim. Askarlar orasida o‘g‘limni ko‘rganimda avvaliga ko‘zlarimga ishonmadim. Mamlakatimizda askar onalari sharaflanayotgani ham, harbiy xizmatda bo‘lsa-da, bayram arafasida farzandlarimizni biz bilan diydorlashishga yuborishayotgani ham Vatanimizdagi tinchlik-osoyishtalik va sarhadlarimiz hamisha ishonchli qo‘llarda ekani dalolatidir.

Qurolli Kuchlarimizda yuz bergan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar haqida keksa avlod vakillari faxr bilan so‘zlamoqda. Dunyoning turli mintaqalarida har xil nizo va mojarolar yuz berib turgan bugungi zamonda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit xalqimiz, ayniqsa, navqiron avlod ongu tafakkurida jannatmonand yurtimiz mustaqilligi, xavfsizligi va sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga mas’ullik tuyg‘usini mustahkamlamoqda. Ota-onalar qalbida tinch-osoyishta hayotga shukronalik hissini, mard va jasur o‘g‘lonlarning Vatan himoyachisi bo‘lishdek sharafli kasbga qiziqish va intilishini kuchaytirayotir.

Muddatli harbiy xizmat burchini Surxondaryo viloyatida o‘tayotgan oddiy askar Nuriddin Karimov Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tug‘ilib o‘sgan. U Zarkent agrosanoat kasb-hunar kollejini bitirib, muddatli harbiy xizmatga astoydil hozirlik ko‘rdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, mamlakatimizning janubiy sarhadlarini himoya qilishga safarbar etildi. Askarlik davrida uning hayotga munosabati tubdan o‘zgardi.

– Ajdodlarimiz xoki yotgan muqaddas zaminmizni tashqi tahdid va xatarlardan qo‘riqlash, bunyodkor xalqimiz osoyishtaligini himoya qilish dunyodagi eng sharafli ish ekanini harbiy xizmat davrida yanada teran anglamoqdaman, – deydi oddiy askar N.Karimov. – Bu yerda jismonan chiniqdim, ma’nan yuksaldim, yetarli bilim va ko‘nikmaga ega bo‘ldim. Kelgusi hayotimni shu soha bilan bog‘lab, chegarachi bo‘lishga ahd qildim.

Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga befarq bo‘lmagan mard o‘g‘lonlar qalbida chechak otayotgan bunday ezgu niyatlar jannatmonand yurtimiz mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash borasida ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasidir.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA
128






Все о погоде - Pogoda.uz