Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

15.02.2017 18:32 Chop etish versiyasi

Ortiqboy otaning murojaati ijobat bo‘ldi

Inson manfaatlarini ta’minlash, aholi farovonligini yuksaltirishda xalq bilan muloqot qilish, ularning muammo va ehtiyojlarini bilish juda muhim.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili munosabati bilan joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va ochiq muloqotlarda aholi turmush farovonligini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yilning fevral oyi boshida Xorazm viloyati hokimi, prokuratura, ichki ishlar organlari hamda tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari Shovot tumanida bo‘lib, aholi bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda aholiga “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalar, ajratilayotgan mablag‘lar, arzon narxda qurilishi rejalashtirilayotgan namunaviy uy-joylar, tibbiy xizmatlarni yaxshilash, ayniqsa, dori-darmon mahsulotlari narxini nazoratga olish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbirda aholini qiynayotgan muammolar bo‘yicha murojaatlar o‘rganildi.

Muloqotlar chog‘ida mehnat faxriysi Ortiqboy ota Mangliboyev u yashayotgan O‘zbekiston qishlog‘i va atrof hududdagi ta’lim muassasalarining axborot-resurs markazlarida mavjud adabiyotlarning aksariyati o‘quv-qo‘llanmalardan iborat ekanligi, ular o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun mo‘ljallanganligini ta’kidlab, qishloqdoshlari uchun kutubxona tashkil qilib berishda yordam berishni so‘radi.

Ortiqboy otaning iltimosi ijobiy hal etildi. Murojaat yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlari qaror qabul qilib, qisqa fursatda qishloq hududida joylashgan qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji binosida yangi kutubxona tashkil etildi.

Kutubxonaning ochilish marosimida davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, yozuvchi va shoirlar, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda aholi, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

– Mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlari moddiy-texnik bazasini yangilash, oilalarda, ta’lim muassasalarida kitobxonlik an’analarini davom ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Xorazm viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ergash Xudoynazarov. – Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

Yangi tashkil etilgan kutubxonaga 1 ming 300 dan ortiq kitob keltirildi. Kitob fondi badiiy, ma’rifiy, ilmiy-ommabop, tarbiyaviy, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kitoblar, milliy va jahon adabiyoti namoyandalari asarlaridan tashkil topdi.

– Allomalardan biri kitoblar dunyosini ummonga o‘xshatadi, – deydi Ortiqboy ota Mangliboyev. – Kutubxonadagi adabiyotlar bilan tanishar ekansiz, bugungi kunda kitobat sohasi yurtimizda naqadar yuksalganining guvohi bo‘lasiz. Murojaatimning tez fursatda hal etilganidan butun qishlog‘imiz ahli mamnun bo‘ldi.

Ahmadjon Shokirov, O‘zA
666






Все о погоде - Pogoda.uz