O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

09.09.2018 10:10 Chop etish versiyasi

“Ommaviy madaniyat”, bu – xalq madaniyatining maʼlum qismi emas!

“Ommaviy madaniyat”, bu – xalq madaniyatining maʼlum qismi emas!

Bugungi kunda Gʻarb matbuotida bong urilayotganidek xalq emas, balki olomon koʻp narsalarni hal qilmoqda. Davlat toʻntarishlari, inqiloblar yuz bergan mamlakatlarda buni koʻrib turibmiz. “Ommaviy madaniyat” zamonamizning dolzarb muammolaridan biri boʻlib qolmoqda.

Zamonaviy texnika va texnologiyalarning rivojlanishi tufayli “ommaviy madaniyat” ham keng tarqalmoqda. Endilikda odamlarning ayrim guruhlari anʼanaviy madaniyatni –axloq-odobni, urf-odatlarni tan olmay qoʻydi. Shu kungacha “ommaviy madaniyat”, deganda oʻzida axloqsizliklarni jamlagan behayoliklarni tushunardik. Endilikda ommaviy madaniyat qirralari iqtisodiyot, siyosat va mafkurada ham koʻzga tashlanmoqda.

Tabiiyki, “ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik, individualizm, egotsentrizm gʻoyalarini tarqatish, kerak boʻlsa, uning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik anana va qadriyatlari, turmush tarzining maʼnaviy negizlariga bepisandlik, ularni qoʻporishga qaratilgan tahdidlar odamni tashvishga solmay qoʻymaydi. Maʼlumki, olomonga boʻysunuvchi bu turdagi odamlar boshqalardan farq qiladi. Psixologlar anchadan beri olomon ruhiyatini oʻrganishga urinadi, ammo hamon uning ildiziga yetib borilmagan.

“Ommaviy madaniyat” bu xalq madaniyatining maʼlum qismi emas, balki omma, yaʼni olomonga moʻljallangan madaniyatdir. Tarixdan maʼlumki, bir guruh odamlar (olomon) tomonidan uyushtirilgan isyonlar turli mojarolarni keltirib chiqargan hamda mamlakat va xalqlar taqdirini butunlay oʻzgartirib yuborgan. Biz buni 1917-yilgi qonli inqilob, soʻngi yillarda kuzatilayotgan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi voqea-hodisalardan koʻrib-bilib turibmiz. Olomon atrofdagilarning gap-soʻzlarini deyarli qabul qilmaydi. Chunki u faqat his-hayajonga berilgan boʻladi. Faqat oʻzi tanlagan yoʻl toʻgʻri deb oʻylaydi.

Tahlilchilarning fikricha, inqirozli daqiqalarda sahnada paydo boʻladigan “ommaviy odam” oʻzini hamisha agressiv tutadi. Oʻzini har qanday madaniyatdan uzoq tutuvchi olomon hamisha xavflidir.

Hozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl maʼnaviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bogʻliq holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va koʻpchilik butun jahonda bamisoli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmoqda.

“Axborot asri” deb nom olgan hozirgi davrda axborot energiya manbalari tabiiy boyliklar qatorida strategik resursga aylanmoqda. Mutaxassislar bir ovozdan axborot taraqqiyotning bosh omiliga aylanganini qayd qilishmoqda. Bu esa axborot makonidan va ommaviy axborot vositalaridan turli kuchlarning siyosiy va geosiyosiy vazifalarni hal qilish uchun “kuch ishlatish yoʻli” bilan emas, balki boshqacha yoʻl bilan foydalanishga imkon bermoqda.

Axborotning jamiyat hayotidagi roli mislsiz darajada oʻsishini bashorat qilgan nemis faylasufi Osvald Shpengler XX asr boshlarida “Yevropa inqirozi” asarida yozganidek, bugungi kunda “jahonning ikki yoki uch gazetalari provinsial gazetalarning fikrini va ularning yordamida “xalq irodasini yoʻnaltirib” turibdi. Jurnalistlar koʻpdan beri qariyb har bir nizoning uchinchi tomoniga aylanib qoldilar.

