O‘zA O`zbek

10.12.2019 Chop etish versiyasi

Onasiga qo‘l ko‘targan kimsani qanday atash mumkin?

Onasiga qo‘l ko‘targan kimsani qanday atash mumkin?

Farg‘onada o‘z onasini kaltaklagan, notanish yigitga og‘ir shikast yetkazib, Rossiyaga qochib ketgan shaxsga sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi raisi F.Abduraimov xabar bermoqda.

Har qanday vaziyatda ham o‘zini tuta bilish, behuda janjal chiqarmaslik haqiqiy er yigitning ishi. Farg‘ona tumanilik Shuhrat Ibragimov esa buni butkul unutganlardan biri. U muqaddam o‘g‘irlik va talonchilik uchun sudlangan bo‘lsada, bundan aslo xulosa qilmadi.

Jinoyat sodir qilgan kuni ham qarindoshining to‘yidan mast holda qaytgandi. U yashash xonadonining oldida turmush o‘rtog‘i bilan turgan vaqtida shu yerdan o‘tib ketayotgan notanish yigit xotiniga tikilib qaraganday bo‘ladi. Sh.Ibragimov uni to‘xtatib nima sababdan turmush o‘rtog‘iga qaraganligini so‘raydi va yonidagi xo‘jalik pichog‘i bilan uning chap tomon qo‘ltiq qismiga bir marta sanchib olib, unga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazadi. Noxush holat sodir bo‘lgach voqea joyidan yashirinadi.

Mazkur voqeaga hech qancha vaqt bo‘lmay, u o‘z onasiga ham qo‘l ko‘tarishgacha bordi. 2015 yil 17 dekabr kuni onasi bilan oilaviy kelishmovchilik tufayli janjallashib qolgan. Onasidan muqaddam sotilgan uyning pulini talab qilib, tanasining turli joylariga o‘rtacha og‘ir, tan jarohati yetkazgan. Oqibatda onasi davolanish uchun shifoxonaga yotqizilgan.

U o‘ziga jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligini bilgach, Rossiya Federatsiyasiga ishlash bahonasida qochib ketdi hamda Moskva shahridagi kafelarning birida 2,5 yildan ortiq vaqt davomida ishlagan. Bu yerda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanib, 2019 yil 14 aprel kuni u O‘zbekistonga etap qilib yuborildi.

Sh.Ibragimovning jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilib, unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. O‘z onasini kaltaklashgacha borgan bu shaxsni nima deb atash mumkin? Sudlanuvchining onasi yaqinda bu dunyoni tark etdi. Panjara ortidagi yigit ona oldidagi haqni ado eta olarmikan endi?

1 525
M.SULAYMONOV, O‘zA