O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

Onlayn muloqot: namunali ishlar bilan birga, muammo va kamchiliklar ham aytildi

Onlayn muloqot: namunali ishlar bilan birga, muammo va kamchiliklar ham aytildi

Joriy yilning 12-13-mart kunlari Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida hududlardagi Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari faoliyatini namunali darajada tashkil etish xususida fikrlarini bildirib, ushbu kengashlar faoliyatini yangi bosqichga koʻtarishda “Xorazm tajribasi”ni yaratish hamda uni yurtimiz boʻylab ommalashtirish taklifini aytgandilar.

Oʻtgan vaqt mobaynida amalga oshirilgan ishlar, maʼnaviy-maʼrifiy sohada viloyatda qilingan islohotlar xususida maʼlumot berish hamda fikr va tajriba almashish maqsadida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishda samarali va zamonaviy yondashuvlar” mavzusida respublika ilmiy-maʼrifiy anjuman oʻtkazildi.

Boʻlib oʻtgan onlayn muloqot davomida Xorazm viloyati va uning hududiy kengashlarida amalga oshirilgan namunali ishlar eʼtirofi bilan birgalikda muammo va kamchiliklar ham roʻy-rost aytildi. Soha mutaxassislarining Yangibozor tuman kengashi tomonidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tuman boʻlinmasi mutaxassislariga yaratib berilgan shart-sharoitlar, qulaylik haqidagi fikrlari boshqa hududiy masʼullarga ibrat boʻldi.

— Viloyat, tuman, shaharlardagi Maʼnaviyat va maʼrifat kengashlari faoliyatini tashkil etishda “Xorazm tajribasi”ni oʻrganib, oʻz hududimizdagi ushbu kengashlarning yana-da samarali ishlashini yoʻlga qoʻyishda boʻlib oʻtgan onlayn konferensiyaning oʻrni katta boʻldi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Sirdaryo viloyati rahbari Gʻaybulla Yusupov. — Hamkasblar bilan doimiy muloqot ishimizning natijador boʻlishini taʼminlaydi. Xorazm viloyatida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tahlil qilib, oʻzimizga kerakli yoʻnalish va xulosalarni oldik. Kelgusida Sirdaryo viloyat kengashining faoliyatini ham mana shunday anjumanlar orqali ommalashtirishni, bu borada amalga oshirgan ishlarimizga boshqalar bilan boʻlishishni reja qildik.

Onlayn videomuloqotda aytilishicha, oʻtgan vaqt mobaynida Xorazm viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yordamida “Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli Ogahiy” asarlar toʻplami, Komil Avazning “Ogahiy” asari, Yulduz Rahmonovaning “Xiva shahri tarixi” hamda “Xiva tarixidan lavhalar”, Qurbon Muhammadrizoning 3 jildli “Abu Rayhon Beruniy” asari singari 18 nomdagi kitoblar 20 000 dan ortiq adadda chop etildi. Oʻz oʻrnida mazkur adabiyotlar tashkilot va muassasalarga tarqatildi.

— Xorazm viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi 2017-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Shu kunga qadar 8-marta kengash yigʻilishi oʻtkazilib, unda hududlardagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni samarali tashkil etishga qaratilgan 40 dan ziyod masalalar koʻrib chiqildi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyat rahbari Bekzod Abduraimov. — Shuningdek, kengash saʼy-harakati va yordami bilan viloyatdagi kitob doʻkonlar soni 47 taga, axborot-kutubxona markazlari 11 taga, kutubxonalar soni esa 643 taga yetkazildi. Viloyat Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tomonidan tashkil qilingan targʻibot tadbirlarida 10 000 dan ortiq kitoblar jamlanmalari tarqatildi. Boʻlib oʻtgan onlayn konferensiya amalga oshirgan ishlarimizni keng jamoatchilikka koʻrsatish va oldimizda turgan muammoli masalalarni birgalikda hamfikr boʻlib bartaraf etish imkonini berdi.

Dilmurod DOʻSTBEKOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Axborot xizmati mutaxassisi

1 521
O'zA