O‘zA O`zbek

31.03.2017 11:49:09 Chop etish versiyasi

Orol dengizining qurigan tubida yaylov va o‘rmonzorlar barpo etish kengayadi

Nukusda “O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarida iqlim barqarorligini ta’minlash” mavzusida seminar o‘tkazildi.

BMT Taraqqiyot dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazining “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik, ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, olimlar, fermer xo‘jaliklari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq, Taxtako‘pir, Chimboy, Kegeyli va Qanliko‘l tumanlarida olib borilayotgan mazkur loyihaga ko‘ra, dorivor o‘simliklar yetishtirishni rivojlantirish, Quyi Amudaryo mintaqasida qurg‘oqchilikning oldini olish, bu haqda aholini oldindan xabardor qilish tizimi yaratildi.

Seminarda iqlim o‘zgarishiga bog‘liq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish barqarorligini ta’minlash, chorva mollari uchun yaylovlarni kengaytirish, tuproqni degradatsiyadan muhofaza qilish, namlikni saqlash, Orol dengizi tubida ko‘chma qumlarni to‘sish, bu borada aholining faol ishtirokini ta’minlash barobarida yangi ish o‘rinlari tashkil etish haqida fikr almashildi.

– Bugun mamlakatimizning chekka hududlarida ham keng miqyosda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi professor Boboqul To‘xtayev. – Yaxlit tizimga aylanib borayotgan bu tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Har bir hududda, ayniqsa, qurg‘oqchilik zonalarda hukm surayotgan o‘ziga xos iqlim sharoitiga mos o‘simliklar tanlab, o‘rmonzorlar barpo etish, ixotazor tashkil etish, shuningdek, farmatsevtika sanoati uchun dorivor o‘simliklar, chorva uchun ozuqabop ekinlar ekish bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘riqnomalar o‘rmon xo‘jaliklariga tarqatildi. Bugungi kunda o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 6 ming tonnadan ziyod dorivor o‘simliklar yig‘ib olindi. Bu xomashyolar qayta ishlanmoqda.

Olimlarning ta’kidlashicha, ba’zi bir o‘simliklar 50-60-yil yashasa, ayrimlari 100-500-yil umr ko‘rar ekan. Orol dengizi atrofidagi hududlarda, uning suvi qurib qolgan tubida o‘rmonzorlar tashkil etish uchun hudud iqlim sharoitiga, suvsizlik va sho‘rga chidamli bo‘lgan o‘simliklar turini tanlash muhim ahamiyatga ega. Orolbo‘yi mintaqasida keyingi 100-yilda iqlim o‘zgarishi natijasida harorat 1,7 darajaga ko‘tarilgani suv mutanosibligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

Tadbirda hududda iqlim o‘zgarishi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.