O‘zA O`zbek

02.08.2020 Chop etish versiyasi

Oramizdagi odamlar: naqshi ham, baxti ham mehnat bilan...

Oramizdagi odamlar: naqshi ham, baxti ham mehnat bilan...

Margʻilonda kashta tikishni bilmaydigan qizlarni “qoʻli yoʻq” deb atashadi. Shuning uchun qizlar esini tanishi bilan qoʻliga igna tutib, matoga goʻzallik baxsh etish sirlarini oʻrganadi.

Adolat Gʻulomova ham momolardan meros anʼanani bolaligidan oʻrgangan. Mana 80 yoshga kiribdiki, hamon igna bilan sirlashadi, matolarga naqsh soladi. Hunari ortidan obroʻ qozondi. Yuzlab shogirdlar chiqardi.

— Bizning yetti ajdodimiz ham kashtadoʻz boʻlgan, — deydi Adolat momo. — Kashtasiz hayotimning bir kunini ham tasavvur qilolmayman. Esimni tanibmanki, igna tutmagan kunim yoʻq. Mehnatimiz ortidan kam boʻlmadik. Rahmatli turmush oʻrtogʻim bilan farzandlarimni halol yedirdik. Ularga mehnatdan kelgan boylikning totli ekanini anglatdik. Allohga shukr, ular bugun eldan kam emas. Biri tibbiyot, biri sanʼat sohasida, yana biri tadbirkor. Barchasi el koriga yarayotir. Qizlarim tarbiyasi va roʻzgʻor tutumidan qudalarim mamnun. Farzandlarim koʻnikuvchan, sabrli. Ular yoshligida yonimda oʻtirib menga koʻmaklashgan. Kashta tikkan qizlar har qanday sharoitga moslashadi, toqatli boʻladi.

Bir sulola tikkan chimildiq va paranjilar ikkinchi sulola tikkan mahsulotlarga oʻxshamaydi. Ularning naqshi, gullarining rangi ham tubdan farq qiladi. Mahsulot narxi ham shunga qarab baholanar ekan. Adolat momoning aytishicha, uzoq muddat ishlangan, mayda-mayda qilib, nafis did bilan tikilgan kashtaning koʻrinishi nafaqat chiroyli, chidamli ham boʻlar ekan.

— Kashtaning har bir qatori nazmdagi misraga oʻxshaydi, — deydi momo. — Sheʼr yaxshi sheʼr boʻlishi uchun undagi qofiya, turoq, vazn joyida boʻlishi kerak. Kashta ham xuddi shunday. Har bir qatorda iplar toʻgʻri tushishi lozim. Ip notoʻgʻri yursa, tortilsa yoki qisilsa naqsh buziladi. Bugun hududda kashta tikuvchilar koʻpchilikni tashkil etadi. Ammo soʻzana va paranjini yaxshi tikadiganlar kam. Oʻzim ham koʻp tadbirkor ayollarga paranji tikishni oʻrgatdim. Ammo ular bozorlarga chiqarib sotayotgan paranjilarida nimadir kam, mini bor. Momolarimiz tikkan paranjilarga oʻxshamaydi. Yo mehnat kam qilingan yoki mehr kam qoʻshilgan. Ayrim vaqtlar paranji tikishda yaxshi shogird chiqarolmaganimdan dilim xira tortadi.

Chevarlikda asosan qoʻl mehnati talab etiladi. Mahsulot tayyor boʻlishiga koʻp vaqt sarflanadi. Paranji 8-10 kunda, soʻzana 10-15 kunda tayyor boʻlsa, chimildiq tikish uchun 5-6 kun vaqt sarflanar ekan. Oʻzi kichikkina boʻlsa ham ayollar doʻppisining tayyor boʻlishi uchun 2-3 kun va undan koʻp vaqt ketarkan. Ayniqsa, chevardan kuyovlar uchun doʻppi tikish uchun ancha mashaqqat talab etilarkan.

— Baʼzi yoshlarga hayron qolasan, oʻta sabrsiz boʻlib oʻsmoqda, — deydi momo. — Hunar oʻrgangani kelishadi, ammo kashta tikishni hali toʻligʻicha bilmasdan papop, quroq, paranji, soʻzana tikishni oʻrgangisi keladi. Tanbehni hazm qilolmaydi. Boʻsh vaqtlarda kashta tikishni mashq qilish oʻrniga, telefonidan ortay demaydi. Qolaversa, qunt, hafsala yoʻq. Shuning uchun, bugungi kelinlarimiz sarposiga qayoqdagi doʻppilarni sotib olishyapti. Quntsiz chevarlar kasriga yaltir-yultir matolardan tikilgan, har xil toshlar, patlar yopishtirilgan doʻppilar koʻpayib ketyapti. Oʻzim kelinlarimga ham, qizlarimga ham sharqona milliy doʻppilarni kiyishni tavsiya qilganman. Hech birini paranjisiz uzatmaganman. Oilaviy paranji tikishni ommalashtirganimizdan soʻng shahrimizda ham kelinlar otasidan fotiha olar chogʻda biz tikkan paranjilarni yopinib chiqadigan boʻldi.

Doʻppi, soʻzana, paranji, popop, kashta tikishni qotiradigan, gapga chechan, mehnatsevar Adolat momo Abduvahob Yoʻldoshev bilan 63 yil bir yostiqqa bosh qoʻydi. Turmush oʻrtogʻi odamlarga uy solsa, opa qizlari bilan chevarlik qilardi. Har bir kuni halol mehnatga oshno oʻtardi.

Opa har tong shukrona bilan uygʻonadi. 5 farzand, 16 nabira, 34 chevara, 3 evarasi borligidan baxtiyor. Yaqindagina koʻzidan jarrohlik amaliyotini oʻtkazganiga qaramasdan, kunduzlari quyosh yorugʻida oʻzining sevimli mashgʻuloti bilan band boʻladi. Matolardan maʼno axtaradi. Oʻychan nigohida bosib oʻtgan umriga nazar tashlaydi. Marhum turmush oʻrtogʻi bilan oʻtkazgan baxtiyor kunlarini eslaydi. Mazmunli oʻtayotgan umridan mamnunlik hissini tuyadi. Zero, oʻzbek ayoli uchun bundan ortiq neʼmat yoʻq. 

2 858
Dilobar Mamatova, OʻzA