O‘zA O`zbek

22.08.2019 Chop etish versiyasi

Ona tili va adabiyot oʻqituvchilari taqdirlandi

Ona tili va adabiyot oʻqituvchilari taqdirlandi

Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 27-umumtaʼlim maktabida pedagog xodimlar kasbiy salohiyati va mahoratini yanada oshirish, oʻtgan oʻquv yilida samarali mehnat qilgan xodimlarni, yutuqlarga erishgan oʻquvchilarni ragʻbatlantirish maqsadida xalq taʼlimi xodimlarining Avgust kengashi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda taʼlim tizimidagi islohotlar haqida maʼlumot berildi. Bu jarayonda oʻqituvchilar oldidagi vazifalar, soha xodimlari masʼuliyati haqida tushuncha berildi. Yoshlarga taʼlim-tarbiya berishda yangicha yondashuvlarni qoʻllash amaliyoti haqida fikr-mulohaza yuritildi.

Kengash doirasida seminar-treninglar ham tashkil etildi.

Xususan, “Maktabda nomoddiy madaniy boyliklarni tatbiq etish”, “Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” asarida milliy qadriyatlar masalasi”, “Xalqaro baholash tizimidagi tadqiqotlarda ishtirok etishda ona tili taʼlimining ahamiyati”, “Oʻzbek tili oʻqitishda innovatsion usullar” va “Mustaqillik darsi” mavzularida oʻqitishning yangi uslublari haqida soʻz bordi.

– Tumanimizda joylashgan umumtaʼlim maktablarida 2018-2019 oʻquv yili davomida oʻqituvchilar hamda oʻquvchilar oʻrtasida turli koʻrik-tanlovlar tashkil etildi, – dedi Mirzo Ulugʻbek tumani xalq taʼlimi boʻlimi masʼul xodimi Guliston Qodirqulova. – Buning samarasi oʻlaroq, fan olimpiadalarining shahar bosqichida 193 oʻquvchi ishtirok etdi. Ulardan 53 nafari ona tili va adabiyot fanlaridan, 25 nafari oʻzbek tili fanidan yaxshi natija koʻrsatdi.

Avgust kengashida fan olimpiadalari, bilimlar tanlovlarida gʻoliblikka erishgan oʻquvchilar va ularning ustozlari taqdirlandi.

Tadbirda PISA xalqaro baholash dasturi toʻgʻrisida ham umumiy maʼlumotlar berildi.

PISA oʻquvchilarning oʻqish, matematika va tabiiy fanlar boʻyicha savodxonlik darajasini baholash uchun moʻljallangan tadqiqot boʻlib, unda asosan 15 yoshdagi oʻquvchilar ishtirok etadi. Mazkur baholash dasturi 2000-yildan buyon har uch yilda bir marta oʻtkazib kelinadi. PISA dasturi doirasida asosan “Yoshlar kelajak hayotda duch kelishi mumkin boʻlgan toʻsiqlarni yengib oʻtishga qay darajada tayyor?”, “Oʻquvchilar ziddiyatlar sabablarini aniqlash, tahlil qilish hamda oʻz fikrlarini bildirishga qodirmi?”, “Oʻquvchilar oʻzlashtirgan bilim va koʻnikmalarini real hayotiy vaziyatlarda qay darajada qoʻllay olish qobiliyatiga ega?” kabi masalalar koʻrib chiqiladi.

1 020
Gulnoza BOBOYEVA, OʻzA