O‘zA O`zbek

01.08.2018 11:03 Chop etish versiyasi

ONLAYN: Andijonda test sinovlari boshlandi

ONLAYN: Andijonda test sinovlari boshlandi

Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi bugun ertalab 8.00 dan Andijon viloyatida ham oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun test sinovlari boshlandi.

– Joriy yilda viloyatdagi to‘rtta oliy o‘quv yurtiga 47 ming 432 nafar yigit-qiz talaba bo‘lish niyatida hujjat topshirgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat test markazi Andijon viloyati bo‘limi rahbari Husniddin Aliyev. – Ular 64 bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 3 ming 390 talaba o‘rni uchun o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi. Albatta, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha eng bilimdon yoshlar talabalik baxtiga sazovor bo‘ladi.

Darhaqiqat, raqamlarga e’tibor qaratilsa, viloyat bo‘yicha bir o‘ringa 13,9 abituriyent to‘g‘ri kelgan. Birgina Andijon davlat universitetiga 26 mingdan ziyod abituriyent hujjat topshirgan. Andijon davlat tibbiyot, mashinasozlik institutlari, shuningdek, Toshkent agrar universiteti Andijon filialida o‘qish istagidagi yoshlar ham salmoqli.

Ta’kidlanganidek, test sinovlari har yilgidan o‘zgacha tarzda o‘tmoqda. Mazkur jarayonning shaffof va adolatli o‘tishini ta’minlash uchun test sinovlari o‘tkazilayotgan Andijon olimpiya zaxiralari kollejida 2040 nafar abituriyent bir vaqtda sinov topshirishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi, bino sovitish va ventilatsiya jihozlari bilan ta’minlandi. Shuningdek, binoga 6 dona aylanma kuzatuv, 46 dona kuzatuv, 5 dona shaxsni identifikatsiya qiladigan kameralar o‘rnatildi. Test jarayoni onlayn tarzda internet orqali ko‘rsatib borilmoqda, ko‘chaga o‘rnatilgan katta ekranlarda ota-onalar, keng jamoatchilik ham jarayonni bevosita kuzatib bormoqda.

Ob-havoning issiqligi hisobga olinib, test sinovlari o‘tkazilayotgan bino oldida salqin ichimliklar savdolari, kutish va dam olish joylari tashkil etilgan.

F. Ubaydullayev, O‘zA
5 431