O‘zA O`zbek

22.02.2019 15:00 Chop etish versiyasi

Onlayn-muloqot nazm va navo kechasiga aylandi

Onlayn-muloqot nazm va navo kechasiga aylandi

Maʼlumotlarga koʻra, har ikki haftada sayyoramizdagi tillardan bittasi yoʻq boʻlib ketyapti. Keyingi yuz yillikda naqd ikki mingdan ziyod tilga butunlay unutilib ketish xavfi tahdid solmoqda.

Demak, tilimizni asrash, uning sofligini taʼminlash va bus-butun holda avlodlarga yetkazish, ajdodlarning boy merosini oʻrganish yoshlar oldida turgan asosiy vazifalardan sanaladi.

Namangan davlat universiteti tashabbusi bilan 21 fevral – Xalqaro ona tili kuniga bagʻishlab oʻtkazilgan onlayn-muloqotda aynan shu masalaga eʼtibor qaratildi. Unda nafaqat mazkur oliy oʻquv yurti talabalari, balki Rossiya, Ozarbayjon, Qirgʻizistondan bir guruh talabalar ham oʻz taʼlim muassasalaridagi studiyadan onlayn tarzda ishtirok etdi. Muloqotda yoshlarning ona tilini chuqur oʻrganishga qiziqishi ortib borayotgani, tilning millat maʼnaviyatini yuksaltirishdagi oʻrniga alohida urgʻu berildi.

2.jpg

– Bugungi kunda muassasamiz Rossiya Federatsiyasining bir qator oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash barobarida istiqbolli loyihalarni amaliyotga tatbiq etishga ham alohida ahamiyat qaratmoqda, – deydi Namangan davlat universiteti rektori Ulugʻbek Inoyatov. – Masalan, A.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlikda ochilgan markazimizda talabalar tilshunoslik, fizika, informatika va dasturlash yoʻnalishlarida tahsil olmoqda. Ular ongiga umuminsoniy qadriyatlarni singdirish, ona tiliga hurmatni yuksaltirish, shu bilan birga, chet tillarini oʻrganishga qiziqishini oshirish boʻyicha reja asosida ish olib borilmoqda.

7.jpg

Darhaqiqat, ilm maskanida dotsent Qodir Nosirov tomonidan “Lirik lahzalar” klubi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda ijodkor yoshlar jam boʻlib, oʻz mashqlarini boshqalar bilan oʻrtoqlashish, isteʼdodini charxlash imkoniyatiga ega. Aynan onlayn-muloqotda ular tomonidan ona yurt, ona tili haqida oʻqilgan sheʼrlar, ijro etilgan milliy qoʻshiqlar chet ellik talabalarga ham manzur boʻldi. Yoshlar masofadan gʻoyibona diydor orqali jonli muloqot qildi, oʻz yurtining urf-odat va anʼanalari, milliy qadriyatlari haqida suhbat qurdi.

Onlayn-muloqot haqiqiy mushoira, nazm va navo kechasiga aylandi. Ishtirokchilar bunday tadbirlarni muntazam yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar.

Elyor Abdulvohidov,
Namangan davlat universiteti oʻqituvchisi.

OʻzA
590