O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

Osmonimiz qoʻriqchilari

Osmonimiz qoʻriqchilari
Xalq va armiya – bir tanu bir jon 

Avgust oyining uchinchi yakshanbasi yurtimizda Havo floti kuni sifatida keng nishonlanadigan muhim sana. Bu Oʻzbekiston Qurolli Quchlarining muhim boʻgʻinlaridan biri boʻlmish samo lochinlarining kuni.

Quyida Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari faoliyatiga oid turli real voqealar bilan tanishishingiz mumkin. Mamlakatimiz hayotida ulkan oʻzgarish yasagan va azaliy orzular ushalgan oʻtgan asr soʻnggiga doir shunday maʼlumotlar bor:

«… Istiqlol tongida Oʻzbekistonda juda murakkab iqtisodiy holat vujudga kelgan edi. Respublikamizning geografik joylashuvi esa vaziyatni yana-da mushkullashtirgan edi (na taraqqiy etgan mamlakatlarga, na dengiz portlariga erkin chiqish yoʻli mavjud edi, buning uchun kamida ikki davlat chegarasini kesib oʻtish talab etilar edi). Mustaqillik eʼlon qilinganidan koʻp oʻtmay mamlakatda atigi 7-10 kunga yetadigan don-dun qolgani va ocharchilik xavfi kelib chiqishi mumkinligi borasida maʼlum qilinadi.

Donni shoshilinch ravishda boshqa mamlakatlardan keltirish vazifasi birinchi bosqichda harbiy-transport aviatsiyasi samolyotlari tomonidan muvaffaqiyatli bajariladi…»

Yil oson kechmayapti. Koronavirus pandemiyasi insoniyat sabrini sinovdan oʻtkazyapti. Mamlakatlar bu vaziyatdan imkon qadar talafotlarsiz chiqishga tirishmoqda. Yurtimiz ahli ham bu koʻrinmas dushman bilan jang olib borayotgan bir paytda Buxoro viloyatidagi uy-joylar, avtotransport vositalari, infratuzilma obyektlari va ekin maydonlari kuchli shamol oqibatida zarar koʻrdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev zudlik bilan Buxoro viloyatiga yetib borib, vertolyotda Qorakoʻl va Olot tumanlaridagi holatni koʻzdan kechirdi. Vaziyatni yuqoridan kuzatib, mutasaddilarga holat boʻyicha kerakli topshiriqlar berdi.

Bu tabiiy ofat ketidan Sardoba voqealari boshlanib ketdi. Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi harbiy uchuvchilari vertolyotlar bilan hududga birinchilardan boʻlib yetib borib, oʻz xizmat vazifalariga kirishdi.

H215M Super Puma va H125M Fennec vertolyotlari uchuvchilarining professionalligi bois uylar tomi va yetib borish qiyin boʻlgan hududlarda qolib ketgan 300 dan ortiq odam evakuatsiya qilindi. Bu voqea shu yilning 16-aprel, payshanba kuni boʻlgan.

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani “Oqqishloq” MFY Shahshor qishlogʻida yashovchi 21 yoshli homilador ayol Hulkar Normoʻminovaning tobi qochib, QVPga olib boriladi. QVP shifokori ayolda erta tugʻruq holati kuzatilayotganini va tibbiyot maskanida ayolga yordam koʻrsatish imkoni yoʻqligini aytadi.

Bu paytda koʻrichak bilan ogʻrigan 29 yoshli fuqaro Shahlo Qurbonova ham zudlik bilan oʻtkaziladigan jarrohlik amaliyotiga muhtoj edi.

Ammo bemorlar tuman markazidan 180 kilometr uzoqlikdagi qishloqda yashashi va yoʻldagi qiyinchiliklar sabab ularni tuman tibbiyot birlashmasiga olib borishda muammo yuzaga keladi.

Har ikki fuqaro Mudofaa vazirligiga qarashli vertolyot hamda ekipaj yordamida Qarshi shahriga olib kelinib, viloyat perinatal markaziga yotqizilgan. Shu tariqa ularga tez tibbiy yordam koʻrsatilib, salomatligi nazoratga olindi.

Davlatimiz tomonidan xarid qilingan koronavirus infeksiyasiga qarshi dori-darmon, tibbiyot jihozlari, turli asbob-uskunalarni chet davlatlardan olib kelish, insonparvarlik yordamlarini mamlakatimizdan xorijga va xorijiy davlatlardan yurtimizga keltirishga qaratilgan maxsus reyslarni amalga oshirishda ham harbiy uchuvchilar alohida jonbozlik koʻrsatdi. Fidoyi uchuvchilar mehnati yuqori baholanib, davlatimizning yuksak mukofotlariga loyiq koʻrildi.

Yuqoridagi misollar harbiy havo kuchlarimiz haqidagi tasavvuringiz uchun yetarli. Mana shunday paytlarda “Xalq va armiya – bir tanu bir jon” degan ibora oʻzining hayotiy tasdigʻini topadi. Bular-ku, sizu biz eshitgan, xabardor boʻlgan voqealar. Ammo harbiy havo floti vakillarining bundan tashqari yana qanchadan-qancha vazifalari bor. Ularning yuqori jangovar shayligi, professionalligi va oʻta hushyorligi bois biz bot-bot musaffo osmonimiz iborasini tilga olamiz.

photo_2020-08-13_12-08-45.jpg

photo_2020-08-13_12-08-48.jpg



1 659
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri Islomjon QOʻCHQOROV OʻzA uchun maxsus tayyorladi.