O‘zA O`zbek

18.09.2018 19:35 Chop etish versiyasi

Oradan bir yil oʻtdi, yoshlar masalasida nimalar oʻzgardi?

Yurtimiz istiqlolga erishgach, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash jarayonida yoshlar, ularning taʼlim-tarbiyasi, porloq kelajagi, oʻy-xayollari, orzu-istaklariga alohida eʼtibor qaratila boshlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yoshlar masalasiga ham eʼtibor qaratdi.

Davlatimiz rahbari tahdidlar, xalqaro terrorizm va ekstremizmning ildizi xususida toʻxtalar ekan, “Odamlar, birinchi navbatda, yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifadir”, deb taʼkidlagan edi.

Maʼlumotlarga koʻra, ekstremistik faoliyat va zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda.

Bugungi dunyo yoshlari – son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliardni tashkil etmoqda.

Demak, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson boʻlib kamolga yetishi bilan bogʻliq. Taʼlim-tarbiyagina bu jarayonda sogʻlom fikrli, yuksak salohiyatli va fidoyi farzandlarni voyaga yetkazishda muhim omil boʻlib qolaveradi.

Prezidentimiz BMT minbaridan turib “Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir. Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim, deb hisoblaymiz” dedi.

Shuning oʻziyoq bu qatlam huquqlarini himoya qilish qay darajada muhim ekanligini koʻrsatadi. Ularni toʻgʻri yoʻnaltirish, yot gʻoyalardan asrash, salohiyatini yuksaltirish esa asosiy vazifalardandir.

Bu kabi alohida eʼtibor va eʼzoz sabab, yangidan-yangi tashabbus, gʻoyalarni ilgari surib, zamonaviy ish yuritish uslublarini joriy qilishda shu qatlamning nuqtai nazari va saʼy-harakatlari alohida ahamiyat kasb etadi.

Yurtimizda esa bu borada tizimli ishlar qilinmoqda. 2016 yil 14 sentyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuni yoshlarga eʼtibor, ularni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, imtiyoz va imkoniyatlar berish yoʻnalishidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Shu asosda yoshlarga zamonaviy taʼlim olish, uy-joy bilan taʼminlash, oila qurish uchun imtiyozli kreditlar ajratishda katta imkoniyatlar, tizimli ijtimoiy kafolatlar taqdim etilmoqda.

Soʻnggi yillarda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini namoyon qilish, ularning fuqarolik javobgarligini va olib borilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.

Prezidentimiz joriy yil 27 iyunda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida“gi farmonni imzoladi.

“Yoshlar – kelajagimiz“ Davlat dasturi doirasida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi huzurida “Yoshlar – kelajagimiz“ jamgʻarmasi, shuningdek, uning tuman va shahar filiallari tashkil etilmoqda.

Bunda yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, gʻoyalari va loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish, olinadigan kreditlar boʻyicha kredit hajmining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda kafilliklar berish kabi ishlar nazarda tutilgan.

Shuningdek, amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalarida ular qiymatining 50 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda ishtirok etish, keyinchalik jamgʻarma ulushini 5 yil davomida realizatsiya qilish, tegishli koʻnikmalarga ega band boʻlmagan yoshlar yashaydigan uy xoʻjaliklari uchun 20 tagacha parranda va quyon bolasi, 5 ta mayda va 2 ta yirik qoramol sotib olish, ularning qiymatini kelishilgan muddatlarda qaytargan holda boqish va keyinchalik realizatsiya qilishda koʻmaklashish ham koʻzda tutilgan.

Bu kabi amaliy harakatlar zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishga qodir, barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalash, mamlakatni barqaror va ildam rivojlantirishga xizmat qiladi.

Yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarish, shu asosda yoshlar bandligini taʼminlashga qaratilayotgan eʼtibor yurtimizning jadal taraqqiyoti, turmushimiz farovonligiga erishishning asosiy yoʻllaridandir.

Barno Meliqulova, OʻzA
1 029