O‘zA O`zbek

16.10.2019 Chop etish versiyasi

“Ona tilimizni yo‘qotsak, bir chaqaga qimmat odam bo‘lib qolamiz...”

“Ona tilimizni yo‘qotsak, bir chaqaga qimmat odam bo‘lib qolamiz...”

Bu voqeani ulug‘ ustoz Abdulla Oripov so‘zlab bergan edi:

– Bir kuni Koreyaga, butun dunyo shoirlari xalqaro anjumaniga chaqirib qolishdi. Borsak, Sovet ittifoqidan ikki kishi ekanmiz. Ruslarning mashhur shoiri Andrey Voznesenskiy va men. Ruschani uncha-muncha bilganim uchun ikkimiz hamroh bo‘lib, qadrdonlashib yurdik. Anjuman gulduros qarsaklar bilan o‘tdi. Biroz bo‘sh vaqt qolgandi, ko‘cha kezdik, magazin tomosha qildik, bozor aylandik. U-bu olamiz deb chamalab tursak, bir koreys, bir tufli ko‘tarib yurgan ekan, ko‘zimga juda chiroyli ko‘rinib, xaridor bo‘ldim. Lekin uni qanday olish kerak, narx-navosi qancha, savdoni qanday pishirish kerak. Tavakkal deb ruscha gapirib ko‘rsam, “Nima deyapsan?-” deganday “im” qoqadi. O‘zbekcha gapirsam, tushunmayapman deganday, qulog‘ini tutadi. Alay-balay deb, imo-ishora qilsam, bir payt tutaqib, baqirib ketsa bo‘ladimi, og‘zidan tupuk sachraydi, jahl qiladi, o‘qrayadi, g‘azabdan yuzlari qizarib tutaqadi, indamasang, do‘pposlaydigan vajohati bor. Nima deyishga hayronman. “Ol-e”, matohingni deb ketvoray desam, ketkazadigan shashti yo‘q. Andrey Voznesenskiy inglizchani bilar ekan, oxiri “Nima gap?”, deb inglizcha gapirib qoldi. Koreys ham erinmay bir inglizchani biladigan odamni topib keldi. U odam bizning Sovet Ittifoqidan kelgan shoir ekanimizni poyafzal sotuvchiga tushuntirdi shekilli, bir damda popugi pasayib, hovuridan tushib, cho‘kkalagancha kechirim so‘rashga tushdi. Tuflini ham qo‘ltig‘imga qisib, “Olib ketaver, olib ketaver, bepulga sovg‘a qildim”, deya imo-ishora qiladi.

Oxir-oqibat so‘rab-surishtirishimizdan keyin ma’lum bo‘ldiki, sotuvchi meni koreys deb o‘ylagan, “Nega o‘z ona tiling bo‘lgan koreys tilini unutib yubording, endi sen ham odam bo‘ldingmi, senga tufli hayf, sen xiyonatkor battolsan!” deb darg‘azab bo‘lib, mendek nobakor bolani katta qilgan ota-onamning go‘riga g‘isht qalayotgan ekan.

Andrey Voznesenskiy isyonkor, millatparvar, erkin qarashlarga moyil shoir edi. Koreysning bu xulq-atvori unga juda ma’qul keldi. Koreysning yelkasiga qo‘l tashlab anchayin yaxshi gaplar aytib yupatdi. Menga ham, “Tilni hurmat qilishni, millatni hurmat qilishni, o‘z ona tilimizni yo‘qotsak, bir chaqaga qimmat odam bo‘lib qolishimizni mana shu koreysdan o‘rganishimiz kerak ekan”, dedi. Andrey Voznesenskiy doimo sharf taqib yurar edi. Bo‘ynidagi shu sharfni yechdi-da, o‘z tiliga ehtiromi uchun, minnatdorlik tariqasida koreysga sovg‘a qilib yubordi.

Muhammad ISMOIL

1 252
O‘zA