01.08.2018 11:13 Chop etish versiyasi

ONLAYN: 23 Nafar abituriyent imtihonga kiritilmadi

ONLAYN: 23 Nafar abituriyent imtihonga kiritilmadi

Samarqand shahridagi sportning o‘yin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi, Samarqand davlat universiteti akademik litseyi hamda Samarqand pedagogika va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji sport majmualarida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish uchun test sinovlari boshlandi.

5.JPG

Bugun kunning birinchi yarmida bu yerda Samarqand davlat meditsina institutiga hujjat topshirgan abituriyentlar test sinovi topshirishi belgilangan.

6.JPG

Davlat test markazi vakili F.Mirzayevning ma’lum qilishicha, birinchi smenada imtihon topshirishi belgilangan 3030 nafar abituriyentning 66 nafari turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida qatnashmagan. Jumladan, 23 nafar abituriyent binoga olib kirilishi ta’qiqlangan ashyolarni kiritishga uringani uchun sinovlardan chetlashtirilgan, 4 nafari kechikib kelgan. 

7.JPG

– Samarqand davlat tibbiyot institutining pediatriya yo‘nalishiga hujjat topshirganman, – deydi farg‘onalik abituriyent S.Akromjonov. – Hozirgina imtihonga kirib chiqdim. Savollar murakkab emas, darsliklarni o‘qigan kishi testni yechishda qiynalmaydi. Ichkarida barcha zarur sharoit yaratilgan. Hech qanday ortiqcha harakatlar, qoida buzilishi kuzatilmayapti. Barcha jarayonlar yuqori saviyada tashkil etilgan. Nasib etsa, albatta talaba bo‘laman.

Uchta binodagi test jarayonlarini ota-onalar mazkur hudud yaqinida joylashgan Samarqand meditsina instituti klinikasi va Siyob tibbiyot kolleji hovlisida o‘rnatilgan monitorlar orqali kuzatib bormoqda. Ushbu monitorlarda ayrim nosozliklar kuzatilganda ota-onalar vakillari test sinovlari ketayotgan binoga kirib, jarayonni bevosita kuzatib chiqish imkoniga ega bo‘ldi.

– Avvallari test o‘tkaziladigan binolarda turli xil qing‘ir ishlar bo‘lishi haqida eshitardik, – deydi samarqandlik X.Usmonov. – Lekin hozir ichkaridagi jarayonni kuzatib, bu yil test sinovlari haqiqatdan ham shaffof, adolatli o‘tayotganiga guvoh bo‘ldim. Eng bilimli, zukko yoshlar qatorida mening ham o‘g‘lim talaba bo‘lishiga ishonaman.

G‘.Hasanov, O‘zA
3 579