Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

01.08.2017 15:14 Chop etish versiyasi

Oq donaning siljishi

Ijtimoiy tarmoqlarning deyarli barchasida profilim bor edi. Yaqinda hisoblasam, virtual «do‘st»larim olti mingga yaqinlashibdi. Olti ming-a?! Biroq, bunday o‘ylab qarasam, ulardan 50 nafardan nari-berisini taniyman, xolos. So‘ng dam olish kunlarining birida xalqimizning «Do‘sting kimligini aytsang, men senga kimligingni aytaman» maqoliga amal qildim-u, notanish "oshno"lar bilan barcha "do‘stlik aloqalari"ni uzdim.

Albatta, ijtimoiy tarmoqlarning foydali jihatlari ko‘p: odamlar bilan virtual bo‘lsa-da muloqot qilasiz, yozma nutq rivojlanadi, gap gapni ochadi, yangi fikr ham kelib qolar balki. Ammo ular orasida tasdiqlanmagan, fitna qo‘zg‘aydiganlari ham kam emas. Shuning uchun dastlab bir savol tug‘iladi: ijtimoiy tarmoq nima uchun kerak?

To‘g‘ri, bugun ijtimoiy tarmoqlar faol muloqot vositasiga, jamoatchilik nazoratining samarali shakliga aylangan. Lekin inson aziz umrining g‘animat har lahzasini ijtimoiy tarmoqlarga sarflashi ham qanchalik to‘g‘ri?

Yaqinda bir voqeaga guvoh bo‘lib, bu haqda ko‘proq o‘ylaydigan bo‘lib qoldim.

...O‘g‘il otasiga bergan va’dasini bajardi – shaxmat bo‘yicha maktabda, tumanda o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib bo‘ldi. Ota ham va’daga vafo qildi: g‘olibga qo‘l telefoni olib berdi, qo‘ni-qo‘shnini chaqirib, dasturxon yozdi.

– O‘g‘lim, bu telefon senga sovg‘a. Uning imkoniyatlari juda ko‘p. Lekin bir majburiyatni yodingda tut: buning xotirasida bo‘lar-bo‘lmas narsalarni saqlama, – deya ota ko‘pning oldida farzandiga qat’iy uqtirdi. – Internetga kirmaysan. Nima?... «Odnoklassniki»ga umuman ruxsat yo‘q. Xo‘sh, yana...

Xontaxta ustidagi telefonning ustma-ust «viz-viz» qilishi ota-bolaning suhbatini bo‘ldi. Mezbon telefonini olib bir muddat titkiladi. Davraga noqulay jimlik cho‘kdi.

– Uzr... uzr! Bu internet degani odamni shunaqa beodob, ba’zida e’tiborsiz qilib qo‘yar ekan, – dedi farzandiga tanbeh berib turgan ota boyaqish telefonni joyiga qo‘yar ekan o‘ng‘aysizlanib. – Kecha «Feysbuk»ka o‘g‘ilchaning g‘oliblik diplomini baland ko‘tarib tushgan suratini joylagan edim. Tanigan-tanimagan rosa tabrikladi, «zo‘r» belgisini qo‘ydi. Bittasi «Rostini ayting, bu g‘alaba uchun qancha xarajat qildingiz?», deb so‘rabdi. Hazillashyapti, deb o‘yladim. Shunday bo‘lsa-da, savolni boricha qabul qilib, o‘g‘limiz hech qanday pulli shaxmat to‘garagiga qatnamagani, maktabda, uyda mustaqil shug‘ullanishini aytaman degunimcha «Tanlovlarda haqiqat yo‘q, kimning homiysi zo‘r bo‘lsa, o‘sha yutadi, maktablarda to‘garaklar nomigagina mavjud», degan iddaolar aralash muhokamalar boshlanib ketdi, deng. U desam, bu deydi, bu desam, u. Xullas, ertalabdan tushgacha – sizlar kelguncha shu bilan ovora bo‘ldim. Vaqtim ham, asabim ham ketdi...

ZiyoNET ta’lim portali bor. Undagi «Savol-javob», «Guruhlar» deb nomlangan bo‘limlar ishlash tartibi, imkoniyatlariga ko‘ra ijtimoiy tarmoqlarga o‘xshab ketadi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ZiyoNET bo‘limi mutaxassislari bu resurslarda yoshlar o‘rtasida internetdan foydalanish madaniyati haqida tushuntirish-targ‘ibot ishlarini olib borishga, so‘rovnomalar o‘tkazishga alohida e’tibor qaratmoqda.

– Bugun ijtimoiy tarmoqlar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi, bu makonga axborot olish, fikrlarini boshqalar bilan bo‘lishish ehtiyoji sabab kiriladi, – deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ZiyoNET bo‘limi yetakchi mutaxassisi Farid Shomurzayev. – ZiyoNET ta’lim portalida yoshlarning axborot olishga bo‘lgan ana shunday talabi o‘rganilgan holda elektron va audio kitoblar soni muntazam yangilab, ko‘paytirib borilmoqda. Mamlakatimizda internet tizimi orqali ma’naviy targ‘ibot ishlari, jumladan, elektron kitobxonlikni kuchaytirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbari “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyida alohida ta’kidlaganidek, "Farzandlarimizning ongi, dunyoqarashi asrlar davomida sinovdan o‘tgan, yuksak ma’naviyat xazinasi bo‘lgan jahon va milliy adabiyotimiz asosida emas, balki qandaydir shubhali, zararli axborotlar asosida shakllanishiga beparvo qarab turolmaymiz". Biz ham ana shu fikrdan kelib chiqib, yoshlarni kitobga qaytarish, mutolaaga oshno qilishga e’tiborni yanada kuchaytirmoqdamiz.

