O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Onlayn-NKM: qulayliklar nimalardan iborat

Onlayn-NKM: qulayliklar nimalardan iborat

Bugun yurtimizda xususiy sektorni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari sonini yanada ko‘paytirish hamda ular tomonidan iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun shart-sharoitlar yaratmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda Qashqadaryo viloyatida bugun jami 19 ming 745 ta naqd pul tushumiga ega tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida ularda 6 ming 179 marotaba naqd pul tushumining haqiqiy hajmini aniqlashga qaratilgan xronometraj tadbirlari o‘tkazilgan. Ushbu tadbirlarni o‘tkazish uchun soliq idorasi xodimlari kun davomida shu tadbirkorlik sub’ektida bo‘lishi talab etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasini yanada erkinlashtirish, uning hajmini keskin oshirish, hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida aholi bilan naqd pulda, yoki bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo‘lgan ma’lumotlar almashinuvi platformasi — virtual kassalar, onlayn nazorat kassa mashinalari joriy etildi.

Endilikda tadbirkorlik sub’ektlari onlayn-nazorat kassa mashinasi yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan taqdirda ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi bo‘yicha kunlik hisobotni chiqarib olish majburiyatlari bekor qilinadi.

Shuningdek, kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat’i nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega bo‘ladi.

Ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi.

– Naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining onlayn nazorat kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish grafigiga muvofiq, joriy yilning 1 dekabriga qadar alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, avtomobillarga benzin, dezil va gaz quyish shoxobchalariga onlayn nazorat kassa mashinalari o‘rnatilishi belgilangan. Bugun viloyatda 1744 ta ana shunday tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Biz tadbirkorlik sub’ektlarida onlayn nazorat kassa mashinalari qulayligini tushuntirib kelmoqdamiz, – deydi Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i G‘anisher Karamanov.

Olib borilayotgan bu kabi islohotlar sohaga axborot texnologiyalarni joriy etib, ish sifati va samaradorligini oshirishga asos bo‘ladi.

Qashqadaryo viloyati davlat
soliq boshqarmasi Axborot xizmati

232
O‘zA