O‘zA O`zbek

14.02.2018 10:16 Chop etish versiyasi

Oshing halol bo‘lsa...

Hammamiz ham farovon yashashni istaymiz. Buning uchun yurtimizda barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Afsuski, shunga qaramay, oramizda tegishli tartiblarni chetlab o‘tib, faqat o‘z manfaatini o‘ylaydiganlar ham bor.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Poskati qishlog‘ida yashovchi fuqaro Jamol Boltayevni hududda qo‘li gul usta tadbirkor sifatida bilishadi. U metalldan tayyorlagan turli hajmdagi eshik-darvozalar pishiq va chiroyliligi bilan xaridorgir. Yaxshi ustaning daromadi ham mehnati va mahoratiga yarasha bo‘ladi, albatta.

Uning bir oyda qancha darvoza tayyorlashi bizga qorong‘u. Lekin ular bugungi kunda bozorda o‘rtacha 4-5 million so‘m atrofida ekanini hisobga olsak, taxminiy foyda ma’lum bo‘ladi-qo‘yadi. Buni viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimlari tumandagi hamkasblari bilan hamkorlikda profilaktika tadbiri o‘tkazish maqsadida Jamol Boltayevning uyida, to‘g‘rirog‘i, ustaxonasida bo‘lishganida, uning o‘zi ham e’tirof etdi. Agar xomashyo va mehnat sarfini chegirganda ham oilani to‘kin etguli pul topadi.

Qandingni ur, derdig-u, biroq shu yerda bir "ammosi" bor-da! Gap shundaki, ustaxona yashirin sex edi. Unda qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkor” 5 oydan buyon noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Endi bu yog‘i nima bilan tugashini o‘ylab, Jamol Boltayev bezovtalandi. Ammo tashrif buyuruvchilarning muloqoti o‘zgacha tus olgani uni xotirjam qildi. Jamol Boltayevga davlat tomonidan tadbirkorlik rivoji uchun yaratilgan qulayliklar, taqdim etilayotgan imtiyozu yengilliklar haqida tushuntirish berildi. Ayni paytda ishbilarmon ham o‘z ishini qonunga muvofiq tashkil etishi lozimligi, yashirin sexlar davlat byujdetiga nechog‘li zarar yetkazishiga e’tibor qaratildi.

O‘sha kuni ustaxona egasi soliqchilar ko‘magida 30 daqiqa ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi. Shu tariqa u eshigi berk tadbirkordan eshigi ochiq tadbirkorga aylandi. Nafaqaga chiqqanda, talab etiladigan mehnat daftarchasida tadbirkor, degan yozuv ham qayd qilindi.

Tumanning Xonaqo qishlog‘ida ishbilarmonlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Zokir Obloyevning ham xatti-harakatlarida soliq qonunchiligi talablarini buzish holatlari aniqlandi. Garchi, u tadbirkor sifatida “Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini chakana sotish” faoliyati bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lsa-da, kuzatuvlar jarayonida yashirincha omixta yem va qurilish mahsulotlari savdosi bilan ham shug‘ullanishi ochilib qoldi.

Soliqchilar unga ham jarima qo‘llamadi. Faqat bundan buyon tadbirkorlik guvohnomasidagi faoliyat turini amaldagi faoliyat turi bilan moslashtirishi lozimligi hamda omixta yem mahsulotlarini sotish faqat maxsus ruxsat berilgan shoxobchalarda sotilishi yuzasidan tushuntirish berildi.

– O‘tgan yili qonunchilikka kiritilgan yangiliklarga muvofiq olib borilayotgan profilaktika tadbirlari natijasida viloyatda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq qonunbuzilishlar kamayishiga erishilmoqda, – deydi Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i B.Fayziyev. – 2017 yilda 10 ming 732 fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Natijada mahalliy byudjetga qo‘shimcha ravishda 2 milliard 900 million so‘mdan ortiq mablag‘ tushishi ta’minlandi.

Asosiy maqsad xatosi uchun jazoga tortishu, tadbirkorlik faoliyatini cheklash emas, balki ishbilarmonga qonuniy faoliyatni yo‘lga qo‘yishida ko‘maklashish orqali kichik biznesni rivojlantirish bo‘lgan profilaktika tadbirlari samarasi ortmoqda. Buni 2018 yilning yanvar oyida viloyatda 3 ming 626 fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgani hamda faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan 878 tadbirkorga ko‘maklashilgani evaziga ularning faoliyati qayta tiklanganida ham ko‘rish mumkin. Bu mahalliy byudjetga qo‘shimcha 800 million so‘mdan ortiq mablag‘ kelib tushishiga imkoniyat yaratdi. 

Ha, oshi halol tadbirkor davlatni ham boy qiladi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
8 639