Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.04.2017 19:27 Chop etish versiyasi

Oqila va orasta qizlar aniqlandi

Oqila va orasta qizlar aniqlandi Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi 144-umumta’lim maktabida «Orasta qizlar» ko‘rik-tanlovining xalq ta’limi tizimi bo‘yicha yakuniy bosqichi o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 14 nafar o‘quvchi-qizning iqtidorini beshta shart bo‘yicha O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Oila" ilmiy-amaliy markazi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi mutaxassislari va pedagoglardan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari D.Kenjayev va boshqalar mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, qizlarni umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bilan qamrab olish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish, salomatligini mustahkamlash, yuksak ma’naviyatli qilib voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

2013-yildan buyon barcha umumta’lim maktablarida "Orasta qizlar" to‘garaklari faoliyat yuritib, o‘z safida 5-9-sinflarda o‘qiyotgan qizlarni birlashtirgan. To‘garakda qizlar mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotga oid yutuqlar bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘ladi. Shuningdek, ularning to‘g‘ri ovqatlanish, gigiyena va tibbiyotga doir bilimlari mustahkamlanadi. Xotin-qizlar qo‘mitasi faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, shifokorlar, psixologlar, pedagoglar ishtirokida davra suhbatlari, tadbirlar tashkil etiladi.

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanidagi 3-umumta’lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi Durdona Bektemirova bolaligidan she’riyatga oshno tutingan. Milliy kuy-qo‘shiqlarga raqs tushish jonu dili. Uning "Durdona satrlar", "Qushlar qo‘shig‘i" nomli she’riy kitoblari nashr etilgan.

– Maktabimizdagi "Orasta qizlar" to‘garagi sardoriman, – deydi Durdona. – To‘garakdagi tengdoshlarimning barchasi iste’dodli. She’r yozishni mashq qiladigan, rasm chizadigan, raqs san’atiga qiziqadigan, milliy matolarimizdan bejirim liboslar yaratishni o‘rganayotgan qizlar juda ko‘p. Ustozlarimiz orasta qiz har tomonlama iqtidorli bo‘lishi kerak, deb uqtirishadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumanidagi 5-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Guljamol Bozorboyeva 1-o‘rinni egalladi. Samarqand shahridagi 13-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Gulnigor Yazdonqulova 2-o‘ringa hamda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi 5-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Malika Samadova 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘olib va sovrindorlar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Azima Qiyosova, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
2 514






Все о погоде - Pogoda.uz