O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish masalalari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi

Ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish masalalari bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazildi

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov hamda boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov 2019 yil 4 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev rahbarligida o‘tkazilgan “2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, ommaviy sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijadorligi va bu borada amalga oshiriladigan dolzarb vazifalar“ga bag‘ishlangan videoselektor majlisida turli vazirlik va idoralar, xususan, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi oldiga qo‘yilgan aniq vazifalar yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoev raisligida 2019 yil 4 sentabr kuni o‘tkazilgan majlis bayonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan qisqagina ma’lumot bersak. Majlis bayonida 51 ta vazifa ko‘rsatib o‘tilgan va ushbu vazifalarning barchasi o‘z vaqtida bajarib borilmoqda. Bu topshiriqlarni biz sport sohasidan kelib chiqqan holda 3 ta yo‘nalishga bo‘lib olganmiz. Bu 2020 yilda Yaponiya poytaxti Tokio shahrida o‘tadigan olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida amalga oshirib boriladigan ishlar, ommaviy sportni rivojlantirish, sportchilarni saralash-seleksiya ishlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish hamda jismoniy tarbiya va sport sohasida salohiyatli kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish.

Tokioda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga qisqa muddat qolyapti. Keyingi yil iyul oyida boshlanadigan musobaqaga tayyorgarlik holatini ko‘rib chiqish va tezkor chora-tadbirlarni belgilab olish va Respublikadagi barcha vazirlik idora va tashkilotlar bilan birgalikda ushbu nufuzli musobaqaga tayyorgarlik ko‘rayotgan sportchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularni kerak bo‘lsa, otaliqqa olish, sport federatsiyalariga vazirlik va idoralarni mas’ul qilib belgilash, ularni farmokologik tomondan qo‘llab-quvvatlash, hattoki psixolog, dietolog kabi lavozimlarni joriy etishgacha bo‘lgan masalalar muhtaram Prezidentimiz huzurida ko‘tarilgan. Bu yerdagi aksariyat sportchilar, mutaxassislarimiz ushbu majlisda ishtirok etishdi va Shavkat Miromonovich Mirziyoev tomonidan sport sohasida har bir detalgacha bo‘lgan masalalarni davlat darajasida ko‘tarilgani va ijobiy hal etilgani albatta biz sport ahlini xursand qilmasdan qolmadi. O‘sha kundan keyin hammamiz sezyapmizki, barcha tashkilotlarda sportga bo‘lgan e’tibor, munosabat tubdan o‘zgardi. Bunga esa sportchilarimiz ham yuqori natijalar bilan munosib javob qaytarishmoqda, – dedi O.Kasimov o‘z so‘zida.

Tadbir davomida Tokio-2020 olimpiadasiga tayyorgarlik jarayoni hamda sport mutaxassislarini tayyorlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Shuningdek, tadbir so‘ngida mutasaddilar jurnalistlarning savollariga javob qaytarishdi. Bundan tashqari, anjumanda xalqaro maydonda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan sportchilar ham so‘zga chiqib, ularga qaratilayotgan yuksak e’tibordan mamnun ekanliklari va oldinda turgan musobaqalarda yanada yuqori natijalarni qo‘lga kiritishlarini bildirishdi.

2 017
Muhammad AMIN (surat), O‘zA