Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2017 18:01 Chop etish versiyasi

Osoyishtalik – bebaho boylik

Mamlakatimizda ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilayotgan alohida e’tibor fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, joylarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qilmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida Jizzax viloyatidagi 74 mahalla fuqarolar yig‘inida hech qanday huquqbuzarlik sodir etilmagani fikrimiz tasdig‘idir.

Prezidentimizning 2017-yil 10-apreldagi "Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni hamda 12-apreldagi “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Profilaktika inspektorlari mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat ko‘rsatayotgan hududlarda huquqbuzarliklar kamayishiga erishilmoqda. Bu hamkorlikni kuchaytirishda profilaktika inspektorlari xizmat xonalarini mahalla idoralari bilan bir binoga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Jizzax viloyatida mavjud 145 ichki ishlar organlari tayanch punktining 139 tasi o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan bir binoda joylashgan.

Jizzax shahrining Zargarlik mahallasi idorasi bilan bir binoda joylashgan 8-tayanch punktida profilaktika ishlari namunali yo‘lga qo‘yilgan. 12 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgan mahalladagi tayanch punkti o‘tgan yili “Namunali ichki ishlar organlari tayanch punkti” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida ikkinchi o‘rinni egalladi.

– Mahalla posboni bilan doimiy hamkorlikda ishlaymiz, – deydi mazkur mahalla profilaktika inspektori J.Namozov. – Mahalla faollari, hududdagi muassasalar, jamoat tashkilotlari bilan har hafta payshanba kunlari o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlarida hafta davomida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tahlil qilinadi. Buning samarasida huquqbuzarliklarning oldi olinmoqda.

Viloyatda 2017-yilning birinchi yarmida jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34 taga kamaygan. Ayniqsa, bosqinchilik, talonchilik, firibgarlik, bezorilik, guruh bo‘lib jinoyat sodir etish, nomusga tegish kabi jinoiy harakatlar sezilarli darajada kamaygani e’tiborlidir.

– Payshanba kunlari muntazam o‘tkazilayotgan profilaktika tadbirlari hududlarda osoyishtalikni yanada mustahkamlashda yuksak samaralar bermoqda, – deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i J.Avazov. – Profilaktika kuni hokimliklar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ta’lim muassasalari va boshqa idoralar mutasaddilari ishtirokida hududdagi ma’naviy, iqtisodiy, demografik vaziyat atroflicha tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar birgalikda bartaraf etilayotir. Bu huquqbuzarliklarni erta aniqlash va oldini olishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Profilaktika tadbirlari davomida ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan 15 ming 479 fuqaro va ularning oila a’zolari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Bu tadbirlar davomida diniy ekstremistik oqimlarga moyilligi bo‘lgan va muqaddam sudlangan fuqarolarga yashash hamda mehnat sharoiti yaratish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishida ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratildi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 809






Все о погоде - Pogoda.uz