Internet hayotimizda katta ahamiyat kasb eta boshlashi bilan bugunga qadar bir savol kun tartibidan tushmaydi: yoshlar internetda – ma’rifat va jaholat chorrahasida to‘g‘ri yo‘lni tanlab olishlari uchun nima qilish kerak? Hozircha bu boradagi ko‘pning xulosasi shuki, bolani ota-ona nazorat qilsa, samarasi tezroq seziladi. Afsuski, ko‘p ota-onalar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi bilmaydi yo hafsala qilmaydi. Holbuki, farzand, ya’ni kelajak tarbiyasida ota-ona faol va hushyor, doimo yangilikka intiluvchan bo‘lishi o‘ta muhim.

– Bugungi globallashuv davrida nafaqat yirik ommaviy axborot vositalari, balki turli buzg‘unchi g‘oyalarni, vahshiyligu behayolikni targ‘ib qiluvchi saytlar mashhur ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini yuritmoqda, – deydi «Texnoprosistem» mas’uliyati cheklangan jamiyatining «TPS» internet provayderi mas’ul xodimi Jasur Zohidov. – Marketologlar ham o‘zlarining targ‘ibot va reklama roliklarini joylashtirish uchun shu yo‘ldan samarali foydalanayotir. Internet ommalashgandan keyin ota-onalar farzandiga «Yomon bolalar bilan o‘ynama», «Yolg‘on gapirma», «O‘zingdan kattani hurmat qil», deb uqtirishi qatoriga «Internetga kamroq kir», «Falon saytga kirma» degan so‘zlarni ham qo‘shishga majbur bo‘lmoqda. Yaxshi tarbiya ko‘rgan, kitobga qiziqishi bor bola bu gaplarga amal qiladi. Lekin internet borasida ota-onaning og‘zaki chekloviga hamma bola ham birdek quloq solmasligi mumkin. Bunday paytda texnik imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadga muvofiq. Masalan, ba’zi internet provayderlari global tarmoqda uchraydigan nomaqbul axborotni blok qiladigan maxsus dastur va xizmatlarni taqdim etadi. Bizning «Ota-ona nazorati» deb nomlangan xizmatimiz ana shular jumlasidan. Bu xizmat tomonidan oilada internetga ulangan kompyuterda taqiqlangan veb-saytlar ro‘yxati har kuni avtomatik ravishda to‘ldirib boriladi. Tizim «qora ro‘yxat» tamoyili bo‘yicha ishlaydi – blok qilingan sayt kompyuterda yoki Wi-Fi bo‘yicha ulangan smartfonda ham ochilmaydi. Bola bu to‘siqni yengib o‘ta olmaydi. Bundan tashqari, tizim ba’zi saytlarga kirilganda chiqib kelaveradigan yoqimsiz, behayo reklama bannerlari va yozuvlarni ham o‘chiradi.

“UZINFOCOM” kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, «Davra.uz» milliy ijtimoiy tarmog‘i mamlakatimizda ommalashayotgan ijtimoiy tarmoqlardan biri. Mazkur tarmoq ishga tushirilganiga bir yildan oshdi. Shu vaqt oralig‘ida tarmoqdan foydalanuvchilar 16 ming 700 ga yaqinlashdi. Foydalanuvchilar mazkur tarmoq yordamida internetda sinfdoshlari, kursdoshlari, xizmatdosh yoki hamkasblarini topishi mumkin. Shuningdek, qiziqish bo‘yicha guruhlar, sahifalar tashkil etish va o‘z biznesini taklif etish uchun undan vosita sifatida foydalanish imkoniyati mavjud. Standart servislar asosida matnli axborot, fotosurat, videorolik, layk joylashtirish, sharhlash, messenjerda muloqot qilish imkoniyati yaratilgan.

Shifokor va psixologlarning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqda uzoq vaqt o‘tirish inson immun tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, o‘sish gormonining rivojlanishini cheklaydi. Ko‘rish qobiliyatini pasaytiradi. Ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketish insonning ijtimoiy ko‘nikmalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Onlayn-servislar hatto insonning tug‘ma qobiliyatlari pasayishiga ham sabab bo‘ladi.

Xalqimiz asalning ham ozi shirin, deb bejiz aytmagan. Har qanday ishda me’yorga amal qilinsa, umr ham totli bo‘ladi.

...Darvoqe, qo‘shnilarning ijtimoiy tarmoq haqidagi bahsi uzoq davom etdi. Lekin negadir men gurungga qo‘shila olmadim. Butun xayolim bolaning telefondan ko‘z uzmay o‘tirishida, butun borlig‘ini shu matohga berib o‘ylanayotganida bo‘ldi.

Mavridini topib endi yigitchaning qulog‘idan cho‘zib qo‘yaman, deb turgan edim, tashqaridan «Farhodjon, bolam...» degan ovoz keldi. Bola chopqillab hovliga chiqdi. Telefon joyida qoldi. Bir uzalib, uni qo‘limga oldim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, ekranda shaxmat taxtasi! So‘ng qandaydir xotirjam tortib, oq donalardan birini bir katak yurib qo‘ydim...

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
1 337






Все о погоде - Pogoda.uz