Olimlar urushga munosabatning oʻzgarganini aytishar ekan, qurolning yangi turi kashf qilinganini taʼkidlashmoqda. Bu qurol-axborotdir. Bunday qurol yordamida insonning ongi va qalbi nishonga olinadi. Bu qurol yordamida ongga berilgan zarbalar kishini adashtiradi, uni oʻz manfaatlariga zid harakat qilishga undaydi. Shu tariqa nafaqat millat turmush tarzi, balki uning yaxshilik va yomonlik, oq va qora, savob va gunoh, rost va yolgʻon haqidagi tasavvurlari ham oʻzgaradi.

Bugungi kunda shu narsa aniq boʻldiki, davlat toʻntarishlari, inqiloblar va tashqaridan boʻlgan qurolli hujumlar oqibatida Yaqin Sharq va shimoliy Afrikadagi bir qator mamlakatlardagi vaziyat juda ham keskinlashib ketdi va juda ham kuchsiz boʻlmish markaziy hukumat boshqaruvni qoʻldan chiqardi. Buni biz Iroq, Liviya va Misrdagi koʻngilsiz voqealardan koʻrib turibmiz.

Tahlilchilarning fikricha, barqaror hukumat agʻdarib tashlangan mamlakatlardagi vaziyat yanada murakkablashgan. Bir soʻz bilan aytganda, mazkur mamlakatlarda boshboshdoqlik yuzaga kelgan.

Ayrim kuzatuvchilar vaziyatni “boshqariladigan boshboshdoqlik”(“boshqariladigan xaos”) deyishmoqda. Maʼlumki, “boshqariladigan xaos” gʻoyasi 1970-yillarda ishlab chiqilgan boʻlib, bu gʻoyaga koʻra alohida tanlab olingan mamlakatlarni milliy hukumatlar emas, balki xalqaro korporatsiya va sindikatlar boshqarishi kerak boʻladi. Bu maqsadlarga erishish yoʻlida tabiiy resurslarga boy mamlakatlarga turli tomonlardan hujumlar uyushtiriladi va bu mamlakat parokanda qilinadi yoki kuchsizlantiriladi. Mazkur mamlakatlarda fuqarolarning hukumatga qarshi chiqishlari uyushtirilib, fuqarolar urushi keltirib chiqariladi. Natijada hukumat nima qilishini bilmay qoladi. Oqibatda hukumat oʻzgargan mamlakatlarda koʻrib turganimizdek ijtimoiy inqiroz, ocharchilik, talon-torojlik yuz beradi. Toʻqnashuvlardan charchagan aholi esa uy-joylarini tashlab ketishga majbur boʻladi. Boʻlaklarga boʻlingan hududlar esa maʼlum klanlarning qurolli guruhlari tomonidan nazorat qilinadi.

Misollarga murojaat qiladigan boʻlsak, tahlilchilarning fikricha, Liviyadagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Bularning hammasi inqilob samarasidir, deyishmoqda kinoya bilan ayrim ekspertlar. “Biz Kaddafiy ustidan gʻalaba qozondik, biroq mamlakatda olti million Kaddafiy bor”, deyishadi liviyaliklar. Demak, olti million kishining qoʻlida qurol, hukumat faoliyati sust ekan, oʻzingizni xohlang Kaddafiy, xohlang Bin Laden deb eʼlon qilishingiz, bosh vazirni hibsga olishingiz mumkin. Ayrim tahlilchilar, “sharq nozik masala” ekanini taʼkidlashar ekan, Liviyada poytaxtdan tashqarida hukmronlik qilishga kuchi yetmayotgan nomigagina hukumat mavjudligini eslatib qoʻyishmoqda. Chunki Muammar Kaddafiy oʻlimini qarsaklar bilan qarshi olgan xalqni boqish hukumatning birdan bir vazifasi ekanini endi anglab yetishdi. Hukumat esa nafaqat xalqni boqishga, balki mamlakat xavfsizligini taʼminlashga ham qurbi yetmayapti. Muammar Kaddafiy davrida 7 litr benzinni atigi bir dollarga xarid qilgan, oʻrtacha 700 dollorpensiya olgan liviyaliklar bugungi kunda yoqilgʻi topa olmay, oʻz vaqtida nafaqa ololmay boshlarini changgalab qolishgan. Taʼlim, hatto oliy taʼlim ham liviyaliklar uchun deyarli bepul edi. Endilikda bularning hammasi tushga aylandi. Diktaturani agʻdarish shiori bilan amalga oshirilgan demokratik harakatlar Liviyani bir necha oʻn yil orqaga uloqtirib tashladi. Boshqariladigan xaos mafkurachilaridan biri Stiven Mann ochiqchasiga yozganidek, boshqariladigan boshboshdoqlik ayrim Gʻarb davlatlari milliy manfaatlariga mos keladi.

