Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

25.08.2018 11:39 Chop etish versiyasi

Oqdaryo tumanida 77 nafar fuqaro davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullangan

Oqdaryo tumanida 77 nafar fuqaro davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullangan
Prezidentimizning 2018-yil 26-iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida davlat soliq xizmati organlari soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblash uchun asos boʻladigan koʻzdan kechirish dalolatnomasini tuzish orqali soliq toʻlovchilarning pasportlashtirilishini amalga oshirish vazifasi belgilab qoʻyilgan.

Yaʻni, davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilayotgan obyektlarda oʻtkaziladigan kuzatuv jarayonida soliq toʻlovchining rekvizitlari, obyekt nomi va manzili, faoliyat turi, ish vaqti tartibi, ruxsat guvohnomasi, nazorat-kassa mashinasi va toʻlov terminallari, inkassatsiya shartnomasi, ishchilar soni koʻzdan kechirish orqali pasportlashtiriladi. Ushbu tadbirning toʻlaqonli amalga oshirilishi soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bogʻliq obyektlarning toʻliq hisobga olinishiga, soliq solish bazasining kengayishiga hamda soliqlarning toʻgʻri va toʻliq hisoblanishiga, shuningdek, ularning oʻz vaqtida va toʻla hajmda byudjetga undirilishiga zamin yaratadi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, qaror ijrosini taʻminlash maqsadida viloyat davlat soliq xizmati organlari tomonidan Oqdaryo tumanidagi 34 mahalla fuqarolar yigʻinida pasportlashtirish jarayoni amalga oshirildi. Buning natijasida tumanda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan 2130 obyekt boʻyicha maʻlumotlar yigʻildi.

Jumladan, 133 savdo korxonasi, 17 avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchasi, 33 umumiy ovqatlanish korxonasi (oshxonalar), 65 xizmat koʻrsatish, 61 ishlab chiqarish, 18 qurilish, 23 tibbiy xizmat koʻrsatish korxonalari, 2 bozor va savdo kompleksi, 1 avtomobillarni vaqtincha saqlash joyi, 748 fermer xoʻjaligi, 13 boshqa faoliyat bilan shugʻullanayotgan yuridik shaxslar, 939 nafar yakka tartibdagi tadbirkor va 77 nafar hujjatsiz (tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmagan) faoliyat koʻrsatayotgan fuqaro pasportlashtirishdan oʻtkazildi.

Pasportlashtirilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar haqidagi maʻlumotlar tuman davlat soliq inspeksiyasi maʻlumotlar bazasi bilan solishtirilganda ayrim tafovutlar ham kuzatildi. Dastlabki tahlil natijalariga koʻra, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan taqdim etilgan hisobotdagi ishchilar soniga nisbatan kuzatuv natijasida aniqlangan ishchilar soni 225 nafarga koʻp ekanligi qayd etildi. Jumladan, savdo korxonalarida 14, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida 5, umumiy ovqatlanish korxonalari (oshxonalar)da 18, xizmat koʻrsatish korxonalarida 7, ishlab chiqarish korxonalarida 3, qurilish korxonalarida 3, tibbiy xizmat koʻrsatish korxonalarida 7, fermer xoʻjaliklarida 166, boshqa faoliyat bilan shugʻullanayotgan yuridik shaxslarda 2 nafar xodim roʻyxatda koʻrsatilmagan.

Davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan 77 nafar fuqaroga rasmiy ogohlantirish xatlari berilgach, 53 nafari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi. 22 nafar yakka tartibdagi tadbirkorning faoliyat turi haqiqatdagi faoliyat turiga moslashtirildi va faoliyatini tugatgan 30 nafar tadbirkorning faoliyati tiklandi. Yakka tartibdagi tadbirkorlar yollanma ishchi sifatida ishlatayotgan 20 nafar fuqaro roʻyxatga olindi.

Gʻ.Hasanov, OʻzA
1 386