O‘zA O`zbek

23.04.2019 21:49 Chop etish versiyasi

Osiyo chempionatining ochilish marosimi

Osiyo chempionatining ochilish marosimi

Toshkent viloyatining Chorbogʻ suv omborida velosportning shosse yoʻnalishi boʻyicha Osiyo chempionatining ochilish marosimi oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, mamlakat velosiped sporti federatsiyasi raisi T.Norboyeva, Toshkent viloyati hokimi Gʻ.Ibragimov, Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev va boshqalar mamlakatimizda sport sohasini yanada rivojlantirish, isteʼdodli sportchilarni kamol toptirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, natijada nufuzli xalqaro turnirlar, jahon chempionatlari, Olimpiya va Osiyo oʻyinlarida sportchilarimiz yuqori natijalarni qoʻlga kiritayotganini taʼkidladi. Shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini yuksaltirish, ular oʻrtasida sportning ommaviyligini oshirish orqali sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, aholi oʻrtasida Olimpiya oʻyinlari dasturidan joy olgan velosportni yanada ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI), Osiyo velosport konfederatsiyasi (ASS) hamda mamlakatimiz velosport federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan ushbu musobaqada oʻsmirlar, kattalar va paralimpiyachilar oʻzaro raqobatlashmoqda. Unda Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Vyetnam, Gonkong, Malayziya, Filippin, Tailand, Moʻgʻuliston, BAA, Iordaniya, Eron, Saudiya Arabistoni, Yaman va Livan kabi 40 ga yaqin mamlakatdan kelgan 500 nafardan ortiq velopoygachi ishtirok etmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Osiyo chempionatida erkaklar va ayollar 2020 yilda Tokioda boʻladigan navbatdagi yozgi Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmalari uchun ham oʻzaro raqobatlashadi. Bu esa ular oʻrtasidagi bahslar shiddatli oʻtishidan dalolatdir.

photo5330236873592908346.jpg

Osiyo chempionati Toshkent shahrining markaziy koʻchalari hamda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining Toshkent – Chimyon – Sijjak yoʻli yoʻnalishi boʻylab oʻtkaziladi. 

– Mamlakatingizda oʻtkazilayotgan Osiyo chempionati har jihatdan yuksak saviyada tashkil etilgan, – deydi Osiyo velosport konfederatsiyasi (ASS) raisi Osama Ahmad Al-Shafar. – Musobaqani kuzatar ekanman, Oʻzbekistonda iqtidorli sportchilar koʻpligiga guvoh boʻldim. Umid qilamanki, yurtingizda bu kabi musobaqalar soʻnggisi boʻlmaydi. Bu yerda hatto jahon chempionatini oʻtkazish uchun ham barcha zarur sharoit mavjud.

Musobaqa doirasida 25 aprel kuni Xalqaro hamkorlik markazida Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) tomonidan antidoping seminari oʻtkaziladi. Ushbu seminarda 40 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etadi. 26 aprel kuni Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida Osiyo velosiped sporti konfederatsiyasining navbatdagi kongressi ham boʻlib oʻtadi.

– Soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar sportiga katta eʼtibor qaratilmoqda, – deydi Yevropa chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi, velosiped sporti boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Olga Zabelinskaya. – Osiyo chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun bor kuch-gʻayratimni ishga solaman. Umid qilamanki, chempionlik va Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini qoʻlga kiritib, yurtimiz sharafini yanada yuksaltiraman.

photo5330469287158197089.jpg

J.Toshxoʻjayev, O.Eshmamatov, M.Amin (surat), OʻzA
800