Hozir urfga kirgan “Psixologik urush” metodlari yangilik emas. Eramizdan avvalgi 6 asrda yashab oʻtgan xitoylik sarkarda Sun Szi psixologik urushning mohiyatini oʻz qoʻllanmalarida ochiq-ravshan qilib ifodalab bergan. “Dushmaningiz mamlakatidagi hamma yaxshi narsani parokanda qiling”, deb yozar ekan Sun Szi “dushman rahbarlarining obroʻsini toʻking va payti kelganda ularni jamoatchilik oldida izza qiling. Shu maqsadda eng qabih va razil odamlar bilan hamkorlikdan foydalaning”, deb maslahat beradi.

Har qanday hukumatning ishiga barcha vositalar bilan xalal berayotganlarning razil va qabih ekanligini homiylar juda yaxshi bilishadi. Lekin aslo “senlar qabih va razil boʻlganingiz uchun sizdan foydalanayapmiz”, demaydi. Ortiqcha gapning, toʻgʻrirogʻi, sir ochilib qolishning kimga keragi bor?!

Bu dunyoda tabiatda ham, jamiyatda ham boʻshliq boʻlmaydi. Qayerdadir boʻshliq paydo boʻldimi, hech shubhasiz, uni albatta kimdir toʻldirishga harakat qiladi.

Hozirgi kunda ana shunday maʼnaviy boʻshliqni toʻldirishga urinadigan, shuning hisobidan oʻzining gʻarazli maqsadlarini amalga oshirishni oʻylab yurganlar koʻp. Ming afsuski, bu kuchlarning asl qiyofasi, maqsad muddaolari va imkoniyatlarini toʻla va aniq-ravshan tasavvur qilish oson emas. Nega deganda, ular turli niqoblar, jozibali shior va gʻoyalar pardasi ostida ish koʻradi. Bunday kuchlarning ixtiyorida juda katta moddiy, moliyaviy resurslar va imkoniyatlar mavjud boʻlib, ularning puxta oʻylangan, uzoq va davomli yovuz maqsadlariga xizmat qilmoqda.

Eng yomoni – bunday xurujlarning pirovard oqibati odamni oʻzi tugʻilib oʻsgan yurti va xalqidan tonishga, vatanparvarlik tuygʻularidan mahrum etishga va hamma narsaga loqayd boʻlgan shaxsga aylantirishga qaratilganida namoyon boʻlmoqda.

Bunday tajovuzkorona harakatlar bizlar uchun mutlaqo begona mafkura va dunyoqarashni avvalo begʻubor yoshlarning qalbi va ongiga singdirishga qaratilgani bilan ayniqsa xatarlidir. Haqiqat va xolislikdan yiroq boʻlgan, faqat gʻarazli siyosiy manfaatlarni koʻzlaydigan bunday qarashlar hech kimga naf keltirmaydi va hech kimning obroʻsiga obroʻ qoʻshmaydi.

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA