Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.06.2018 15:41 Chop etish versiyasi

ONLAYN: Birida yaxshi, birida aksi...

ONLAYN: Birida yaxshi, birida aksi...
Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir. 
Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Qo‘shma reyd davom etmoqda. Bundan oldin Jizzax viloyatidagi muzeylar holati, yo‘llar va dam olish sihatgohlarining umumiy holati yuzasidan materiallar bergan edik. Ayni paytda muxbirlarimiz viloyatning Mirzacho‘l tumani sari yo‘l oldi.

Eslatib o‘tamiz, qo‘shma reyd O‘zbekiston Milliy axborot agentligi hamda “Ishonch” gazetasi hamkorligida tayyorlanmoqda.


Jizzax shahrining markazini O‘zbekiston rivojiga munosib hissa qo‘shgan davlat arbobi Sharof Rashidovning zalvorli haykali bezab turibdi. Bu buyuk arbob nomi bilan ataladigan ko‘cha o‘zining obodligi bilan ajralib turadi.

Bu keng ko‘chaning ikki yoni zamonaviy ma’muriy binolar, savdo komplekslari va boshqa inshootlar ko‘rgan kishining havasini keltiradi. Bu, albatta, nafaqat jizzaxliklarning, balki butun O‘zbekistonning yutug‘i va yuzi.

Shu yo‘ldan faxr ila ketarkanmiz, chiroyli binolar ortida nima borligi, aniqrog‘i hayot qandayligi bizni qiziqtirib qoldi. Yo‘lni shu tomonga burdik.

Afsuski, o‘ylaganimdek bo‘ldi. Boshqa asrga o‘tib qolgandek bo‘ldik. Yo‘llar o‘ydim-chuqur, atrof notoza, ikki qavatli uylar to‘kilay deb turibdi...

Bu Jizzax shahar Zilol mahallasi ekan. Mahalladagi 1\9-uyga yaqinlasharkanmiz, yon-atrofning axlat uyimlariga to‘lgani, uy atrofidagi yerlarning qarovsiz yotgani, uyning fasad qismidagi yoriqlar va ko‘chgan suvoq izlari dilni ancha xira qildi.

Uydagi 4-xonadon eshigini taqillatdik. O‘zini Gulchehra Omonova deb tanishtirgan uy bekasini suhbatga tortdik.

Xonadon sohibasi mutasaddilar yon-atrofdagi obodonchilik ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygani, buga bosh bo‘lmayotganidan ranjishini ma’lum qildi. Uy ichida ham muammolar yo‘q emas ekan. Ichimlik suvi goh kelsa, goh kelmas ekan.

Bu muammolardan Jizzax shahar hokimligining xabari bormikan?

Jizzax shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Soyibjon Ortiqovga qo‘ng‘iroq qilib, savollarimizga javob so‘radik.

– Mazkur mahalla “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan. Bu yerda obodonchilik ishlari 2019 yilda amalga oshiriladi, – dedi S.Ortiqov.

– Shu vaqt kelguncha odamlar shu ahvolda yashayveradimi?

– Yo‘q, albatta. Kamchilikni tuzatishga harakat qilamiz. 2019 yilni kutmasdan boshqa imkoniyatlarni ishga solib, aholiga qulaylik yaratishga harakat qilamiz.

Ha, hech bo‘lmasa mutasaddilar kamchilikni tan olib, uni bartaraf etishga va’da bermoqda. Bu ham bir mas’uliyat, albatta.

Lekin istagimiz Prezidentimiz aytganidek, xalqimiz kelajakda emas, bugun yaxshi sharoitda yashasin.

Norgul Abduraimova, O‘zA
1 856