O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Ona tilimizning sofligini asrash har birimizning vatanparvarlik burchimizdir

Ona tilimizning sofligini asrash har birimizning vatanparvarlik burchimizdir

Buxoroda ham Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi qonuni qabul qilinganining oʻttiz yilligi katta tantana qilindi.

Xususan, viloyat musiqali drama teatrida ana shunday tadbir tashkil etildi. Unda nafaqat madaniyat sohasi vakillari, balki, olimlar, turli kasb egalari va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda til – millatning koʻzgusi, tuganmas xazinasi ekani, istiqlol yillarida ona tilimiz oʻz oʻrni va mavqeyiga ega boʻlgani, Konstitutsiyamizda uning huquqiy jihatlari mustahkamlab berilgani haqida toʻxtalib oʻtildi.

Oʻzbek adabiy tili boyligi uning yurtimiz har bir hududining oʻziga xos lahjalarida. Ammo bir narsani unutmaslik kerak, asarlaru sahnalarda asosan adabiy til qonun-qoidalariga rioya qilinishi hayotiy zarurat. Buning uchun jumladan, madaniyatimiz targʻibotchilaridan biri sifatida aktyorlarimiz ibrat boʻlishi lozim.

Shu oʻrinda tadbir qatnashchilaridan biri buxorolik, Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov yoshlik yillari bilan bogʻliq tilga olgan voqea eʼtiborni tortdi. Boʻlajak aktyor maktabni tugatib, Toshkent teatr va rassomlik institutiga navbatdagi kirish imtihonini topshiradi. Uni tinglab turgan usta sanʼatkor “yigitcha, Sizni institutga qabul qilolmaymiz. Hayron boʻlmang, chunki, gaplaringizda “boryapti”, “kelyapti” soʻzlari oʻrniga, nuqul “boropti”, “kelopti” kabi soʻzlarni ishlatyapsiz. Aktyor degani adabiy tilda soʻzlashishi kerak”, debdi. Shunda yosh Tesha, shevachasiga, “xay mallim, oʻqishga kirsam,tilimni taxlayman”, degan ekan. Oʻshanda domla xoxolab kulib yuboribdi. Oʻqishga kirgan buxorolik yigitchaga esa, “tilni taxlash” yaʼni adabiy tilda soʻzlashni oʻrganish darrov va oson kechmagan. Badiiy kitoblarni koʻp oʻqigan, soʻzlashishni mashq qilgan.

– Millat ruhi yashaydigan, muomala madaniyatini koʻz -koʻz etadigan ona tilimizning sofligini asrash har birimizning vatanparvarlik burchimizdir, – dedi Oʻzbekiston xalq artisti Tesha Moʻminov. – Ona tilimizning umrboqiyligi, nafosati kelajagimiz boʻlgan yoshlarga bogʻliq. Yoshlar ongiga bu noyob xazinaga muhabbat va hurmat tuygʻusini bolalikdan singdirish oila, taʼlim muassasasi hamda jamiyatning muhim vazifalari hisoblanadi.

Tadbirda “Alisher Navoiy” dramasidan sahna koʻrinishlari namoyish etildi. Viloyat sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi ham anjuman qatnashchilariga oʻzgacha koʻtariki kayfiyat bagʻishladi.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Oʻ.Barnoyev soʻzga chiqdi.

541
Erkin YODGOROV, OʻzA